Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda ko‘plab madaniy meros obektlariga zarar yetkazilgani aniqlandi
Qashqadaryo viloyatida joylashgan madaniy meros obektlarining bir qismiga turli tashkilotlar va fuqarolar tomonidan zarar yetkazilgan. Boshqalari esa e’tiborsizlik tufayli avariya holatiga kelib qolgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, prokuratura tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi madaniy meros obektlari o‘rganilganda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Jumladan, 18 ta madaniy meros obektida noqonuniy qurilmalar qurilgan va o‘zboshimchalik bilan ta’mirlash ishlari o‘tkazilgan.
Masalan, Yakkabog‘ tumanidagi XII asrga oid Gumbaz masjidining ichki devorlari restavratsiya qoidalariga zid ravishda ta’mirlangan. Kasbi tumanidagi XIV asrda bunyod qilingan Katlas masjidi devorlariga taqab devor qurilib, zarar yetkazilgan.
Shuningdek, madaniy meros obektlarining 382 tasi yoki 26 foizida muhofaza belgilari o‘rnatilmagan. Yakkabog‘ tumanidagi XII-XIV asrlarga oid Yodgor Vallamin madrasasi yoki Kasbi tumanidagi XIV asrda qurilgan Katta Sardoba yodgorliklari shular jumlasidan.
Tekshiruvlarda, viloyatdagi 35 ta tarixiy obekt ta’mirtalab, avariya holatiga kelib qolgani, 10 ta madaniy meros obektidan noqonuniy foydalanib kelingani, 5 tasiga noqonuniy ravishda reklama bannerlari o‘rnatilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, turistlar tashrif buyuradigan 58 ta madaniy meros obektida yong‘in xavfsizligi, 49 tasida sanitariya qoidalari talablari buzilgan.
Qayd etilishicha, qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari qo‘llanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida jami 1 468 ta tarixiy obekt joylashgan. Bugun ularning aksariyati e’tibordan chetda qolib kelmoqda.
Mavzuga oid
10:18 / 11.03.2026
Poytaxtda turizm va madaniyat yo‘nalishiga yangi rahbar tayinlandi
12:22 / 22.01.2026
Urgutdagi bino buzilishiga Madaniy meros boshqarmasi va hokimlik izoh berdi
13:00 / 11.12.2025
Qoraqalpoq o‘tovi YuNeSKO nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi
16:13 / 05.12.2025