O‘zbekiston | 16:57 / 11.10.2022
10909
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bankomatlardan naqd pul olish komissiyasiz bo‘lishi haqida mish-mishlar tarqaldi – xabar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda bankomatlardan naqd pul yechish foizsiz bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz so‘roviga binoan Markaziy bank «bunday muhokamalar bo‘lmagani»ni ma’lum qildi. Aniq bo‘lishicha, bu xabar  moliya vazirligidagi yig‘ilishda bankomatlar masalasi ko‘tarilgach tarqalgan. Iqtisodchilar bu qaror xalqqa aksincha zarar bo‘lishini aytib chiqishdi. 

Foto: KUN.UZ

11 oktyabr kuni tarmoqlarda O‘zbekistonda bankomatlardan naqd pul yechish komissiyasi 0 foiz bo‘lishi haqida xabarlar tarqala boshladi.

Bir necha yildan beri aksar o‘zbekistonliklar, nega o‘z pulimizni olishimiz uchun komissiya to‘lashimiz kerak, degan savolni qo‘yib kelayotgani sababli bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va muhokamalar boshlandi.

Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Markaziy bank matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, bunday muhokamalar hatto bo‘lmagan ham.

Iqtisodchi Shuhrat Qurbonov mish-mishlar 11 oktyabr kuni moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan keyin tarqalganini, biroq muhokamalar komissiyalar doirasida emas, balki bankomatlarni rivojlantirish va infratuzilmani kengaytirish zarurati doirasida bo‘lganini yozdi.

«Asosiy vazifa komissiyalarni «nol» qilish emas, balki xizmatlar hajmini oshirishdir.

Komissiya to‘lovlariga kelsak, shuni eslatib o‘tmoqchimanki, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tariflar banklarning o‘zlari tomonidan belgilanadi»,– deb yozdi iqtisodchi.

 «Nol»lashtirilgan komissiya xalqning zarariga ishlaydi

Mish-mishlar bahonasida aksar o‘zbekistonliklar uchun muhokamali mavzuga aylangan «nollashtirilgan» komissiya mavzusi yana ko‘tarildi. Iqtisodchilar nima sababdan banklar komissiyasiz xizmat ko‘rsatishi xalqqa zarar bo‘lishi haqida yozishdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bankomatlar komissiyasi nol bo‘lgan paytdagi O‘zbekistondagi ahvolni eslatdi.

«V bilan boshlanadigan imtiyozli konvertatsiya huquqiga ega kontora firma bo‘lardi. 50 yevrolik terminalni 500 yevroga, 50 sentlik kartani 5 yevroga sotardi. Hamma shu kontoradan olishga majbur edi. Jamlangan pullar va marja tabiiyki chetga haydalardi (Latviyadagi butun boshli o‘zbek mahallalari, London, Parij va Dubaydagi kvartiralar, qasrlar havodan paydo bo‘lmagan). Tabiiyki, o‘n karra qimmatlashtirilgan butun xarajat keyin boshqa xizmatlar ustiga sochib yuborilardi. Bankomatda naqd pul yechish bepul, lekin bankomatga hech bir bank pul qo‘ymasdi, bankomatdan hech kim pul yechmasdi. Kimga naqd pul kerak bo‘lsa, qancha foizga, qayerdan yechib olishni yaxshi bilardi», – deb yozdi u.

Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov moliya vazirligiga tayanib xabar qilishicha, davlat banklari aksiyadori bo‘lgan tijorat banklari kartalaridan bankomatlarda naqdlashtirish komissiyasi bekor qilinishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Vazirlik mutaxassislarining fikricha, komissiya bekor qilinsa, banklar bankomatlar tarmog‘ini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lmay qoladi. Ayniqsa, olis hududlarda bankomatlar shundoq ham zararga ishlaydi, sababi sarf-xarajati ko‘p.

Tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rovnomalardan birida 4 mingdan ziyod kishi ishtirok etgan va ularning 63 foizi bankomatlarning 1%lik komissiya to‘lovi bekor qilinishini ijobiy baholagan.

Twitter’da ushbu mazmundagi xabarlar izohida bu yomon xabar ekanligi, banklar xarajatlarini qoplay olmasligi, natijada bir-ikki oydan keyin bankomatlarda pul bo‘lmasligi haqida fikr bildirgan foydalanuvchilar ham bor.

Mavzuga oid

E`lonlar