Jahon | 14:34 / 01.11.2022
4108
3 daqiqa o‘qiladi

Jair Bolsonaru tarafdorlari Braziliyada yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi

Braziliyada prezidentlik saylovlarida Luis Inasio Lula da Silvaga mag‘lub bo‘lgan Jair Bolsonaru tarafdorlari 200 dan ortiq joyda yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi. 

Foto: skynews

Braziliyada prezidentlik saylovlari natijalariga norozilik sifatida ovoz berishda yutqazgan Jair Bolsonaru tarafdorlari 200 dan ortiq joyda yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi. Bu haqda 31 oktyabr, dushanba kuni Braziliyaning Folha de S. Paulo gazetasi politsiyaga tayanib xabar berdi

Gap poytaxtdagi shahar avtomagistrali hamda Rio-de-Janeyro va San-Pauluni bog‘laydigan yo‘l kabi muhim transport tarmoqlari haqida ketyapti. 

Avtotransport tirbandligi bir necha kilometrga cho‘zilib, Barcha avliyolar kuni oldidan harakatni qiyinlashtirdi. Ayrim namoyishchilar yuk mashinalariga Braziliya bayroqlarini osib qo‘ygan bo‘lsa, boshqalari saylangan prezident Luiz Inasiu Lula da Silvani haqorat qilgan. 

Foto: skynews

Braziliya Oliy saylov sudi (TSE, MSK vazifasini bajaradi) politsiyaga to‘sib qo‘yilgan yo‘llarni ochishni buyurdi.

Ko‘plab yuk mashinalari haydovchilari Bolsonaru tarafdorlari hisoblanadi. Dpa agentligi aniqlik kiritishicha, ular Braziliyadagi nufuzli professional guruhdir, chunki yuklarning katta qismi avtomobil orqali tashiladi. 

Braziliyaning chap qanot Ishchilar partiyasi vakili, mamlakat sobiq prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 30 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi. U 50,9 foiz ovoz olgan. Uning raqibi, o‘ng qanot populist, amaldagi prezident Jair Bolsonaruni saylovchilarning 49,1 foizi qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng u ekranlardan g‘oyib bo‘ldi va bayonot bermadi. 

2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarning birinchi bosqichida 77 yoshli Lula da Silva so‘rovlar bashorat qilganidan kichikroq farq bilan bo‘lsa-da, Jair Bolsonarudan o‘zib ketdi: chap qanot nomzod uchun 48,5 foiz, amaldagi prezident uchun 43,2 foiz ovoz berildi.

Luis Inasiu Lula da Silva 2003-2010 yillarda Braziliya prezidenti bo‘lgan va juda mashhur edi. Keyinchalik u korrupsiyada ayblanib 12 yilga qamalgan, biroq Oliy sud hukmni bekor qilib, unga qayta saylanishga ruxsat bergan. 

Saylovlar oldidan Bolsonaru bir necha bor saylov tizimining mustaqilligiga shubha bildirgan va saylov natijalarini tan olmasligini aytgandi, uning tarafdorlari esa hatto ko‘chalarga chiqishga chaqirishgan. 

Lotin Amerikasining eng yirik davlati Braziliyada 156 milliondan ortiq kishi ovoz berish huquqiga ega. Saylovda 118 millionga yaqin fuqaro qatnashdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid