Jamiyat | 16:23 / 28.10.2022
16209
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha hay’ati raisi ishdan olingani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Qayd etilishicha, Sudyalar oliy kengashi tomonidan sudlov hay’atiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Ayni paytda hay’at a’zolariga nisbatan qanday intizomiy jazo qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati Toshkent viloyati iqtisodiy sudlov hay’ati raisi vazifasidan ozod etilganiga oid internetda tarqalgan xabarlarga izoh berdi. Shuningdek, bayonotda Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining 20 mlrd so‘m soliq qarzini undirish haqidagi hal qiluv qarori apellyatsiya instansiyasida bekor qilinib, ish yuritish tugatilgani haqidagi iddaolarga ham aniqlik kiritilgan.

Ta’kidlanishicha, Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining “N” MChJdan 20 mlrd so‘mdan ko‘proq qo‘shimcha hisoblangan soliq to‘lovlarini undirish haqidagi hal qiluv qarori Toshkent viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha hay’atida bekor qilingan. Biroq internetda yozilganidek, ish yuritish tugatilmagan, balki da’voni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.

“Yana bir aniqlikki, viloyat sudining mazkur qarori Oliy sud tomonidan bekor qilinib, birinchi bosqich sudining hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Shu jarayonda Toshkent viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga nisbatan xususiy ajrim chiqarilishi ortidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasidan kelib chiqib, intizomiy jazo qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi kengash matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan rasmiy axborotda.

Avvalroq Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining bir nafar va Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining ikki nafar sobiq sudyalari jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgandi.

Toshkentda noqonuniy egallangan yer uchastkalari bo‘yicha ishlarni manfaatdorlar foydasiga hal qilib berganlikda gumonlanayotgan ikki sudya ustidan jinoyat ishi ochilgandi.

2021 yilda 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, shundan 19 nafari vazifasidan bo‘shatilgan.

Mavzuga oid