Jamiyat | 21:13 / 07.11.2022
34772
7 daqiqa o‘qiladi

“Oyiga 25 milliongacha foyda olaman” -  bolalarga quvonch ulashayotgan tikuvchi

Besh yoshli o‘g‘lim suvda vafot etib qoldi. Bu shunchalar og‘ir dardki, hatto jonivorlarga ham ravo ko‘rib bo‘lmaydi. Dunyolarga sig‘may qoldim. Aqldan ozayotgandek edim...

Hech kimning gapi, nasihati qulog‘imga kirmasdi. Nega endi men, nega mening bolam ketishi kerak? Tushunmasdim, tushunishga ojiz edim.

Umrni yo‘lga mengzashadi. U goh ravon, goh o‘nqir-cho‘nqir, gohi baland, gohi past. Hayot sinovlariga qoqilmagan, yiqilmagan odamning o‘zi yo‘q. Kimdir turib yo‘lida davom etadi, kimdir esa tekis yo‘l qidirib, adog‘i berk ko‘chalarga kirib qoladi.

Odina Umanorova yiqilganda turishga kuch topa olgan, mashaqqatga tik boqa olgan ayollardan. Bugun uning shirindan-shakar farzandlari, tushunuvchi turmush o‘rtog‘i va sevgan kasbi bor. Lekin bu kunlarga u osonlikcha yetib kelmagan.

Ayolning topganlari va yo‘qotganlari, hayot zarbalari oldida ojiz qolgan damlari ko‘nglidan o‘tgan kechinmalar, yashashga kuch bergan sabablar haqida o‘zidan eshitamiz.

Avtohalokat

Asli Andijonning Marhamat tumanidanman. Maktabni tamomlab Marg‘ilon hisob kredit texnikumida bank hisobchisi yo‘nalishida o‘qidim. O‘qishni tamomlab bankda faoliyat yurita boshladim. Taqdir ekan, Toshkent shahriga kelin bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im zamonaviy fikrlaydigan inson bo‘lganliklari uchun ish faoliyatimni davom ettirdim. Birin-ketin farzandli bo‘lganimizdan so‘ng bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldim.

Shunday kunlarning birida turmush o‘rtog‘im avtohalokatga uchrab qoldi. Juda yomon ahvolda edi. Asosan beli singanligi uchun bir joyda yotib davolanishiga to‘g‘ri keldi. Shunisiga ham shukur qildik. Chunki, turmush o‘rtog‘imdan boshqa hamma voqea joyida halok bo‘lgandi.

Turmush o‘rtog‘im olti oy to‘shakka mixlanib qoldilar. Turish, qimirlash, yumshoq o‘rinda yotish ham taqiqlangandi. Bolalar yosh bo‘lgani va turmush o‘rtog‘imga qarov kerakligi bois ishga chiqolmasdim. Shu bilan birga bizga moddiy mablag‘ kerak edi.

Biroz qiyinchiliklar bo‘lgan paytda uyda qanday qilib bo‘lsa ham pul topish haqida o‘ylardim. Bir kuni qizim uchun ko‘ylakcha bichimini chizdim va qo‘lda tikib chiqdim.  Tikuv mashinam bo‘lmagani sababli tikuvchiga ustidan bostirtirdim.

Qizim uni bog‘chadagi bayramga kiyib chiqdi. Hammaga yoqdi, qayerdan olganimizga qiziqmagan odam qolmadi, bog‘chasida. Mana shu paytdan bu ishga qiziqishim boshlandi. Mehnatim odamlar tomonidan e’tirof etilganidan o‘zimda rag‘bat sezgan bo‘lsam kerak.

Judolik...

Turmush o‘rtog‘im yaxshi bo‘lib oyoqqa turdi. O‘z ish faoliyatiga qaytdilar. Hayot sinovlarini ham yengib o‘tdik deb o‘ylagandim. Men farzandlarimiz tarbiyasi bilan band bo‘ldim.  Bolajonlarim biri 5, biri 6 yosh bo‘lishdi.

O‘z ish faoliyatimga qaytish uchun yana o‘qishga qaror qildim. Bank sohasida ko‘p yangiliklar bo‘lib ketganligi uchun endigina buxgalteriya kursiga kirgan edim. Allohning yana bir sinovi bor ekan. Besh yoshli o‘g‘lim suvga cho‘kib, vafot etib qoldi. Bu shunchalar og‘ir dardki, xatto jonivorlarga ham ravo ko‘rib bo‘lmaydi. Dunyolarga sig‘may qoldim. Aqldan ozayotgandek edim...

Hech kimning gapi, nasihati qulog‘imga kirmasdi. Nega endi men, nega mening bolam ketishi kerak... Tushunmasdim, tushunishga ojiz edim.

Hayot davom etarkan

Doktorlarga borib ancha davolandim. Ular menga yana farzandli bo‘ling, qalbingizga malham bo‘ladi, deyishdi. Yana farzandli bo‘ldim: qiz va o‘g‘il.

Bolalar parvarishi bilan yana uyda qolib ketdim. Endi aniq jamiyatda o‘z o‘rnimni yo‘qotayotganimni sezardim. Albatta, o‘zim pul ishlab topishni xohlardim. Shunday ish qilishim kerakki, u davomiy va raqobat kam bo‘lishi kerak, deb o‘ylardim.

Shunday kunlarning birida qizim maktab tadbirlariga ijaraga ko‘ylak olish uchun pul yig‘ilayotgani, o‘zi ham pul berishi kerakligini aytdi. Shu turtki bo‘ldi-yu, bayram liboslari yaratib, ularni ijaraga berish orqali daromad olishni niyat qildim. Ishlarim yurisha boshladi. Buyurtmalar ham asta-sekin ko‘paya boshladi. Lekin ularni bajarish uchun imkoniyatim yetishmay qoldi.

Tavakkal

Mahalladan uyimizga xodimlar keldi. Nima kamchiligingiz bor, deb so‘rashdi. Man esa ish kerakligini aytdim. Ular menga ayollar daftariga kirib kredit ham olishim mumkinligini aytishdi.

Avvaliga qo‘rqdim, kreditni uzolmasam-chi, deb. Lekin o‘ylab ko‘rib tavakkal qilishga qaror qildim. 2021 yil 35 million kredit olib o‘z ishimni kengaytira boshladim. Ishim shunchalar qiziqarli ediki, o‘zim ham bolalarga tikilgan ko‘ylaklarni kiygim kelardi.

Bog‘cha, maktablarga va raqs guruhlariga bayramlarda liboslar tikish bilan birga, fan oyliklari uchun ham moslab kostyumlar tikishni yo‘lga qo‘ydik. Ishimizni yanada kengaytirish maqsadida Andijon viloyatida filial ochishga qaror qildim va ochdik. Talab ko‘p, Andijonda ishlarimiz yaxshi. Qolgan viloyatlarda ham ochish harakatidaman.

Tezroq kreditni yopish uchun ikki karra ko‘proq ishladik. Xudoga shukur, hozir kreditdan qutulganmiz. Bir oyda 10-25 milliongacha foyda ko‘raman. Bayram sanalarida bundan ham ko‘proq topishimiz mumkin. Ham moddiy, ham ma’naviy tomondan motivatsiya olaman.

Bolajonlarning bayramlarini bezatayotganimizdan judayam xursandman. Ota-onalarning minnatdorchiligini eshitganimda hamma mashaqqatlarim unut bo‘ladi.

Farzandlar tarbiyasi

Farzandlarim tarbiyasi, o‘qishi, sog‘lig‘i bilan shug‘ullanishimga ishim xalal bermaydi. Onalik va ayollik vazifalarim bilan birgalikda sevimli ishim ham borligidan xursandman.

Katta farzandim ingliz tili to‘garagiga qatnashadi. Olimpiadalarga chiqib yaxshi natijalarga erishmoqda. Shu yili Qur’oni karimni xatm qildi. Hozir ikkinchi marotaba xatm qilmoqda. O‘rtancha farzandim karate to‘garagiga boradi, musobaqalarda natijasi yaxshi, kichkina farzandim ham kurash bilan shug‘ullanadi.

Bugungi kunim uchun ming bor shukur deyman. Bir ayolga nima kerak bo‘lsa, menga barchasini ortig‘i bilan berdi. Dard kelganda sabr, baxt kelganda shukur qilishni o‘rgandim.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid