Putin Qrim ko‘prigidagi portlash, safarbarlik va Bayden bilan muzokaralar haqida gapirdi
MDH davlat rahbarlari kengashining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidan so‘ng Vladimir Putin matbuot anjumanida so‘zga chiqdi, unda ko‘plab masalalar ko‘tarildi.
RF prezidentiga safarbarlik muammolari va muddatlari, Ukrainadagi harbiy amaliyotlar, AQSh prezidenti Jo Bayden bilan ehtimoliy muzokaralar haqida savol berildi.
Safarbarlik haqida:
– Ukrainadagi to‘qnashuv chizig‘i uzunligi 1,1 ming kilometrni tashkil etadi, uni faqat kontraktchi harbiy xizmatchilar bilan ushlab turishning iloji yo‘q, shuning uchun safarbarlik e’lon qilindi;
– Hozir 222 ming kishi safarbar etilgan. Ikki hafta ichida barcha safarbarlik tadbirlari yakunlanadi. Yangi chaqiruv rejalashtirilmagan, Mudofaa vazirligidan safarbarlik bo‘yicha yangi takliflar kelib tushmagan;
– Safarbar qilinganlarning 33 ming nafari harbiy qismlar tarkibiga kiritilgan, ulardan 16 ming nafari jangovar topshiriqlarni bajarmoqda;
– Barcha safarbar etilganlar majburiy harbiy tayyorgarlikdan o‘tishlari shart.
Ukrainadagi harbiy harakatlar haqida:
– Ayni paytda Ukrainaga yangi ommaviy zarbalar berishga ehtiyoj yo‘q, Rossiya harbiylari oldida boshqa vazifalar turibdi;
– Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi raketa hujumlarining dastlabki to‘lqinida «barcha zarur obektlar»ga zarba bera olmadi va hozir zarba berish jarayoni «yakunlanmoqda»;
– Rossiya o‘z oldiga Ukrainani yo‘q qilish vazifasini qo‘ymagan;
– Ukraina hukumati rus qo‘shinlari Kiyev ostonasini tark etishi bilanoq muzokaralar olib borish istagini yo‘qotdi. Rossiya har doim muzokaralar uchun ochiq ekanini aytib keladi.
Qrim ko‘prigidagi portlash haqida:
– FXX (FSB) ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi moddalar Odessadan dengiz orqali yuborilgan, ammo don tashuvchidan foydalanilganmi yoki yo‘qmi hozircha ma’lum emas. Hozircha bu savolga javob yo‘q. Agar don tashish yo‘lagidan teraktlar tayyorlash uchun foydalanilgani aniqlansa, bu g‘alla bitimini shubha ostiga qo‘yadi, ammo hozircha bunday ma’lumot yo‘q.
Bayden bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyati haqida:
– Men bilan suhbatga tayyor yoki yo‘qligini Baydenning o‘zidan so‘rashimiz kerak. Hozircha muzokaralarga ehtiyoj sezmayapman. U yerga [G20 sammitiga] borishim masalasi hali to‘liq hal etilmagan.
Moskvada Ukraina musiqasini tinglagan erkakning hibsga olinishi haqida:
– Biz rus madaniyatini yo‘q qilishga bo‘lgan urinishlardan achchiqlanamiz va shu yo‘ldan bormasligimiz kerak. Agar Ukraina rahbariyati natsizmni qo‘llab-quvvatlash mumkin deb hisoblasa, buning Ukraina madaniyatiga hech qanday aloqasi yo‘q.
«Biror narsadan afsuslanasizmi?» degan savolga javob:
«Yo‘q. Bugun sodir bo‘layotgan voqealar, yumshoq qilib aytganda, yoqimsiz. Ammo biz baribir keyinroq, o‘zimiz uchun yomonroq sharoitda shunday holatga tushgan bo‘lardik. Shuning uchun biz to‘g‘ri va o‘z vaqtida harakat qilyapmiz».
Avvalroq, MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida Putin davlat rahbarlarini har qanday mojaro va kelishmovchiliklarni hal qilishda «yaxshi niyat» bilan ish tutishga chaqirgan edi. Shu bilan birga, u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqida gapirmadi, bunda o‘n minglab tinch aholi va harbiylar halok bo‘ldi.
«MDH doirasidagi munosabatlar ijobiy bo‘lsa-da, afsuski, ba’zida kelishmovchiliklar va nizolar paydo bo‘lmoqda. Albatta, qayerda paydo bo‘lishidan qat’i nazar, biz yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘lini topishga harakat qilishimiz kerak. Yaxshi niyat, menimcha, hammada bor, biz bu xayrixohlikdan maksimal darajada foydalanishimiz kerak», dedi Putin.
U vositachilik sa’y-harakatlarini amalga oshirayotgan barcha mamlakatlar Rossiya Federatsiyasi tomonidan olqishlanishini qo‘shimcha qildi, «agar ular vaziyatni tinchlantirishga, mojarolarning barcha ishtirokchilari manfaatini hisobga olinishiga xizmat qilsa». Rossiya rahbari «AQSh va Yevropadan hamkorlar»ni ham tilga oldi.
Putin yil oxirida Sankt-Peterburgda MDH davlatlarining barcha rahbarlari ishtirokida norasmiy uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.
Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tgan sammitda Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston prezidenti ishtirok etdi.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
17:53 / 23.11.2024