O‘zbekiston | 11:36 / 17.10.2022
9589
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga tashrif buyuradi

Joriy yilning 20-21 oktabr kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga tashrif buyuradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu haqda 16 oktyabr kuni Turkmaniston prezidenti raisligida o‘tkazilgan mamlakat vazirlar mahkamasining navbatdagi yig‘ilishi chog‘ida ma’lum bo‘ldi.

Yig‘ilishda vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov O‘zbekiston prezidentining Turkmanistonga 20-21 oktyabr kunlariga mo‘ljallangan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi. 

«Mustaqil betaraf vatanimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri qo‘shni davlatlar bilan samarali aloqalarni mustahkamlash va kengaytirishdan iborat. Ular orasida Turkmaniston bilan keng ko‘lamli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirayotgan O‘zbekiston ham bor. O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda tashrif dasturi loyihasi tayyorlanib, uning davomida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi ko‘zda tutilgan», — deyiladi xabarda. 

Hisobot yakunlari bo‘yicha Serdar Berdimuhamedov ikki xalqning tarixiy rishtalari va umumiy ma’naviy-madaniy qadriyatlariga asoslangan Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlaridagi o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik xarakterini ta’kidladi. Asrlar davomida shakllanib kelgan bu ezgu an’analar zamonaviy davrda ham o‘z mazmunini muttasil boyitib, munosib davom ettirilayotgani ta’kidlandi.

Ikki tomonlama formatda samarali hamkorlikni rivojlantirayotgan Turkmaniston va O‘zbekiston bir-birini qo‘llab-quvvatlab, BMT va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasida ko‘p tomonlama asosda konstruktiv hamkorlik qilmoqda. Oliy, hukumat va idoralar darajasidagi muntazam aloqalar davlatlararo hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, uning salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. 

Shu munosabat bilan Turkmaniston rahbari bosh vazir o‘rinbosari, Tashqi ishlar vazirligi rahbariga O‘zbekiston prezidentining mamlakatga bo‘lajak rasmiy tashrifi va uning doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni yuqori tashkiliy saviyada o‘tishni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. U strategik xususiyatga ega bo‘lgan o‘zaro manfaatli Turkmaniston-O‘zbekiston hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi oliy darajadagi muzokaralarning ahamiyatini qayd etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid