08:17 / 01.11.2022
6556

Yerevan va Boku kuch ishlatishdan tiyilishga kelishib oldi

Sochida Putin, Pashinyan va Aliyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Yerevan va Boku kuch ishlatishdan tiyilishga kelishib oldi. Hozircha tinchlik shartnomasi mavjud emas. Yakuniy bayonotdan fikrlarning bir qismi olib tashlandi.

Foto: EPA-EFE/SERGEJ BOBYLEV / KREMLIN POOL / SPUTNIK

Sochidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Armaniston va Ozarboyjon «kuch qo‘llashdan yoki uni qo‘llash tahdididan tiyilishga kelishib oldi». Bu haqda Kreml saytida 31 oktyabr, dushanba kuni uch tomonlama uchrashuvdan so‘ng chop etilgan bayonotda aytiladi. Unda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi.

Tomonlar barcha muammoli masalalarni BMT Nizomi va 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasiga muvofiq suverenitet va chegaralar daxlsizligini o‘zaro tan olish asosida hal qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.

Bundan tashqari, «mintaqada barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun» Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasini tuzishga faol tayyorgarlik ko‘rish muhimligiga e’tibor qaratildi, deyiladi Kreml matbuot xizmati xabarida.

Suhbat chog‘ida Rossiya tinchlikparvar kontingentining uni joylashtirish zonasida xavfsizlikni ta’minlash va mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirishga qo‘shgan muhim hissasi qayd etildi. Ikki tomonlama ishonchni mustahkamlash maqsadida uch tomonlama parlamentlararo aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaror qilindi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Sochida Boku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarning normallashuviga besh asosiy tamoyil asosida erishish mumkinligi haqida fikr bildirdi.

Mart oyida Boku Yerevanga besh parametrdan iborat takliflar kiritgan. Gap davlatlar tomonidan suverenitetni o‘zaro tan olish, hududiy da’volar yo‘qligini tasdiqlash, kuch ishlatish tahdidlaridan voz kechish, chegaralarni belgilash, transport va boshqa aloqalarni qayta tiklash haqida bormoqda.

«Menimcha, shu asosda normallashuvga erishish mumkin», - dedi Ozarboyjon rahbari.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, o‘z navbatida, shunday dedi: «Men yana bir bor ta’kidlamoqchiman - Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha, Rossiya tomonidan taklif qilingan yondashuvlar, davlatlararo munosabatlarni (Boku va Yerevan o‘rtasida) o‘rnatishning asosiy tamoyillari va parametrlari biz uchun maqbuldir».

Oldindan ekspertlar darajasida kelishilgan ayrim narsalar yakuniy hujjatga kiritilmagan. Oldindan tayyorlangan matnning ba’zi bandlari olib tashlandi. Shu bilan birga, Putin agar bu masalalar «hali hal etilmagan bo‘lsa», uning fikricha, «matbuot e’tiborini ularga qaratishning hojati yo‘qligini» ta’kidladi. «Biz faqat tinchgina yopiq eshiklar ortida kelishuv izlashimiz kerak. Bu juda nozik narsalar, har ikki tomon uchun ham nozik», - dedi Rossiya rahbari.

Muzokaralar taxminan olti soat davom etdi.

Top