Jahon | 15:36 / 15.10.2022
12366
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya universitetlaridan birida armiyaga borishni kechiktirish uchun sertifikat sotilgani aniqlandi

«Sinergiya» xodimlari orasidan noma’lum shaxslarga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovning fikricha, 800 ga yaqin odam safarbarlikni kechiktirish uchun sertifikat sotib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: Yandeks

«Sinergiya» xususiy universiteti rahbariyati Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun safarbarlikni kechiktirish maqsadida universitetga qabul haqidagi soxta guvohnomalarni sotish holatlarini aniqladi, deb xabar berdi RIA «Novosti» agentligiga 14 oktyabr, juma kuni «Sinergiya» matbuot xizmati. 

«Moskva» agentligining prokuratura va IIVdagi manbalariga tayanib xabar berishicha, universitet xodimlari orasidan noma’lum shaxslarga nisbatan xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik qilish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va tergov boshlangan. «Universitetda shunday sertifikat berish uchun 180 ming rubl undirilgani aniqlandi», — deya suhbatdoshlaridan birining so‘zlarini keltiradi «Moskva». Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 800 dan ortiq odam sertifikat olishga muvaffaq bo‘lgan. 

«Sinergiya» ma’muriyati sertifikatlarni kim rasmiylashtirgan bo‘lishi mumkinligini allaqachon aniqlaganini ma’lum qildi. Universitet binolari va uning xodimlari tintuvdan o‘tkazildi, xavfsizlik kuchlari hujjatlarni musodara qildi, deb yozadi «Kommersant’» gazetasi. 
 
2022 yil 21 sentabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin «qisman safarbarlik» e’lon qilib, faqat ayrim toifadagi fuqarolarni Ukraina bilan urushga chaqirishga va’da berdi. Biroq, Rossiyadan kelgan ko‘plab xabarlarga qaraganda, «qisman safarbarlik» aslida ommaviy xususiyatga ega. Qurolli kuchlar safiga tayyorgarlik ko‘rmagan fuqarolar, jumladan, sog‘lig‘ida muammosi bor fuqarolar chaqirilyapti. 

Ko‘plab erkaklar, asosan yoshlar, mamlakatni tark etishga harakat qilishyapti yoki boshqa yo‘l bilan chaqiruv qog‘ozini olmaslikka urinishyapti.

Mavzuga oid