22:12 / 10.11.2022
35040

Rossiya Xersonni tark etmoqda. Rossiya televideniyesida bu haqda nima deyishdi?

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 9 noyabr kuni ishg‘ol qilingan Xersondan qo‘shinlarni olib chiqishni buyurdi. Rossiya davlat telekanallaridagi yangiliklar dasturlarida va tok-shoularda bu voqea batafsil yoritilmadi.

Foto:

Kechki yangiliklarda bu hodisa izohlanmadi va tahlil qilinmadi, asosan Ukrainadagi qo‘shinlarning birlashgan guruhi qo‘mondoni Sergey Surovikin hisobotining to‘liq videolavhasi namoyish etildi.

Unda general «maxsus operatsiya» hududidagi vaziyat «barqarorlashtirilgani», go‘yoki safarbar qilingan va ko‘ngillilar tufayli rus qo‘shinlarining salohiyati oshgani, ba’zi yo‘nalishlarda hujum qayta boshlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, Dnepr daryosining o‘ng qirg‘og‘ida qo‘shinlarni ushlab turish behuda ekani, ularni chap qirg‘oqqa ko‘chirib, mudofaa chizig‘ini tashkil etish maqsadga muvofiqligini aytdi.

Shoygu uning fikrlariga qo‘shildi.

Yangiliklarda asosiy e’tibor «hayotni saqlab qolish»ga qaratildi. «Rossiya 1» telekanalida berilgan videolavhadan oldin boshlovchi shunday matnni o‘qidi: «Qo‘mondon Sergey Surovikin qo‘mondonlik punktida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sergey Shoyguga «maxsus harbiy operatsiya» hududidagi vaziyat haqida hisobot berdi. Bu operatsiyani rejalashtirishda harbiylarimiz askarlar va tinch aholining hayotini saqlab qolish uchun hamma narsani qilmoqda. Mudofaa vaziri safarbar qilinganlar orasidan faqat eng yaxshi tayyorgarlikka ega jangchilarni yuborish kerakligini alohida ta’kidladi».

«Birinchi kanal»da bo‘layotgan voqealar «Xerson oblastida qo‘shinlarning qayta guruhlanishi» deb nomlandi.

NTV telekanalida boshlovchi «Xerson oblastidagi xavotirli vaziyat» haqida xabar berdi va «vaziyat tezkor va qiyin qarorlarni qabul qilishni talab etayotgani, xususan, qo‘shinlarni boshqa hududga ko‘chirish zarurati borligi»ni aytdi.

Shu kabi so‘zlar tok-shouda ham yangradi. «Natsionalnaya oborona» jurnali bosh muharriri Igor Korotchenko «60 minut» dasturida Xersonning taslim bo‘lishini «og‘ir qaror» deb atadi. «Surovikin mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi, lekin biz tushunishimiz kerakki, u qo‘shinlar boshqaruviga tayinlangan paytda o‘zidan oldingilar tushgan vaziyatni o‘nglay olmasligini yaxshi bilgan. Har qanday holatda, Rossiya armiyasiga tosh otuvchilar xoindir». U Rossiya armiyasining g‘alabasiga ishonishini ta’kidladi, garchi uning fikricha, «bu oson bo‘lmaydi».

Dastur boshlovchisi Olga Skabeyeva bu chekinish «oldindan rejalashtirilgani»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Surovikin vaziyat juda va juda qiyin ekanini darhol aytgan, bu katta ehtimol bilan bahorgi kampaniya paytidagi unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan harakatlar bilan bog‘liq. «Qaror oson emas, lekin u tinch aholi va harbiylarning hayotini saqlab qolish uchun qabul qilindi», dedi boshlovchi.

Moskva davlat universiteti Jahon siyosati fakulteti amaliy, siyosiy va harbiy tadqiqotlar markazi rahbari, zaxiradagi general-leytenant Yevgeniy Bujinskiy «60 minut» dasturida chekinishning ikkita sababni sanadi: birinchidan, Antonov ko‘prigi vayron qilinishi va oqibatda shahar va harbiylar ta’minoti yo‘llarining buzilishi. Ikkinchidan, agar Kaxovka to‘g‘oni vayron qilinsa, Xerson shunchaki suv ostida qolishi, aholi va harbiylarni esa ekstremal sharoitda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelishi.

