4 yanvar kuni O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) Toshkent shahridagi avtobuslarda 2025 yil 1 yanvardan boshlab yo‘lkirani naqd pulda to‘lash amaliyoti tugatilishiga oid rasmiylar bilan intervyu e’lon qildi. Unda Transport nazorat inspeksiyasining poytaxt hududiy bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyev naqd pulda to‘lov qiluvchilar jarimaga solinishini aytib o‘tgan. (Hozirda xabar tahrir qilinib, chiptasiz yo‘lovchilar jarimaga solinishi qayd etilgan – tahririyat)
Nishonboyev naqd to‘lovlarni qabul qilishda haydovchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham ma’muriy javobgarlik nazarda tutilganini eslatgan. Inspektor intervyuda bunday holatlarda dastlab yo‘lovchilar va haydovchilar ogohlantirilishi, keyin esa ular MJtKning 144 (Chiptasiz sayohat) va 145 (Yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) moddalari bo‘yicha jarimaga tortilishini ta’kidlagan. Chiptasiz sayohat qilganlik uchun jarima BHMning 1/10 qismini yoki 37,5 ming so‘mni tashkil etishi qayd etilgan. Kun.uz ham O‘zA bergan ma’lumotlarga tayanib ushbu xabarni e’lon qilgandi.
Mas’ulning bu chiqishi tarmoqlarda turli e’tirozlarni keltirib chiqardi. Transport vazirligi esa Kun.uz'ga inspeksiya vakili adashib xato ma’lumot berganini ma’lum qildi.
Shuningdek, vazirlik o‘zining Telegram'dagi kanalida rasmiy munosabat bildirib, naqd pulda to‘lov qiluvchilar jarimaga tortilishini rad etdi.
“Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkent shahar avtobus yo‘nalishlarida naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi to‘g‘risida asossiz ma’lumotlar joylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 144-moddasida yo‘lovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurishi — BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan”,– deyiladi rasmiy munosabatda.
Sodda qilib tushuntirilsa, bundan keyin avtobusda chiptasiz harakatlangan shaxslar 37,5 ming miqdorida jarimaga solinadi.















