Jahon | 07:21 / 11.11.2022
13268
6 daqiqa o‘qiladi

«Ikkinchi Mariupol bo‘lishidan qo‘rqyapmiz va Ukraina kuchlarini kutyapmiz» - Xerson aholisi

Foto: ukrinform

Rossiya Mudofaa vazirligi rus qo‘shinlarini Xersondan Dniproning chap qirg‘og‘iga olib chiqish boshlanganini e’lon qildi. Kiyevda bunday bayonotlar vazminlik bilan qabul qilindi. Shaharda qolgan aholi DW nashriga Xersondagi vaziyat haqida aytib berdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlarini Xersondan Dniproning chap qirg‘og‘iga olib chiqish uchun «manyovr» boshlanganini rasman e’lon qildi. Kiyevda bunday bayonotlar o‘ta vazminlik bilan qabul qilindi. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Ukraina Rossiya Xersonni jangsiz tark etishi haqida hech qanday alomat ko‘rmayapti. «Ru-guruhning salmoqli qismi shaharda qolmoqda, mintaqaga qo‘shimcha zaxiralar jalb qilinmoqda. Ukraina uyushtirilgan televizion bayonotlarga ko‘ra emas, balki razvedka ma’lumotlari asosida hududlarni ozod qilmoqda», — deb yozdi Podolyak 9 noyabr kuni Twitter'da. Material e’lon qilinganida, Ukraina harbiy qo‘mondonligi rus qo‘shinlarining Xersondan Dniproning chap qirg‘og‘iga olib chiqilishi haqidagi ma’lumotni na rad etishini, na tasdiqlay olishini bildirdi.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning aytishicha, Rossiya okkupatsion vakillari Xerson viloyatidagi mobil qurilmalar tizimining elementlarini demontaj qilmoqda va odamlarni aloqadan mahrum qilish maqsadida Wi-Fi routerlarini tortib olmoqda. «Xerson viloyatining aholi punktlarida dushman to‘g‘ridan to‘g‘ri turar joy binolarida artilleriya o‘q otish pozitsiyalarini jihozlamoqda, muhandislik va mustahkamlash ishlarini olib bormoqda, fuqarolarning shaxsiy uylarini vayron qilmoqda», — dedi Malyar brifingda.

Mixail Podolyakning fikricha, Rossiya chap qirg‘oqdan o‘qqa tutib, Xersonni xarobaga aylantirishni rejalashtirmoqda: «Rossiya Xersonni «o‘lim shahri»ga aylantirmoqchi. Rossiya harbiylari qo‘lidan kelgan hamma narsani minalashtirmoqda: kvartiralar, kanalizatsiya. Chap tomondagi artilleriya shaharni xarobaga aylantirishni rejalashtirmoqda. «Rus dunyosi» shunday: keladi, talon-toroj qiladi, nishonlaydi, «guvohlarni» o‘ldiradi, vayronalarni tashlab ketadi, tark etadi», dedi Ukraina prezidenti devonining maslahatchisi.

Xersonda kun bo‘yi barqaror mobil aloqa va internet aloqasi yo‘qligiga qaramay, DW bir necha Xerson aholisi bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning barchasi faqat anonimlik sharti bilan gaplashishga rozilik berdi. Ularning aksariyati qo‘rqqan va umidsiz kayfiyatda, chunki ma’lumotlarga kirish imkoni yo‘qligi sababli, hech kim nima bo‘layotganini va nimani kutish kerakligini tushunmayapti. «Bizda hozir elektr, suv, issiqlik va aloqa yo‘q. Kechirasiz, lekin men hech qanday izoh bermayman, chunki ular boshimga bir marta qog‘oz xalta kiydirib qo‘yishdi», dedi ukrainaparast pozitsiyasi tufayli jabrlangan kishi.

Qolganlarning katta qismi shahar Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) tomonidan ozod qilinishini intiqlik bilan kutmoqda, ammo rus qo‘shinlari shaharni osonlikcha shunday tark etishiga ishonmayapti. «Internetga ulanish faqat Dnipro qirg‘og‘ida turganingizda mavjud. Ruslar hozirgina bizga yaqinlashib, ertaga tushdan keyin shaharni tark etish maqsadga muvofiqligi haqida ogohlantirishdi, chunki kechki ovqatdan so‘ng Xersonni o‘qqa tuta boshlashadi va uni ikkinchi Mariupolga aylantirishadi. Ularning tahdidlariga ishonish yoki ishonmaslik, bu har bir kishining o‘z ishi. Lekin shaharda deyarli hech qanday okkupantlar qolmagan. Rossiyaning «akvafreshlari» olib tashlangan, hozir Xersonda Rossiya bayroqlari ham yo‘q. Ukraina Qurolli kuchlarini kutmoqdaman», - deydi xersonlik Tatyana.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 8-9 noyabr kunlari Rossiya okkupatsion hokimiyati tomonidan uyushtirilgan «evakuatsiya» rasmiy ravishda yakunlandi, ammo shaharni Dniproning chap qirg‘og‘ida joylashgan Skadovskka mustaqil ravishda tark etishga harakat qilayotgan xersonliklar bor, u yerdan esa Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim orqali Yevropa mamlakatlariga chiqib ketish mumkin, ammo hozir bu juda xavfli va deyarli imkonsiz.

Xersondagi fuqarolar hozir oddiy narsalar yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Kommunal xo‘jalik muhandisi Romanning aytishicha, hozir ko‘p qavatli uylarda isitish yo‘q, gaz ta’minotida uzilishlar bor, 9 noyabrdan 10 noyabrga o‘tar kechasi elektr energiyasi o‘chgan. «Ammo Markaziy bozorda ba’zi do‘konlar hali ham ochiq. Mikroavtobuslar shahar bo‘ylab yurishda davom etmoqda. Urushdan oldin shahar sotib olgan katta kommunal avtobuslarni, afsuski, ruslar «chap qirg‘oqqa» evakuatsiya qilib ketdi», deydi Roman.

«Hozirda hududga qarab elektr energiyasi vaqti-vaqti bilan o‘chyapti, internet ham shunday», dedi DW nashriga ta’lim muassasalaridan birining xo‘jalik mudiri Sergey. - Ko‘p qavatli turar joylarda Ukraina televideniyesini ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ldi. Rossiya harbiylari shaharda ancha kamaygan, biroq noaniqlik maksimal darajada kuchayib ketgan». Sergeyning so‘zlariga ko‘ra, Xerson chekkasida «shovqin ortib bormoqda», yaqin-atrofda muntazam ravishda portlash ovozlari eshitilmoqda va bu Ukraina Qurolli kuchlari tez orada shaharni ozod qilishiga umid uyg‘otyapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid