O‘zbekiston | 15:44 / 28.10.2022
4407
3 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Mahkamov: Aholining talabidan kelib chiqsak, temiryo‘l, avto hamda havo yo‘llari transportida berayotgan taklifimiz ancha kamroq 

So‘nggi vaqtlarda “Afrosiyob” tez yurar poyezdi uchun yaqin bir oyga ham bilet topilmay qoldi. Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aytishicha, berilayotgan taklif aholi taklifini qondira olmayapti. Odamlar temiryo‘llar xizmatidan norozi. 

Vazirning ta’kidlashicha, aholi orasida ichki turizmdan foydalanish va ziyoratlarga borish xohishi tobora ortib borayotgani uchun berilayotgan taklif odamlar talabini qondira olmayapti.

“Aholining talabidan kelib chiqsak, bizning temiryo‘l, avto hamda havo yo‘llari transportida berayotgan taklifimiz ancha kamroq bo‘lmoqda.  

Buning balansini qildik, turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan oxirgi yig‘ilishda ham prezident topshiriqlarini olganmiz. Shundan keyin vodiydan voha viloyatlari, ya’ni Samarqand, Buxoro, Urganchga qarab yuradigan temiryo‘l qatnovlarini 2 baravar ko‘paytirdik. Buni, albatta yetarli deb bo‘lmaydi, biz keyinchalik bu talablarni qondirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Shu bilan birga, temiryo‘l xizmati bo‘yicha ham aholida ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan edi. Shuning uchun xizmat ko‘rsatiladigan barcha inventarlar yangisiga almashtirilib, sharoitlar yaratildi. Albatta, biz bir hafta, bir oy ichida yangi vagon yoki poyezd sotib olish imkoniyatiga ega emasmiz. Ammo elementar darajada pul sarflanishi talab etilmaydigan sharoitlarni yaratib beryapmiz.

Yana bir marotaba aytaman, bu bilan butun boshli O‘zbekiston fuqarolarining talabini to‘liq qondira oldik deya olmayman”, – dedi Ilhom Mahkamov

Eslatib o‘tamiz, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ raisi Husnitdin Hosilov 3 oyda temiryo‘llari sohasida o‘zgarish qilolmasa ishdan olinishi aytilgandi.

Shu yil 19 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektorda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi Husnitdin Hosilov 3 oy tizimida o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida qat’iy ogohlantirilgan edi. O‘shanda turizm masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda «Toshkent-Samarqand» va «Toshkent-Andijon» yo‘nalishlarida avtomobilda yo‘lovchi tashish vaqti o‘rtacha 1-1,5 soatga ko‘paygani, lekin temiryo‘l va aviaqatnovlar soni hamda sifati talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tilgandi.

Prezidentning navbatdagi qarori bilan Hosilov yana bir marotaba ogohlantirish olgan. Qolaversa, hujjat bilan yana bir qancha mansabdor shaxslar, xususan, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Qamrayev, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev hamda Koraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga ogohlantirish berildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi bir oy hisobida ikkita ogohlantirish va bitta xayfsan olgan.  

Mavzuga oid