O‘zbekiston | 11:23 / 17.10.2022
6596
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilyapti

Foto: Kun.uz

“Oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

  • oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini joylashtirish va o‘quv xonalarini ta’lim dasturlarida qayd etilgan fanlar bo‘yicha jihozlash tasarrufida rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga yuklatiladi;
  • Mudofaa vazirligi oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarini qurol-aslaha, harbiy texnika va harbiy-texnik anjomlar bilan ta’minlaydi;
  • oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarini belgilangan normadagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, pul ta’minoti, shtatdagi lavozimlarga tayinlangan ishchi va xizmatchilarni pul bilan ta’minlash uchun mablag‘lar tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari tomonidan ushbu oliy ta’lim muassasalarini saqlash bo‘yicha nazarda tutilgan budjet mablag‘lari doirasida ajratiladi.

Oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari o‘z maqomiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tenglashtiriladi.

OTM talabalari harbiy tayyorgarligi - qurolli kuchlar uchun rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash maqsadida tashkil etiladigan va harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘tkaziladigan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, o‘quv yig‘ini, yakuniy davlat attestatsiyasi va vatanga qasamyod qabul qilish jarayonida amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlardan iborat.

OTM kunduzgi bo‘limda o‘qiyotgan erkak talabalar, tibbiy OTM talabalari jinsidan qat’iy nazar harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi (o‘qishga jalb qilinadigan xotin-qiz talabalar soni umumiy talabalar soni 10 foizidan oshmasligi kerak).

Harbiy tayyorgarlikka 27 yoshgacha (o‘qishga qabul qilingan yili mazkur yoshga to‘lgan) bo‘lgan, salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli va saralash tanlovidan o‘tgan talabalar jalb etiladi.

Harbiy-hisob ixtisosliklari bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturi talabalar harbiy tayyorgarligi asosiy hujjati hisoblanadi.

OTM rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari Mudofaa vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda belgilanadi.

Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida OTM talabalari orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash quyidagicha tashkil etiladi: “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan harbiy ta’lim fakultetlarida - bir yil, 2-kursda; tibbiy OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasida - 2 yil davomida, 3 va 4-kursda; qolgan OTM harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida - bir yil, 3-kursda.

Mavzuga oid