20:12 / 24.10.2022
22997

Kommunistik partiya qurultoyidan keyin Xitoy milliarderlari boyligi kamaydi 

Xitoyda o‘tkazilgan Kommunistik partiya qurultoyidan so‘ng, mamlakatning eng boy 10 nafar ishbilarmoni boyligi deyarli 7 milliard dollarga qisqardi. 

Foto: TASS

Bloomber xabariga ko‘ra, bu Xitoy rahbari Si Jinpingning uchinchi muddatga saylanishi va uning boylar bilan xususiy biznesga bosim o‘tkazish siyosati bilan bog‘liq. Sarmoyadorlar bunday siyosatning yana davom etishidan xavotirga tushmoqda. 

Forbes Real-Time ma’lumotlariga ko‘ra, Kommunistik partiya qurultoyi yakunlanganidan keyingi savdoning birinchi kunida Xitoyning 10 nafar eng badavlat ishbilarmonining umumiy boyligi 6,9 milliard dollarga kamaygan. 

Jumladan, Xitoyning eng boy odami, shisha idishli suv ishlab chiqaruvchi Nongfu Spring kompaniyasi egasi Chjun Shanshan boyligi bir kunda 2 milliard dollarga kamayib, 59,8 milliardga tushgan. Tencent internet giganti asoschisi Ma Xuaten boyligi bir kunda 2,4 milliard dollarga kamayib, 24 milliardga tushgan. Yuqori o‘ntalikka kiruvchi boshqa boylarning davlati ham qariyb 1 milliard dollarga qisqargan.  

Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi 16-22 oktabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Uning asosiy natijalaridan biri — Si Jinping Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi lavozimiga uchinchi marta qayta saylangani bo‘ldi. U avval boy odamlar va xususiy biznesga bosim o‘tkazuvchi siyosatni olib borgan.  

Qurultoydan so‘ng, Xitoy kompaniyalari aksiyalari sotiladigan Hongkong birjasidagi Hang Seng indeksi 7,3 foizga tushib ketdi. Asosiy sabab – xorijiy investorlar Xitoy kompaniyalari aksiyalaridan voz kecha boshladilar. Yuan kursi esa 2008 yil yanvardan buyon eng past darajaga tushdi. 

Ammo, Kommunistik partiya qurultoyi va Si Jinping qayta saylanishidan oldin ham Xitoy milliarderlari uchun vaziyat oson emas edi. 2022 yil ular uchun shaxsiy boylik nuqtai nazaridan so‘nggi o‘n yillikdagi eng yomoni bo‘lishi mumkin. Xitoy iqtisodiyotiga koronavirus bilan bog‘liq siyosat ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Unga ko‘ra, infeksiya holatlari aniqlansa, aholi punktlari va hatto katta shaharlar ham karantinga yopilmoqda.  

Dushanba kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy yalpi ichki mahsuloti 2022 yilning uchinchi choragida 2021 yilning shu davriga nisbatan 3,9 foizga o‘sdi. Iqtisodiy o‘sish kutilganidan yaxshiroq bo‘ldi. Biroq investorlar iqtisodiyotning tiklanishiga Covid-19 tufayli joriy qilinayotgan cheklovlar, mulk bozoridagi uzoq muddatli pasayish va global tanazzul xavfi to‘sqinlik qilishidan qo‘rqishadi. 

Top