23:46 / 01.11.2022
18100

Gujarot fojiasi: ko‘prikni ta’mirlash soatsoz kompaniyaga topshirilgani ma’lum bo‘ldi 

Hindistonning Gujarot shtatidagi ko‘prikning qulab tushishi 135 kishi o‘limi bilan yakunlandi. Uni ta’mirlash shartnomasi soat ishlab chiqaruvchi mahalliy firmaga berilgani ma’lum bo‘ldi. 

Foto: Rafiq Maqbool/AP

Hindistonning Gujarot shtati, Morbi shahridagi ko‘prikning qulashi va 135 kishining o‘limiga korrupsiya sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar hindistonliklarni g‘azablantirmoqda, deb yozdi The Guardian. 

Yakshanba oqshomida oilalar daryo uzra kechki havodan zavqlanish uchun ko‘prikka to‘planishgan, uning qulab tushishi oqibatida ba’zilari suvga cho‘kkan, boshqalari qirg‘oqdagi toshlarga urilib, jon bergan edi. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Bxaratiya Janata partiyasi tomonidan boshqariladigan Gujarot shtati ma’muriyati 100 yillik osma ko‘prikni ta’mirlash ishlarini mahalliy Oreva kompaniyasiga topshirgan. 

Ushbu kompaniya qo‘l va devor soatlari, yoritkichlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning ko‘priklar yoki shunga o‘xshash infratuzilmani ta’mirlashda tajribasi borligi haqida hech qanday dalil yo‘q. Bunday ishlarni avval ham bajargani veb-saytida ham tilga olinmagan. 

Muxolifatdagi siyosatchi, Aam Aadmi partiyasi rahbari Arvind Kejrival so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilganidan atigi 4 kun o‘tgach qulab tushishiga «katta korrupsiya» sabab bo‘lgan. 

«Nega soat ishlab chiqaruvchi kompaniya ko‘prik qurish tajribasi bo‘lmasa-da, bu ish bilan shug‘ullangan?» dedi Kejrival matbuot anjumanida. 

Qizig‘i shundaki, seshanba kuni bosh vazir Narendra Modi fojia yuz bergan joyga tashrif buyurganida, Oreva kompaniyasi nomi yozilgan reklama banneri brezent bilan yopib qo‘yilgan. 

Modi o‘zi uchun qadrdon sanalmish Gujarot shtatini Hindistonning boshqa hududlari uchun o‘rnak va «rivojlanish modeli» sifatida ko‘rsatishga urinib keladi. 

Ko‘prik qulab tushishi ortidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruvdan keyin 9 kishi hibsga olingan. Hindiston matbuoti ularning ikki nafari Oreva menejyeri bo‘lganini qayd qiladi. Qolganlari esa ko‘prikdagi soqchilar va chipta sotuvchilari bo‘lgan. Barchasining ismi-sharifi sir tutilmoqda. 

Bosh vazir Narendra Modi seshanba kuni 100 ga yaqin jabrlanganlarni ko‘rish uchun Morbi davlat shifoxonasiga ham tashrif buyurdi. 

Foto: PIB/AFP/Getty Images

Uning tashrifi vaqtida shifoxona qiyofasining birdan yaxshi tomonga o‘zgarib qolgani ijtimoiy tarmoqlarda kinoyali maqtovlarga sazovor bo‘ldi.

NDTV telekanali xabariga ko‘ra, devorlar yangi bo‘yoqqa bo‘yalgan, eskirgan choyshablar yangisiga almashtirilgan, qorayib ketgan koshinlar ham tozalangan. Yo‘lakka yangi suv sovitkichi qo‘yilgan.

Hindiston kongress partiyasi bu haqda ijtimoiy tarmoqda: «Devorlar bo‘yalmoqda, yaltiroq plitkalar yotqizilmoqda. Bosh vazirning fotosuratlarida hech qanday yomon narsa yo‘qligini ta’minlash uchun qilingan. Ularda uyat yo‘q, shuncha odam halok bo‘ldi, ular tadbir uyushtirish bilan band», deb yozgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari hozir ham davom etmoqda, biroq qutqaruvchilar boshqa jasadlarni topishga umid qilmagani bois, jarayon to‘xtatilishi mumkin.

Chorshanba Gujarot shtatida motam kuni deb e’lon qilindi.

Top