O‘zbekiston | 10:41 / 27.10.2022
8186
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyatining uch hududida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi

Prezidentning “Namangan viloyati Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida “Namangan tekstayl” kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Namangan viloyati hokimligi, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda Investitsiyalar vazirligining Namangan viloyati Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida “Namangan tekstayl” kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Bunda, birinchi bosqichda kichik sanoat zonasi Chortoq tumani “Obod diyor” MFY hududidagi 106,5 gektar yer maydonida tashkil etiladi.

Namangan viloyati hokimligi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda kichik sanoat zonalari tarkibiga kiritiladigan yer uchastkalari chegaralari aniqlanishini va belgilangan tartibda yer uchastkalari tegishli ravishda ajratilishini ta’minlaydi.

Namangan viloyati hokimligi:

a) mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan kichik sanoat zonalari arxitektura-rejalashtirish hujjatlari ishlab chiqilishini;

b) Moliya vazirligi, “Suv ta’minoti va kanalizatsiya obektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi» unitar korxonasi”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda:

muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilma obektlarini tashkil etish bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kichik sanoat zonalari bo‘linish chegarasiga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlarining bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Namangan viloyati hokimligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Investitsiyalar vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda:

kichik sanoat zonalari hududida nufuzli kompaniya va brendlar ishtirokida eksportbop, import o‘rnini bosuvchi va yuqori qo‘shilgan qiymatli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni shakllantiradi;

kichik sanoat zonalari hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalari biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘maklashadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid