Jahon | 16:32 / 25.10.2022
3158
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiya Rossiyadan shengen vizasi bilan kelgan sayyohlar uchun chegarasini yopdi

Chexiya Rossiyaning Ukrainani bombardimon qilishiga ko‘z yuma olmaydi, dedi Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy. U safarbarlikdan bo‘yin tovlagan rossiyaliklarga boshpana berilishiga qarshi chiqdi.

Foto: AP

Chexiya o‘z chegaralarini ruslar uchun yopgan Yevropa Ittifoqining oltinchi davlatiga aylandi. 25 oktyabr, seshanba kuni sayyohlik shengen vizasi bilan Rossiya fuqarolari uchun Chexiyaga kirish taqiqi kuchga kirdi. Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon rossiyaliklar turizm, sport yoki madaniyat maqsadida Praga xalqaro aeroporti orqali mamlakatga kira olmaydi.

«Rossiya rejimi tinch aholi manzillarini bombardimon qilayotgan bir vaziyatda biz bunga ko‘z yuma olmaymiz», — deya Lipavskiy so‘zlaridan iqtibos keltirgan Chexiya CTK axborot agentligi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat bir ovozdan rossiyaliklarning turistik shengen vizasi bilan kirishini taqiqlashga qaror qilgan.

Chexiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari, shuningdek, safarbarlikdan qochayotgan va shu sababdan boshpana so‘rayotgan rossiyaliklarga viza berishdan bosh tortishga chaqirdi. Biroq Chexiya prezidenti Milosh Zeman Lipavskiyning fikriga qo‘shilmagan. Chexiya Ukrainaga qarshi urushga bormaslikka urinayotgan rossiyalik qochqinlarni qabul qilishi kerakmi degan savolga Zeman: «Albatta, ha», deb javob berdi. U boshpana so‘ragan Rossiya fuqarolarini ukrainalik qochqinlar bilan taqqoslab, ruslar Chexiya xavfsizligiga tahdid solmasligini ta’kidladi. 

Avvalroq shengen vizasiga ega bo‘lgan Rossiya fuqarolari uchun chegaralar Latviya, Litva, Estoniya, Finlandiya va Polsha tomonidan yopilgan edi. Endilikda bu mamlakatlarga faqat qarindoshlarinikiga tashrif buyurgan rossiyaliklar, shuningdek, yuk mashinasi haydovchilari, dissidentlar va diplomatlar kirishi mumkin. Ushbu mamlakatlar hukumatlari insonparvarlik nuqtayi nazaridan kirish imkoniyatini qoldirgan, ammo har bir holat individual asosda ko‘rib chiqiladi. 

Ba’zi boshqa Yevropa davlatlari ham ruslar uchun viza olish imkoniyatini jiddiy cheklab qo‘ygan. Belgiya hozircha hujjatlarni faqat shu mamlakatda ishlayotgan talabalar, olimlar yoki mutaxassislarga beradi. Daniya, kamdan-kam istisnolardan tashqari, qisqa muddatli vizalar va yashash uchun ruxsatnomalarga arizalarni to‘xtatdi. Niderlandiya Rossiya fuqarolaridan faqat gumanitar sabablarga ko‘ra viza va vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma so‘rovlarini ko‘rib chiqadi. Slovakiya rossiyaliklarga shengen vizalarini «favqulodda vaziyatlarda» berishga tayyor. 

12 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan soddalashtirilgan viza rejimini to‘xtatdi. Yevropa vizasi narxi 35 yevrodan 80 yevroga ko‘tarildi, ariza uchun qo‘shimcha hujjatlar talab qilinadi va so‘rovni ko‘rib chiqish muddati 15 - 45 kungacha oshiriladi. Ko‘p martalik vizalarni berish qoidalari ham qattiqlashdi: ko‘p hollarda rossiyaliklar shengen vizalaridan faqat qat’iy ravishda sayohat sanalari bo‘yicha foydalanishi mumkin bo‘ladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid