Jahon | 19:35 / 23.10.2022
30398
10 daqiqa o‘qiladi

«Oilamizni quritishmoqchimi?» – peterburglik ayol ukasi uch kunlik «tayyorgarlik»dan keyin frontga borib o‘lganini aytib berdi

Foto: Bernat Armangue / AP / Scanpix / LETA

Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganining ertasiga peterburglik yurist Andrey Nikiforovga ham chaqiruv qog‘ozi keladi. Frontgacha borishi uchun unga atigi ikki hafta yetarli bo‘ldi: uch kun harbiy harakatlarda ishtirok etish bo‘yicha tayyorlandi, keyin Ukraina bilan chegaradagi Belgorod shahriga olib ketishdi, u yerda o‘z puliga harbiy kiyim sotib oldi, shundan so‘ng Ukrainadagi Rossiya bosib olgan hududga olib ketishdi. Andrey o‘sha yerda halok bo‘ldi.

Nikiforovning oilasi u 7 oktyabr kuni Luhansk viloyatidagi Lisichansk shahri yaqinida halok bo‘lgani haqida xabar oladi. Vafot etgan yuristning jasadi yetib kelmay, singlisi Yuliya Kuznetsovaning eri va o‘g‘liga ham chaqiruv qog‘ozi keladi.

«Bumaga» nashri Yuliya bilan suhbatlashib, uning ukasi Ukrainaga ketishi haqida nimalarni aytishga ulgurgani, nega oila sudga murojaat qilmoqchi ekani haqida ma’lumot oldi. «Meduza» ham bu maqolani e’lon qildi.

Andrey Nikiforov kim edi va u qanday qilib chaqiruv qog‘ozi oldi?

Biz ko‘p bolali oilamiz, eng kattasi menman. Andryusha o‘rtanchimiz, u 40 yoshda edi. Undan kichik ukam ham bor. OAVda Andreyning xotini haqida ham yozishdi, lekin ular 7 yildan buyon birga yashamaydi. U Suv kommunikatsiyalari davlat universitetida o‘qidi, keyin politsiyada tezkor xodim bo‘lib ishladi. Ukam Peterburgdagi advokatlar palatasida ishlab yurgan vaqtida safarbarlikka jalb qilindi.

Chaqiruv xati kelganda Andrey biz bilan yashardi. Xat kelganda u ishda edi, uni singlim imzo qo‘yib olgandi. Andrey ishdan kelib chaqiruv xatini o‘qidi. Nima ham qilardi, keyingi kun Primorsk rayonidagi harbiy qismga bordi, 23 sentabr edi. Uni birdaniga olib ketmoqchi bo‘lishdi, lekin hujjat bo‘yicha ishlarini tugatib olishiga ruxsat berishdi.

Ukam bir kunda ishlarini bitirdi va 24 sentabr kuni uni olib ketishdi. Gaplashib turardik, «Qizlar, hammasi yaxshi» deb yozgandi ham. Bizning o‘rtamizda hech qanday sir yo‘q edi. Andrey bilan bir kvartirada yashardik, shu sabab uning o‘limini juda og‘ir qabul qildim, xuddiki hammasi ko‘z o‘ngimda bo‘lgandek.

Nikiforov qanday qilib uch kunlik tayyorgarlikdan keyin frontga yo‘l olgan?

Kamenkada uni qanday tayyorlashganini bilmayman, chunki bu haqda aytmagandi. 27 sentabrdan keyin Andrey aloqaga chiqmay qo‘ydi. Uni Vologda va Astraxan orqali uch kunda Belgorodga olib borishgan. Hamma yerda to‘xtab safarbar qilinganlar bo‘lgan vagonlar qo‘shib borilgan. 1 oktyabr kuni Belgoroddan qo‘ng‘iroq qildi. O‘zining pasporti va boshqa yigitlarning hujjatlarini yuborib, hammasi yaxshi ekanini aytdi.

