19:02 / 07.11.2022
10184

Yevropa O‘zbekistonda so‘z erkinligi va demokratiya ta’minlanishidan qanday manfaatdor? - Kamoliddin Rabbimov bilan suhbat

Asrlar davomida G‘arbda shakllangan tafakkurga ko‘ra, qayerda inson huquqlari, demokratiya va huquqiy davlatchilik bo‘lmas ekan, u yerda barqarorlik bo‘lmaydi va u yerga investitsiya kiritib bo‘lmaydi. Qachonlardir yuzaga keladigan ijtimoiy portlash va siyosiy inqirozlar oqibatida yuz minglab qochoqlar Yevropa ittifoqiga boradi degan tushuncha mavjud, deydi siyosatshunos.

So‘nggi vaqtlarda Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarda jonlanish kuzatilyapti. Kun.uz muxbiri ushbu mavzu yuzasidan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

Oktyabr oyi oxirida Toshkentga kelgan Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel tashrifi davomida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda so‘z va e’tiqod erkinligini ta’minlash, bu borada qilinayotgan ishlar haqida ham muzokaralar olib borilgan. Yevropa davlatlari O‘zbekistonda so‘z erkinligi va demokratik institutlar faol bo‘lishidan qanday manfaatdor?

— Bu yerda bir necha muhim nuqtalar bor. 90-yillarda Kollektiv G‘arb tomonidan inson huquqlari va huquqiy davlatchilikni qo‘llab-quvvatlash va uni talab qilish darajasi juda yuqori edi. 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin ayniqsa, musulmon davlatlarda huquqiy davlatchilikni qo‘llab-quvvatlash darajasi anchagina pastga tushdi.

Kichik Jorj Bush prezidentligi davrida inson huquqlari emas, xavfsizlik hamda terrorizmga qarshi kurashish muhim degan konsepsiya juda yuqoriga olib chiqildi. G‘arbdagi ba’zi siyosiy tafakkur maktablariga ko‘ra, musulmon dunyosida inson huquqlari va demokratiya ta’minlanishi siyosiy Islom kuchayib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun musulmon dunyosida demokratiyani qo‘llab-quvvatlash kerak emas, degan tushuncha mavjud.

Lekin G‘arbdagi asosiy siyosiy kuchlar u yoki bu shaklda doim inson huquqlari, demokratiya va huquqiy davlatchilikni qo‘llab-quvvatlaydi. Sababi G‘arbda asrlar davomida shakllangan tafakkurga ko‘ra, qayerda inson huquqlari, demokratiya va huquqiy davlatchilik bo‘lmas ekan, u yerda barqarorlik bo‘lmaydi. U yerga investitsiya kiritib bo‘lmaydi. Ertami-kechmi ijtimoiy portlash yuzaga keladi hamda siyosiy inqiroz yuzaga keladi. Buning natijasida kamida yuz minglab, balki millionlab qochqinlar aynan Yevropa Ittifoqiga boradi degan tushuncha mavjud.

Inson huquqlari bir tizim sifatida har bir insonni birinchi bo‘lib tashvishga soladigan va eng ko‘p bezovta qiladigan muammolarni aytish huquqini beradi. Chunki inson dunyoqarashi va ichki kechinmalarini so‘z orqali ifoda qiladi, bu – so‘z erkinligi degani. Jamiyatda jabr-zulmlar bo‘lmasligi uchun demokratiya bo‘lishi kerak. Tarixan demokratiyaning eng qudratli tarafi hokimiyatni talafotlarsiz, urushlarsiz va qon to‘kmasdan turib, vaqti-vaqti bilan almashtirib turishni ko‘zda tutadi. Demokratiya shunday tizimki, ko‘pgina nuqsonlari bo‘lishiga qaramasdan, agar undan to‘g‘ri foydalanilsa, barqarorlikni undan kuchliroq ta’minlovchi tizim hali shakllangani yo‘q.

Shuning uchun ham G‘arbning ko‘plab mamlakatlari va qudratli davlatlar demokratiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Bir tomondan bu xavfsizlik va barqarorlikni anglatadi, ikkinchi tomondan bemalol hamkorlik qilish va investitsiyalar kiritilganda o‘sha investitsiyalarni himoya qilish. Demokratiya o‘sha davlat uchun ham, tashqi dunyo uchun ham eng optimal tizim hisoblanadi.

Demak, bizdagi demokratiyadan avvalo, ularning o‘zlari ham manfaatdor, shundaymi?

— O‘zlarining ham manfaati bor. Bilasizmi, bu yerda manfaatlarni ajratib bo‘lmaydi. Demokratik davlatlar bir-biri bilan ziddiyatlashib qolishi mumkin, lekin hech qachon bir-biri bilan urishmaydi. Aytaylik, AQSh va Fransiya kelishmay qolishi mumkin. Lekin bu jamiyatlar va millatlar bir-birlari bilan urishmaydi.

Agar hokimiyatlarda ultramillatchilar, natsionalizm va fashizm bo‘lganidagina davlatlar o‘rtasidagi bu ziddiyat urush darajasiga yetib borishi mumkin. Demokratik institutlar va mexanizmlar urushlarni tinch yo‘l bilan hal qilish imkonini beradi. Agar Rossiyada demokratiya bo‘lganda edi, albatta Ukraina bilan urush bo‘lmasdi. Hokimiyatda 20 yildan ortiq vaqtdan beri qolayotgan Putin uchun urush uning manfaatlariga to‘g‘ri keldi va bu urush boshlandi.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi,
Tasvirchi va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid
Top