«Ha, psixologik tomondan qaror murakkab va og‘ir bo‘ldi, ammo asosli edi», dedi u.

Kremlparast siyosiy tahlilchi Sergey Markov kanalida «Xerson bo‘yicha umumiy senzura» deb yozdi, biroq keyinchalik postni o‘chirib tashladi. Bunga jurnalist Oleg Kashin (Rossiyada «xorijiy agent» deb topilgan) e’tibor qaratgan.

Urush partiyasi qanday munosabatda bo‘ldi?

Hozirda urush tarafdorlari deb hisoblanadigan guruhlar Shoygu va Surovikinning qarorini qo‘llab-quvvatlashdi.

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov shunday dedi: «barcha ijobiy va salbiy xususiyatlarni taroziga solib, general Surovikin askarlarning bebaho hayotini saqlab qolish uchun balandparvoz bayonotlar va bema’ni qurbonliklar o‘rtasida qiyin, ammo to‘g‘ri tanlov qildi».

U Xersonning «dushmanga topshirilgani» haqida gapirmaslikka chaqirdi. Chunki, shahar jangchilar bilan birga «topshiriladi». Surovikin esa askarlar hayotini himoya qildi va yanada qulay, xavfsiz strategik pozitsiyani egalladi».

«Surovikin tomonidan qabul qilingan qaror oson emas, lekin u mas’uliyatdan qo‘rqmaydigan haqiqiy erkakdek harakat qildi. U buni uyushqoqlik bilan amalga oshirdi. Qaror qabul qilish mas’uliyatini qo‘rqmasdan zimmasiga oldi. Shuni ta’kidlashni istardimki, qo‘shinlarni olib chiqish operatsiyasi har doim murakkab. Dushmanga orqani qaratgan holda pozitsiyalarni tark etib bo‘lmaydi», dedi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin.

«Yedinaya Rossiya» bosh kengashi kotibi Andrey Turchakning ta’kidlashicha, Xerson yaqinidagi rus harbiylari «katta xavfga duchor bo‘lgan», shuning uchun «bugungi manyovrning asosiy maqsadi – aholini himoya qilish va harbiylar hayotini imkon qadar saqlab qolish».

Vatanparvar blogerlar

«Biz buni federal kanallarda qanday taqdim etilishini bilmaymiz. Balki, achchiq dorini «tarix hammasini joy-joyiga qo‘yadi» degan tinchlantiruvchi so‘zlar bilan yumshatishar. Balki Ulug‘ Vatan urushi tajribasi bilan xaspo‘shlashar yoki «armiya tugasa – dushman tugaydi» degan ibora bilan izohlashar va hokazo. Lekin odamlar nazdida bu – mag‘lubiyat», deb yozdi «Rybar» telegram kanali.

«Achchiq. Alamli. Agar ustiga-ustak Ukraina bilan sulh tuzilsa (Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ikki kundan beri muzokaralarga ishora qilmoqda), bu Rossiya jamiyatining vatanparvar, yadro qatlami yuziga tupurish bo‘ladi», deb xulosa qildi ular.

Harbiy bloger Vladlen Tatarskiy Xersondan chekinishni urush boshidagi Kiyevdan chekinishga o‘xshatdi. Uning fikricha, shahar uchun kurashni davom ettirish va jangsiz taslim bo‘lmaslik kerak edi.

WarGonzo harbiy loyiha mualliflaridan biri «g‘alaba nafaqat ommabop va oddiy qarorlar, balki g‘urur bo‘g‘ziga bosilgan oyoq orqali ham yaratiladi», deb yozdi: «Har qanday qarorda, hatto noxush qarorlarda ham sog‘lom fikr bo‘lishi kerak».

«Bunday vaziyatda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, ahmoqlarga «bema’ni gaplarni aytishi»ga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ko‘ngilni sarosimaga solmaslik kerak. Kimdir maxsus operatsiyaning ikkinchi bosqichini e’lon qildi, lekin aslida ikkinchi bosqich yo‘q. Bu shunchaki maxsus operatsiya uchun boshqa darajadagi shartlar», deb yozdi bloger.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top