U yerda allaqachon harbiy harakatlar boshlanib ketgan ekan, buni ukamdan bildim. Ukamga «Qizlarga hech nima dema, hammasi yaxshiligini ayt» debdi. 2 oktyabr kuni daladan telefon qildi, u yerda harbiy harakatlar boshlanib bo‘lgandi. Aftidan, ularning telefonlari olib qo‘yilib, gaplashishga ma’lum vaqt berishgan, hamma bitta telefondan aloqaga chiqqan.

Keyinroq Andrey mening manzilimga pasportlarini yuborishga ulgurgan onalar bilan gaplashdik, ular bilan hamon aloqadamiz. Ukam «Yulya, SDEK»ni (pochta xizmati) kut, pasportlar boradi», dedi. Hamon ularni nega yuborganini tushunmayman, balki nimanidir bilgandir.

Yana 4 oktyabr kuni gaplashdik. Ularni mashinaga ortib ketishgan, Belgorodda o‘zlariga ekipirovka sotib olishgan. Biz unga pul yubordik, pul kunduzi kelsin deb tayinlardi. Belgorodda o‘zlariga pichoq, kaska va pullari yetgunicha boshqa ekipirovka sotib olishgan. Andrey o‘sha kuni qizini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi va shu bilan aloqaga chiqmay qo‘ydi, u haqda ortiq hech narsa eshitmadik.

Nikiforovning yaqinlari o‘lim xabarini qanday olishdi?

Bizga 12 oktyabr kuni ukam 5 kun avval halok bo‘lganini aytishdi. U «DXR» va «LXR»dagi Lisichansk yaqinida o‘lgan ekan. Bu xabar menga juda qattiq zarba bo‘ldi. Andrey bilan birga borgan yigitlarning onalari bilan bog‘landik, ularning ba’zilari kasalxonada yotgani ma’lum bo‘ldi. Ular telefon qilib, farzandlarining familiyasini aytishgan, javoban esa faqat «Tirik» degan so‘zni eshitishgan. Ularning onalari bilan gaplashib turamiz, o‘shandan buyon hech qanday xabar yo‘qligini aytishmoqda. Biz pasportlarini olgan yigitlardan faqat ikki nafari tirik qolgan.

Tirik qolgan yigitchalar harbiy prokuraturaga yozishmoqda, ular qanday qilib jang maydoniga tushib qolishganini aniqlashtirmoqchi. Yigitlardan birining onasi yozmagan joyi qolmagani, sarson qilishdan nariga o‘tishmayotganini aytadi. Onalar albatta bolasi bilan nima bo‘lganini surishtiradi-da.

Ularda hech qanday jyeton ham bo‘lmagan. Andreyning yonida hujjati bo‘lgani uchun shaxsini aniqlashgan. Shu sabab uni ortga qaytarib bizga topshirishdi. Bu borada shunchaki omadimiz keldi, chunki ko‘pchilikning jasadi aniqlanmay qolib ketgan. «Jon denglar, yuzi omon qolgan», deyishdi... Hech bo‘lmasa jasadi kelishini kuta olganimiz, uni dafn qila olganimiz uchun xursandmiz. Andryusha biz bilan Piterda qoldi...

Dafn marosimida Primorsk rayoni rahbariyati, xizmatdoshlari, Kamenkadagi do‘stlari ishtirok etishdi, xuddi qahramonlardek ko‘mdik. Tinchlangandek bo‘ldik, ammo savollar ochiq qolmoqda. Nega u harbiy qismda bunchalik kam vaqt o‘tkazdi, nega ular zirhli nimchalarni o‘zlari sotib olishdi?

Nikiforovning yaqinlari ham chaqiruv olishdi

Ukam Andreydan tashqari erim va o‘g‘lim ham chaqiruv oldi. Nimalar bo‘layotganiga tushunmayapman, bu shunchaki dahshat. Biz chaqiruvga qo‘l qo‘ymadik, ularni yuborishdi, ro‘yxatga olingan, lekin biz qabul qildik deb qo‘l qo‘ymadik. Advokatlar bilan gaplashyapmiz. Mening nogiron bolam ham bor. Biz kabilarni safarbar qilmaslik borasida farmon hali muhokamada ekan.

Safarbarlikdan qanday ozod bo‘lish borasida aniq hujjatimiz yo‘q, shuning uchun chaqiruv xatlaridan qo‘rqyapmiz. Harbiy qismlarda nima qilishyapti o‘zi, nega hech narsani nazorat qilishmayapti? Hali Andreyning jasadi kelmay yana ikkita chaqiruv xati kelib turibdi. Dod degim keladi, nima, bu safarbarlik bilan oilamizning tomirini quritishmoqchimi?

Oddiy inson sifatida aytyapman, oilamizda katta fojia sodir bo‘ldi. Andreyni kuzatganim 24 sentabr kuni hammasi yaxshi edi. Ertalab uyg‘ondik, nonushta qildik, Andryusha biz bilan birga choy ichdi, men bolani maktabga tayyorladim va ukam harbiy qismga ketdi. Bir qarashda hech narsa bo‘lmagandek edi, shu uchun bularni qabul qila olmayapman.

Andrey Nikiforov. Foto: Bumaga

Andreyning yaqinlari sudga murojaat qilishmoqchi

Ukamning xotini bilan gaplashib turibmiz, u yurist yordamida hujjatlarni ko‘tarishini aytdi, huquqiy tomondan nimadir qilmoqchi, chunki vaziyat normal emas. Harbiy qismda ham Primorsk sudiga murojaat qilishni aytishdi. Yoki o‘sha farmon imzolanishini kutishimiz kerak.

Harbiy qismda «qog‘oz odamlar» o‘tiradi. Ular nima bo‘layotganini ko‘rib ham kursilarida bemalol yog‘ bosib o‘tirishda davom etishadi. Biz faqat o‘zimiz bilan bo‘lgan fojiani bilamiz, bunday taqdirlar qanchaykin? Shunchaki taxmin qilib ko‘ravering.

Kelinimiz Andrey qanday qilib jang maydoniga tushib qolgani, nega o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lmaganini aniqlashtirmoqchi. Chaqiruv qog‘ozida ukamning tug‘ilgan oyi xato ko‘rsatilgandi. Ertalabdan buni aniqlashtirish uchun harbiy qismga bordik, bir xil familiyadagi boshqa odamga adashtirib yuborishgandir, dedik. Lekin bunday bo‘lmadi, bizni bu kanselyariyadagi xato bo‘lganiga ishontirishdi.

Dafn marosimi vaqtida chiqib gapirgan vakil ukam 9-kuni halok bo‘lganini aytdi. Qabristondagi hamma hayron qoldik, chunki hujjatlarda 7 oktyabr sanasi yozilgandi. Tasavvur qilyapsizmi, ular hatto nutqlarida ukam o‘lgan sanani aniq ayta olishmayapti. O‘sha vaqt dard ustida edik, indamadik, qabr taxtachasida ham 7 oktyabr yozilgandi. Qanaqa hayvonlarcha yondashuv bo‘ldi bu axir! Chaqiruv xatida ham xato, o‘lim sanasida ham xato.

Biz hozir frontda qancha odam borligini ham bilmaymiz. Mana shu bir qarashda oddiy xatolar odamning asab tizimiga juda yomon ta’sir qiladi. Safarbar qilinganlarga falon narsalar ajratdik deyishadi, lekin, qo‘pollik uchun uzr so‘rayman, ular qip yalang‘och borishadi-da, hammasini o‘zlari sotib olishadi, deya so‘zlarini yakunlagan uch kunlik «tayyorgarlik»dan keyin frontga borib halok bo‘lgan Andrey Nikiforovning opasi.

Mavzuga oid