Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G7 Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushdagi yadroviy ritorikasini qoraladi
G7 davlatlari Rossiyani Ukrainaga qarshi urushni yanada keskinlashtirmaslik haqida ogohlantirdi. Ular Kremlning «mas’uliyatsiz yadroviy ritorika»sini qabul qilib bo‘lmas, deb atadi.
G‘arbning yetti yetakchi sanoat mamlakati (G7) Rossiyani Ukrainaga qarshi urushni yanada avj oldirmaslik haqida ogohlantirdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan aytilgan yadro qurolidan foydalanish tahdidlarini keskin qoraladi. 4 noyabr, juma kuni Germaniyaning Myunster shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiya yakunlari bo‘yicha G7 tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonotda: «Mas’uliyatsiz yadroviy ritorikani qabul qilib bo‘lmaydi. Rossiya tomonidan kimyoviy, biologik yoki yadroviy qurollardan har qanday foydalanish jiddiy oqibatlarga olib keladi», deb ogohlantirdi.
Shu bilan birga vazirlar Ukrainaga yordamni davom ettirishga va’da berishdi. Bayonotda qayd etilishicha, G7 davlatlari Ukrainaga qishga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi. Shu maqsadda Ukrainaga muhim energiya va suv infratuzilmasini ta’mirlash, tiklash va himoya qilishda yanada samarali yordam uchun muvofiqlashtirish mexanizmi yaratildi, deyiladi hujjatda. Qish arafasida Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi energetika obektlariga raketa zarbalarini kuchaytirdi.
Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Kanada, AQSh va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan birgalikda Ukrainadagi urushning tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga raketa hujumlari bilan birga avj olishining yangi bosqichini qoraladi. Rossiya tinch aholini dahshatga solishga urinmoqda, maqsadsiz zarbalar harbiy jinoyat hisoblanadi, deyiladi G7 konferensiyasining qo‘shma kommyunikesida.
Hujjatda aytilishicha, Rossiya va unga harbiy yordam ko‘rsatuvchi davlatlar qo‘shimcha «iqtisodiy narx» to‘laydi. G7 davlatlari ogohlantirishicha, agar Ukrainaga qarshi urushga faolroq aralashsa, Belarusdagi rejimni yanada qattiqroq sanksiyalar kutmoqda.
G7 Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashni davom ettirish niyatini bildirdi. «Yettilik» Rossiyaning Ukraina «iflos bomba» ishlab chiqayotgani haqidagi da’volarini rad etdi. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik Moskva tomonidan qo‘yilgan ayblovlarning yolg‘onligini tasdiqladi, deyiladi kommyunikeda.
«Yettilik» davlatlari, shuningdek, Rossiyani Ukrainadan bug‘doy eksporti bo‘yicha «g‘alla bitimi»ni davom ettirishga chaqirdi. «Biz Rossiyaning energiya va oziq-ovqat eksportidan geosiyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishga urinishlarini qoralaymiz», deyiladi G7 tashqi ishlar vazirlari yakuniy bayonotida.
Mavzuga oid
10:45 / 16.06.2026
Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
07:22 / 28.03.2026
G7 neft zaxiralari: qaysi davlatda qancha?
09:33 / 12.03.2026
G7 Erondagi urush fonida Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilmaydi
12:03 / 11.03.2026