Xerson uchun jang. Aholidan ketish so‘ralmoqda
Xersonning Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati Ukrainaning yangi yurishi boshlanayotganini ma’lum qildi. Mahalliy rasmiylar Dneprning chap sohiliga evakuatsiya qilinmoqda.
Xerson aholini Dneprning o‘ng sohilidan chap sohiliga evakuatsiya qilish boshlandi. Bu jarayon ukrainlar armiyasining qarshi hujumi fonida va Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari qo‘mondoni Sergey Surovikinning Xerson bo‘yicha «nooddiy qarorlar» qabul qilinishi istisno etilmasligi fonida yo‘lga qo‘yildi.
Xerson oblastining bosqinchilar tomonidan tayinlangan hukumati ham chap sohilga ko‘chib o‘tmoqda, hukumat evakuatsiyani «tartibli ko‘chirish» deb atadi. Bu bir necha o‘n ming aholini qamrab oladi.
«Biz taxminan 50-60 ming kishini chap sohilga olib o‘tishni rejalashtirganmiz, undan keyin esa kim istasa Rossiya Federatsiyasining boshqa regionlariga ketishi mumkin», dedi Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki kunda besh mingdan ortiq kishi Xersonni tark etgan.
«Chap sohilda odamlar ma’lum muddat qolishi mumkin bo‘lgan joylar hozirlangan. Chunki ular hali ham bu vaqtinchalik deb hisoblaydilar. Biz barchamiz bu vaqtinchalik ekaniga ishonamiz - harbiylarimiz oldida turgan harbiy vazifalarni bajarish davri», deya qo‘shimcha qilgan u «Solovev.Live» shousi efirida.
Bundan oldinroq Xerson oblasti «ma’muriyati rahbari o‘rinbosari» Kirill Stremousov Ukrainaning yangi hujumi boshlanganini e’lon qilgandi. «Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastining Novaya Kamenka – Berislav yo‘nalishi bo‘yicha hujumga o‘tdi. <…> 128-tog‘-shturmchi brigadasining ikki bataloni va 17-brigadaning tank bataloni», dedi u.
«Tez orada Xerson uchun jang boshlanadi. Tinch aholiga keraksiz xavf-xatarga duchor bo‘lmaslik uchun, iloji bo‘lsa, yaqinlashib kelayotgan shafqatsiz jangovar harakatlar hududidan ketish tavsiya etiladi», deya qo‘shimcha qildi u va aholidan uning so‘zlarini jiddiy qabul qilishni so‘radi.
Saldoning talqiniga ko‘ra, odamlar suv toshqini xavfi tufayli olib ketilmoqda, bu Kaxova GESga zarba berilgan taqdirda ro‘y berishi mumkin, shuningdek, mudofaa istehkomlari tiklash zarurati ham tinch aholi vakillari ketishini talab etadi.
Oktyabr oyi boshida ukrain qismlari rossiyaliklarning Dneprning o‘ng sohilidagi mudofaasini yorib o‘tgan hamda Berislav yo‘nalishida va Kaxova GES tomon harakatlana boshlagandi. Natijada Xersonda joylashtirilgan Rossiya qo‘shinlari qurshovga tushishi xavfi reallashgan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak evakuatsiya haqidagi xabarlarni faylasuflarcha izohladi: «Xerson annexia qilingani haqida dabdaba bilan e’lon qilinganiga, Qizil maydondagi tantanali konsertga va «goyda» qichqiriqlariga bir oy ham bo‘lmasdan o‘zini o‘zi «shahar ma’muriyati» deb e’lon qilganlar… Ukraina sudidan qochib, tantanali ravishda evakuatsiya qilmoqda. Agar siz xayolot dunyosida yashasangiz, reallik og‘riqli bo‘lishi mumkin».
Ukrainaning Xerson, Zaporojjya, Donetsk va Luhansk oblastlarining egallab olingan qismlari oktyabr oyi boshida Rossiya tarkibiga qo‘shib olingandi. RF prezidenti Vladimir Putin 30 sentabr kuni ushbu hududlarni qo‘shib olish to‘g‘risida kelishuvlarni imzolagan, keyin Rossiya parlamenti ularni mamlakat tarkibiga qo‘shish haqidagi konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilgandi.
50 kg yuk va sms-ogohlantirishlar
Xerson oblasti aholisiga hududni tark etish tavsiya etilishi to‘g‘risida Vladimir Saldo 13 oktyabr kuniyoq e’lon qilgandi. Shundan keyin Rossiya vitse-premeri Marat Xusnullin Xerson oblasti aholisining bir qismini olib chiqish dasturi ishga tushirilgani haqida xabar qildi va «barcha tekin turar joy bilan ta’minlanishi»ni va’da qildi, yangi joyda qolishga qaror qilganlarga turar joylar berilishi ma’lum qilindi.
Bir hafta ichida mahalliy rasmiylar tavsiyalardan amaliy harakatlarga o‘tishga ulgurdi.
Chorshanba kuni region aholisi «aholi yashash kvartallari Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishi mumkinligi tufayli» zudlik bilan ketish kerakligi haqida sms-xabarlar ola boshladi. Xersonda uyma-uy yurib, aholidan ketishni iltimos qila boshlashdi.
Istilo ostidagi ma’muriyatning telegram-kanalida evakuatsiya bo‘lishni istovchilar uchun ko‘rsatmalar e’lon qilingan. Odamlarga ko‘pi bilan 50 kg yuk (2-3 kunlik oziq-ovqat va shaxsiy buyumlar), shuningdek shaxsiy hujjatlar, pul, gadjetlar va dori-darmon olishga ruxsat etiladi, shu bilan birga barcha sumkalarga egasining shaxsiy ma’lumotlari yozilgan yorliqlar yopishtirilishi kerak. Bunday «evakuatsiya»dan bosh tortish imkoni bor-yo‘qligi noma’lum. Saldoning aytishicha, Xerson va shahar atrofini aholining 40 foizi tark etib ulgurgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda «oilani saqlab qolish» uchun Dneprning chap sohiliga o‘tishga chaqirilgan varaqalar suratlari tarqaldi.
Chekinishsiz «nooddiy qarorlar»?
Ommaviy evakuatsiya boshlanishidan oldinroq Xerson oblastidagi murakkab vaziyat haqida kutilmaganda Rossiyaning Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlarining yangi tayinlangan qo‘mondoni Sergey Surovikin aytib o‘tgandi.
«Xerson aholisi uchun murakkab vaziyat yuzaga kelgan - Antonov ko‘prigi va Kaxova GES to‘g‘oni HIMARS reaktiv snaryadlaridan shikastlangan, ular bo‘ylab harakatlanish to‘xtatilgan, oziq-ovqat yetkazib berish qiyinlashgan, suv va elektr bo‘yicha muammolar bor», degandi Surovikin.
«Xerson shahri bo‘yicha bundan keyingi rejalarimiz va harakatlarimiz harbiy-taktik vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Takror aytaman, vaziyat bugungi kunda juda qiyin. Har qanday holatda ham biz tinch aholi va harbiy xizmatchilarimiz hayotini maksimal darajada saqlab qolish zaruratidan kelib chiqamiz. Biz ongli ravishda, o‘z vaqtida, oddiy bo‘lmagan qarorlar qabul qilinishini istisno etmagan holda harakat qilamiz», degan general.
Ammo Vladimir Saldo «hech kim Xersonni Ukraina qurolli kuchlariga topshirishni rejalashtirmayotgani» haqida aytdi. «Shahar to‘liq ushlab turiladi. Shunchaki bizga tinch aholi xavfsizligi kerak. Xersonni hech kim berib qo‘ymaydi, harbiylar nima qilishni biladi», dedi u «Rossiya-24» telekanali efirida.
«Biz hujum bo‘lishini kutmoqdamiz. Armiyada bu hujumlarni qaytarish uchun kuch va imkoniyatlar yetarli, u yoki bu tutashuv chizig‘idagi vaziyat talab etsa, qarshi hujumga o‘tishga ham», degan u.
Shu bilan birga, u barcha hokimiyat organlarini Dneprning chap sohiliga ko‘chirishga ko‘rsatma bergan.
Shuningdek, oddiy aholi uchun Dneprning o‘ng sohiliga o‘tish yetti kunga yopilgan.
Ukraina yangi yurish haqida hech qanday izoh bermagan. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining har kuni tongda va kechqurun beriladigan hisobotlarida so‘nggi kunlarda Xerson oblasti deyarli tilga olinmadi (faqat 19 oktyabr tongida rossiyaliklar regiondagi ayrim aholi yashash manzillariga qo‘shimcha kuchlar tashlayotgani keltirilgan). Ukraina prezidenti ma’muriyati vakillari ham yurishning borishi haqida hech narsa aytmagan. O‘z navbatida, Mikolayiv oblasti rahbari Vitaliy Kim Rossiya qo‘shinlari provokatsiya tayyorlayotganini taxmin qilgan. «Ruslar taktikasini va ular Xerson atrofidagi Chaplinka rayonida stvolli artilleriya uchun istehkom tayyorlayotganini bilgan holda, men ruslar Xersonga zarba berishga tayyorlanayotganini his qilmoqdaman», — degan u.
Xerson — Rossiya urush boshidan buyon egallay olgan yagona oblast markazi hisoblanadi. Shuningdek, bu Rossiya harbiylari Dneprning o‘ng sohilida tutib turgan eng yirik aholi yashash manzilidir. Agar Rossiya qo‘shinlari Xersonni boy berishsa, bu Mikolayiv va Odessani egallashni imkonsiz ishga aylantiradi, chunki bu hududlarga yurish qilish uchun yana Dneprni kechib o‘tish talab etiladi, daryoning bu hududdagi kengligi kamida 500 metrni tashkil etadi. Urushning ilk davrida Rossiya daryodan osonlik bilan o‘tgan, chunki Ukraina qurolli kuchlari mudofaani tayyorlay olmagan, daryo ustidagi ko‘priklar yo‘q qilinmagandi (Ukraina hukumati armiya va maxsus xizmatlar safida sotqinlik bo‘lgani versiyasini tekshirmoqda). Bahorda rossiyalik harbiylar Dnepr orqali o‘tgan uchta asosiy ko‘prikni ham nazorat ostiga olgan, ammo yoz davomida bu yo‘llar muntazam ravishda o‘qqa tutildi va jiddiy shikastlandi. Hozirda Rossiya armiyasi o‘ng sohildagi o‘z guruhini paromlar orqali oziq-ovqat va o‘q-dori bilan ta’minlab turibdi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024