Jahon | 20:56 / 20.10.2022
16982
9 daqiqa o‘qiladi

«Poytaxtdagilarning hafsalasi pir bo‘lgan». Nega «qo‘shimcha yig‘inlar» Moskvadan boshqa hududlarda bo‘lmoqda?

17 oktyabr kuni Moskva meri Sergey Sobyanin shaharda «qisman» safarbarlik tugagani e’lon qildi. Uning aytishicha, Moskva safarbarlik bo‘yicha qo‘yilgan topshiriqni to‘liq bajargan. Rossiya poytaxtida safarbarlik tugagan bir paytda federatsiyaning boshqa hududlarida qayta safarbarlik yig‘inlari va ikkinchi to‘lqinlar kuzatilmoqda.

Maksim Shipenkov / EPA / Scanpix / LETA

«Yaqqol Putinga qarshi kayfiyat»

«Safarbarlik moskvaliklar oilalari uchun katta sinov bo‘ldi. Kimningdir otasi, kimningdir o‘g‘li, yana kimningdir eri bugun jangovar armiyaga ketmoqda. Shunga qaramay, qisman safarbarlik vazifasini bajarish, birinchi navbatda, moskvaliklarning mas’uliyatliligi, burch hissi va vatanparvarligi tufayli amalga oshdi», dedi Sergey Sobyanin.

Shu tariqa, 2022 yil 17 oktyabrda Moskva meri Sergey Sobyanin shaharda «qisman» safarbarlik yakunlanganini e’lon qildi. U endilikda yuborilgan chaqiruv qog‘ozlari o‘z kuchini yo‘qotishini ta’kidladi.

Avvalroq poytaxtdagi safarbarlik rejasi taxminan 16 ming kishini qamrab olishi aytilgandi.

Sobyanin o‘z bayonotida «qisman safarbarlik bo‘yicha topshiriqlar to‘liq bajarilgani»ni ta’kidladi (ammo, safarbarlikni tugatish uchun hech qanday huquqiy kafolat, xususan biror normativ hujjat yo‘q, jumladan Vladimir Putinning maxsus farmonida ham bu haqda aytilmagan).

17 oktyabr kuni kechqurun Moskva oblasti rahbari Andrey Vorobev ham «qisman» safarbarlik tugaganini e’lon qildi. «Biz Mudofaa vazirligi topshirig‘ini to‘liq bajardik. Chaqiruv qog‘ozlarini yuborish to‘xtatildi, uni olib bo‘lganlar esa harbiy komissariatga kelmasligi mumkin», — degan Vorobev.

Hammasi bo‘lib, Rossiyaning o‘ttizga yaqin hududlari «chaqiruv tugagani» haqida xabar berdi.

«Meduza» nashrining Kremlga yaqin bo‘lgan ikki manbasiga ko‘ra, Moskvada «safarbarlikni to‘xtatishga qaror qilingan», chunki hukumatning baholashicha «poytaxt aholisining hafsalasi pir bo‘lgan».

Ularning qayd etishicha, oktyabr oyining birinchi yarmida poytaxtda harbiy xizmatga yaroqlilarni «ovlash» uchun o‘tkazilgan reydlardan keyin aholining safarbarlikka munosabati yanada yomonlashgan.

«Odamlar haqiqatdan yashirindi. Ular qo‘rquvga tushdi va kelajakka ishonchni yo‘qotdi. Ko‘pchilik ketdi. Qo‘rquv va norozilik darajasi faqat oshdi. Moskva butunlay boshqa shaharga aylandi. Metro yaqinidagi otlar bilan uyushtirilgan sirk allaqachon to‘xtatilishi kerak edi», — deydi nashr suhbatdoshlaridan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqirishning bu usuli kuchishlatar tizimlarda, birinchi navbatda Mudofaa vazirligida «ixtiro qilingan».

«Meduza» suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Sergey Sobyanin «ijrochi amaldor sifatida» Kreml bilan safarbarlik masalasida bahslashmaslikni afzal ko‘rgan (Moskva meriyasi ushbu material chop etilganda «Meduza» so‘roviga javob bermagan). «Kerak — demak kerak», — deya Moskva merining pozitsiyasini qayd etadi Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyatiga yaqin manbalardan biri.

Moskva meri o‘zining (g‘ayrioddiy emotsional) «safarbarlik tugashi» haqidagi murojaatida safarbar qilinganlar nimaga duch kelishini deyarli dahshatli falokat sifatida tasvirlab berdi. Uning urush haqidagi fikrlari noaniq ko‘rindi, Sobyanin o‘z nutqi davomida Rossiyada urushni tafsirlovchi «maxsus harbiy operatsiya» iborasini umuman tilga olmagan: «Azizlarim, sizga rahmat aytaman va minnatdorchilik bildiraman. Biz hammamiz sizning taqdiringiz, oldingizda turgan qiyinchiliklar va xavf-xatarlar haqida qayg‘uramiz va xavotir olamiz. Sizning sog‘-salomat qaytishingizga umid qilamiz va duo qilamiz. Ular g‘alaba bilan qaytadi. Vatanimiz xavfsizligi va mustaqilligi saqlanib qoladi».

