Jahon | 08:11 / 01.11.2022
8145
3 daqiqa o‘qiladi

AEXA 6 noyabrgacha Ukrainadagi tekshiruvlar bo‘yicha xulosalarini taqdim etadi

Rafael Grossi Moskvaning «iflos bomba» ishlab chiqarilishi mumkinligi haqidagi da’volariga javoban Kiyev iltimosiga ko‘ra, tekshiruvlar bo‘yicha dastlabki xulosalarni shu hafta oxirida e’lon qilishga va’da berdi.

Foto: Reuters

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) mutaxassislari Ukraina hukumatining u yerga inspektorlar guruhlarini yuborish haqidagi yozma so‘rovidan so‘ng Ukrainadagi ikkita obektda tekshirish ishlarini boshladilar va tez orada yakunlaydilar. Bu haqda 31 oktyabr, dushanba kuni AEXA bosh direktori Rafael Grossi ma’lum qildi.

U shu hafta oxirida ikki obektdagi tekshiruvlar bo‘yicha dastlabki xulosalarni taqdim etishini aytdi.

Kiyevning so‘rovi Rossiya AEXA kafolatlari ostida ishlayotgan va agentlik inspektorlari muntazam tashrif buyuradigan bu ikki obektda «iflos bombalar» ishlab chiqarilishi mumkinligi haqidagi iddaolaridan keyin qilingan. Bunday tashriflardan maqsad har qanday deklaratsiya qilinmagan yadroviy faoliyat va «iflos bombalar» ishlab chiqish bilan bog‘liq materiallarni aniqlashdir, deyiladi tashkilot xabarida. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, AEXA bir oy oldin ikkita obektdan birini tekshirgan va u yerda hech qanday deklaratsiya qilinmagan yadroviy faoliyat yoki materiallar topmagan.

AEXA shuningdek, Zaporijjya atom elektr stansiyasidagi (ZAES) tashkilot vakillariga stansiyaning ikki hafta oldin qo‘lga olingan ikki ukrainalik xodimidan biri yaqinda ozod qilingani haqida xabar berilganini ta’kidladi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uning sog‘ligi yaxshi. Grossi ozodlik faktini olqishladi va yana bir xodimni tezroq ozod qilishga chaqirdi.

Bundan tashqari, Rafael Grossi «Ukraina stansiyasi xodimlarining mehnat sharoiti tobora og‘ir va stressli bo‘lib borayotganidan» jiddiy xavotir bildirdi, deyiladi xabarda. Bundan kelib chiqadiki, Rossiya o‘z xodimlariga yangi mehnat shartnomalarini imzolashni taklif qilgan va mavjudlarini Ukraina milliy operatori - Energoatom bilan almashtirgan.

Shu munosabat bilan, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bunday vaziyat asosiy xodimlarning mavjudligiga ham, operatsion qarorlar qabul qilinishiga ham ta’sir qilishi mumkinligidan, bu yadro xavfsizligiga potensial salbiy ta’sir ko‘rsatishidan, Yevropadagi eng yirik ZAESda yadroviy avariya xavfini oshirishi mumkinligidan xavotirda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid