Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa Ittifoqi va’da qilingan 9 mlrd yevroni Kiyevga to‘liq o‘tkaza olmaydi
YeI 2022 yilda Ukrainaga moliyaviy yordam sifatida 9 milliard yevro o‘tkazish va’dasini a’zo davlatlarning bu masalada birligi yo‘qligi sababli bajara olmaydi.
Yevrokomissiya rahbari o‘rinbosari Valdis Dombrovskis 8 noyabr, seshanba kuni Yevropa Ittifoqi iqtisodiyot vazirlari yig‘ilishidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga may oyida va’da qilingan 9 milliard yevro miqdoridagi moliyaviy yordamni joriy yilning oxirigacha to‘liq hajmda o‘tkaza olmasligini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur mavzu yuzasidan uchrashuv davomida «keng muhokama» bo‘lib o‘tgan.
Euobserver internet-nashrining yozishicha, Ukrainaga va’da qilingan yordam to‘lovining kechikishiga YeI davlatlari o‘rtasidagi ushbu mavzudagi ichki kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan.
Yevrokomissiya Ukrainaga 2022 yilda mamlakat budjeti taqchilligini qoplash va uning iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun 9 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam berish rejasini may oyida e’lon qildi.
7 noyabr kuni Yevrokomissiya vakili Kiyev avgust oyida 1 milliard yevro, oktyabrda esa 2 milliard yevro to‘lov olganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil oxirigacha yana 3 milliard yevro ajratish rejalashtirilgan, shunda 2022 yilda to‘lovlarning umumiy miqdori va’da qilingan 9 milliard yevro o‘rniga 6 mlrdni tashkil etadi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uning mamlakatiga yil oxirigacha hali to‘lanmagan 6 milliard yevro «o‘ta zarur» ekanini aytgandi.
Oktabr oyi oxirida Berlinda Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha xalqaro ekspertlar konferensiyasi arafasida Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen Ukrainaga faqat budjetni qoplash, xarajatlar, shu jumladan ish haqi va pensiyalar uchun oyiga 3 milliarddan 5 milliard yevrogacha kerakligini ma’lum qildi va Yevropa Ittifoqi Ukrainani oyiga 1,5 milliard yevro miqdorida moliyalashtirishga tayyorligini ta’kidladi, shunda 2023 yil uchun umumiy miqdor taxminan 18 milliard yevroni tashkil qiladi.
Yevrokomissiya 9 noyabr kuni Ukrainaga 2023 yilda 18 milliard yevro miqdorida yangi yordam paketini taqdim etish masalasini muhokama qilishi kutilmoqda. Reja Yevropa Ittifoqi budjetidan Kiyevga mablag‘ to‘plash uchun kafolat sifatida foydalanishni nazarda tutadi va Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini talab qiladi.
8 noyabr kuni Chexiya moliya vaziri, hozirda Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Zbinek Stanyura ushbu yordam paketini tasdiqlash uning mamlakati uchun ustuvor vazifa ekanligini va u Ukraina 2022 yilda to‘lanmagan 3 milliard yevro yordamni 2023 yil yanvarida olishiga umid qilishini aytdi.
Shu bilan birga, 7 noyabr kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Bolgariyada bo‘lib o‘tgan Markaziy Yevropa tashabbusi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida uning mamlakati Yevropa Ittifoqining Ukrainaga uzoq muddatli moliyaviy yordam ko‘rsatish rejasini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. «Biz bundan keyin ham Ukrainaga ikki tomonlama asosda moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyormiz, biroq bu sohada hech qanday umumevropa qarzini qo‘llab-quvvatlamaymiz», — dedi u.
Mavzuga oid
11:05 / 16.06.2026
Kallas: g‘arb sanksiyalari Rossiyaga 1,3 trln yevroga tushdi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
08:50 / 05.06.2026
YeIda ukrainalik qochqinlarni himoya qilish tartibi o‘zgarishi mumkin
08:58 / 04.06.2026