«Meduza» nashrining Kremlga yaqin manbalariga ko‘ra, prezident ma’muriyati topshirig‘iga ko‘ra, Rossiyaning yirik shaharlarida aholining safarbarlikka munosabatini o‘rganish bo‘yicha fokus-guruhlar tuzilgan. Ma’lum bo‘lishicha, safarbarlikdan faqatgina moskvaliklar norozi bo‘lmagan.

«Yaqqol Putinga qarshi kayfiyat, hatto «maxsus operatsiya»ni qo‘llab-quvvatlovchilar orasida ham. Agar uni qo‘llovchilar bo‘lsa ham, baribir hamma narsa yomon tashkil etilgani va bunga prezident aybdor ekanini aytishmoqda. Chunki prezident barcha amaldorlarni va harbiylarni tayinlagan. Faqat juda keksa nafaqaxo‘rlargina (urushga bormaydigan) safarbarlik va «maxsus operatsiya» tarafdori», — deydi fokus-guruhlar natijalari bilan tanish bo‘lgan suhbatdoshlardan biri.

«Shu sababdan, masalan, yaqin kunlarda rasmiylar Sankt-Peterburgda ham safarbarlikni to‘xtatishni rejalashtirmoqda, garchi u yerda hali «safarbarlik rejasi» bajarilmagan bo‘lsa ham», — deya xabar beradi nashr manbalari.

«Qo‘shimcha yig‘inlar» qanday o‘tkazilmoqda?

Shu bilan birga, bir vaqtning o‘zida bir nechta mintaqalarda buning teskarisi sodir bo‘lmoqda. 14 oktyabr kuni Vladimir Putin Rossiya bo‘ylab safarbarlik «ikki hafta ichida» tugashini ochiqchasiga va’da qilgan bo‘lsa-da, Rossiyaning ba’zi regionlari hukumatlari safarbarlik chaqiruvlari qayta tiklanganini e’lon qildi.

3 oktyabr kuni Rostov oblasti rahbari Vasiliy Golubev hudud safarbarlik rejasini bajarganini e’lon qildi, bir hafta o‘tib esa oblastga «Mudofaa vazirligidan yangi topshiriq» qo‘yilganini ma’lum qildi. Kursk oblasti hukumati ham vazirlikdan «ikkinchi topshiriq» olgani haqida xabar berdi. Va nihoyat, Voronej davlat telekanali teletomoshabinlarga oblastdagi safarbarlikning «ikkinchi to‘lqini» haqida gapirdi.

Bu voqealar fonida Kreml Rossiyada «yangi safarbarlik to‘lqini» yo‘qligini da’vo qildi (Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Meduza» so‘roviga javob bermagan). Biroq, ba’zi hududlarda kichik «qo‘shimcha yig‘inlar» o‘tkazilayotganini tan oldi.

Rossiya prezidenti ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan manbaning aytishicha, safarbarlik muvaffaqiyatli, ya’ni «shovqin va janjallarsiz» o‘tgan hududlar (ularning aniq ro‘yxati noma’lum) yana «qo‘shimcha topshiriq» oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hududlarga allaqachon yangi vazifalar oldi.

Katta hududlarda ushbu yangi topshiriqlarga ko‘ra, ikki-uch minggacha odam safarbar qilinishi rejalashtirilgan. Bu ma’lumotni federal okruglardan birining vakolatli vakili bo‘lgan manba ham tasdiqlagan.

Biroq, barcha suhbatdoshlarning ta’kidlashicha, «qo‘shimcha yig‘in» haqiqatan ham barcha mintaqalarda amalga oshirilishi rejalashtirilmagan va uni «ikkinchi to‘lqin» deya hisoblamaslik kerak.

«Bu o‘zini ko‘rsatishni xohlagan mansabdorlar uchun qo‘shimcha KPI (ochko)», — deya tushuntiradi manbalardan biri voqealarni sharhlab.

Shu bilan birga, suhbatdoshlar fikricha, qishda ruslarni safarbarlikning haqiqiy «ikkinchi to‘lqini» kutmoqda, bu vaqtga borib «safarbar qilinganlar uchun lagerlar va ta’minot zanjirlari tayyor bo‘ladi». Taxminlarga ko‘ra, qishda ruslar aniqroq frontga yuboriladi va bu jarayonga ish beruvchilar faolroq jalb qilinadi.

«Meduza» nashri allaqachon Rossiya oblastlaridan birining prokuraturasi tomonidan mahalliy munitsipalitet hududida faoliyat yurituvchi «tashkilotlar rahbarlari»ga yuborilgan so‘rovnomalarga ega. Unda aytilishicha, tashkilot rahbarlari huquq-tartibot idoralariga tashkilotda ishlovchi harbiy xizmatga layoqatli, «1988 yilda tug‘ilgan va undan katta yoshdagi erkak ishchilar» ro‘yxati hamda ularning manzili va telefon raqamlarini taqdim etishi kerak.

«Kremldagilar safarbarlik davom etishi (xuddi uning boshlanishi kabi) amaldagi hukumat reytingini pasaytirgan (ochiq so‘rovlar natijalariga ko‘ra ham tushib ketgan) «omadsiz qadam» bo‘lganini tushunib turibdi», — deydi manbalar. Biroq, ularning aytishicha, bu «Prezidentning muhokama qilinmagan farmoni».

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid