Jahon | 16:33 / 11.10.2022
7772
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi: Ukraina urushda burilish yasadi, Rossiya qo‘shinlari holdan toygan

Foto: EPA

Ukraina urushning borishini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi, Rossiya qo‘shinlarining imkoniyatlari esa «tugagan», deb hisoblaydi Britaniya hukumati aloqa markazi (elektron razvedka hamda hukumat organlari va armiya ma’lumotlari himoyasi uchun mas’ul bo‘lgan maxsus xizmat) rahbari Jyeremi Fleming.

«Biz bilamiz — va joylardagi rossiyalik komandirlar ham bilishadi — ularning zaxiralari va o‘q-dorilari tugamoqda», — deya Flemingning bayonotidan iqtibos keltiradi BBC News.

U Rossiyaning Ukrainadagi urush uchun xarajatlari (odamlar va texnika bo‘yicha yo‘qotishlari) — «hayratlanarli» darajada, Rossiya qo‘shinlari bosqinning ilk davrida erishgan muvaffaqiyatlar hozirga kelib bekor bo‘lmoqda.

Fleming, shuningdek, RF prezident Vladimir Putinning urush boshlash bo‘yicha qarori noto‘g‘ri bo‘lib chiqqani va buni kuch tuzilmalaridagilar ham, Rossiya aholisi ham tushunib yeta boshlashganini ta’kidlagan. «Ular Putin vaziyatni naqadar noto‘g‘ri baholaganini ko‘rib turishibdi», — deb hisoblaydi u.

U rossiyaliklar safarbarlikdan qochishga majbur bo‘layotgani, endi xorijga erkin safar qila olmasligi va endi zamonaviy texnologiyalar va global tendensiyalardan foydalanish imkoni keskin cheklanishini anglab turishganini qayd etgan.

  • 24 fevral kuni Rossiya qo‘shini Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagandi. Ular qator yirik shaharlarni egallagan va Kiyevga yaqinlashgandi. Mart oyi oxiriga kelib RF mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylarning asosiy vazifasi «Donbassni ozod etish» bo‘lishini ma’lum qilib, qo‘shinlar Ukraina shimolidan olib chiqildi. Rossiya armiyasi 2022 yil yozida ukrain qo‘shinlarini Donetsk va Luhansk oblastlarining katta qismidan siqib chiqardi, ammo avgust-sentabr oylarida Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatli qarshi hujum boshladi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid