19:49 / 11.11.2022
26972

NATOdagi kelishmovchilik. Turkiya yangi a’zolar qo‘shilishiga qachongacha qarshilik qilmoqchi?

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida so‘ng butun dunyo, xususan, Rossiya qo‘shnilarida o‘z xavfsizligidan xavotir kuchaydi. Bir necha yillik betaraflikdan so‘ng Finlandiya va Shvetsiya NATO harbiy blokiga qo‘shilishga qaror qilib, 18 may kuni bu borada rasman ariza topshirdi.

Foto: Adem ALTAN / AFP

Hozirgacha Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga qo‘shilishini alyansning 30 a’zosidan faqat ikkitasi tasdiqlamadi. Bular Vengriya va Turkiya. Vengriya parlamenti tez orada Skandinaviya davlatlari arizasini ratifikatsiya qilishi kutilayotgan bo‘lsa, Anqara yangi a’zolar qo‘shilishiga qarshilik qilishda davom etmoqda.

Voqealar rivoji

2022 yilning may oyida Finlandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun rasmiy so‘rov yuborishga tayyorlanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Rasmiy Anqara Shvetsiya va Finlandiyaning alyansga qo‘shilishini ma’qullamasligini aytib, bu ikki davlatni kurd terrorchilarini moliyalashtirish va ularga boshpana berishda aybladi. Shuningdek, Turkiya ulardan o‘zi tomonidan terrorchi deb topilgan kurd millati vakillarini ekstraditsiya qilishni talab qildi.

NATOga qo‘shilish tartib-qoidalariga ko‘ra, alyansga yangi a’zo qo‘shilishi uchun ittifoqning barcha a’zolari roziligi olinishi kerak bo‘ladi. Alyans a’zosi bo‘lgan Turkiyaning noroziligi Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga qo‘shilishini cheklab qo‘yardi.

Vaziyatga AQSh va NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg aralashgach, Turkiya Shvetsiya va Finlandiya ittifoqqa qo‘shilishi evaziga o‘z shartlari bajarilishini so‘radi.

Anqara Turkiya F-35 uchuvchilarini tayyorlash dasturga qaytarilishini va Rossiyadan C-400 raketalari xaridi uchun kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishni, Shvetsiya va Finlandiya kurd tashkilotlarini omma oldida qoralashini va Kurdiston ishchi partiyasini (KIP) terrorchilik tashkiloti deb tan olishini, ikki davlat tomonidan Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanishini talab qildi (bu taqiqlar 2019 yilda, Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari tufayli joriy etilgandi).

18 may kuni Shvetsiya va Finlandiya NATOga qo‘shilish uchun rasmiy ariza berganidan so‘ng, ertasiga Turkiya muzokaralar boshlanishiga blok qo‘ydi.

Shundan keyin, Helsinki va Stokholm Turkiya xavotirlarini yo‘qotish uchun urinishini ma’lum qildi.

«Turkiyaning pozitsiyasi bizni hayratda qoldirdi. Biz ularning xavotirlarini jiddiy qabul qilishimiz kerak. Shunday qilamiz ham. Umid qilamanki, barchani qoniqtiradigan yechim topamiz», deya vaziyatga izoh berdi Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo.

Shuningdek, u Finlandiya Shvetsiyasiz NATOga qo‘shilmasligini ham aytib o‘tdi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg yangi a’zolarning oxir-oqibat alyansga qo‘shilishiga ishonch bildirdi. Shu bilan birga, u Turkiyaga ham yon berib, Anqaraning Shvetsiya va Finlandiya alyansga qo‘shilishidan xavotiri o‘rinli ekanini ta’kidladi.

28-30 iyun kunlari Ispaniya poytaxti Madridda NATO sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit boshlanishidan oldin Turkiya, Shvetsiya va Finlandiya rahbarlari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

«Ushbu uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tashqi ishlar vazirlarimiz Turkiya mazkur sammitda Finlandiya va Shvetsiyaning NATO a’zoligiga taklif etilishini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlovchi uch tomonlama memorandumni imzoladi», deya xabar berdi Finlandiya prezidenti matbuot xizmati.

Shundan so‘ng, NATO Shvetsiya va Finlandiyani ittifoqqa a’zo bo‘lishga rasman taklif qildi.

Biroq mashmasha bu bilan tugamadi. 1 iyul kuni Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlandiya Anqara terrorchi tashkiloti deb hisoblaydigan guruhlarni qonunan taqiqlamasa, Turkiya ularning NATOga qo‘shilishini ma’qullamasligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Shvetsiya Kurdiston ishchi partiyasining 73 a’zosini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

Erdo‘g‘an shuningdek, Shvetsiya va Finlandiyadan o‘z qonunlariga o‘zgartirish kiritishni ham talab qildi.

«Shvetsiya va Finlandiya Kurdiston ishchi partiyasi, «O‘z-o‘zini himoya qiluvchi xalq otryadlari» va «Fathullachilar terroristik tashkiloti» terrorchilari uchun o‘z eshiklarini yopishi kerak. Zarur o‘zgartirishlar milliy qonunchilikka kiritilishi lozim. Agar bu talablar bajarilmasa, unda xafa bo‘lib o‘tirishmasin. Biz tegishli choralarni ko‘ramiz», deya bayonot bergan Turkiya rahbari.

O‘z navbatida, Finlandiya Turkiya sabab mamlakat qonunlarini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi.

«Agar Turkiya Finlandiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilish evaziga qonunchiligimizda o‘zgarishlar talab qilsa, unda Finlandiya bunday yon berishga borishi dargumon», degan mamlakat tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto.

Uning so‘zlariga ko‘ra, memorandumda (NATOning Madriddagi sammiti doirasida Turkiya, Shvetsiya va Finlandiya tomonidan qabul qilingan uch tomonlama kelishuv) qonunlarga o‘zgartirish kiritish yoki shunga o‘xshash biror shart haqida gapirilmagan. Helsinki bunday majburiyatni o‘z zimmasiga olmagan.

«Men Finlandiya va Shvetsiyadagi kurdlar xavotirga tushayotganini tushunaman. Ammo ekstraditsiya haqida gap ketganda, buning sababi Finlandiyada ham isbotlangan terrorchilik jinoyati bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Finlandiya qiynoqlar yoki o‘lim jazosi kutayotgan odamlarni ekstraditsiya qilmaslik majburiyatini olgan. Ekstraditsiya uchun juda arzirli asoslar bo‘lishi kerak», deya o‘z pozitsiyasini bildirgan Finlandiya TIV rahbari.

5 iyul kuni davom etayotgan bahslar va tushunmovchiliklarga qaramay, Finlandiya va Shvetsiya NATOga kirish to‘g‘risidagi protokollarni imzoladi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ikki davlat a’zoligini ratifikatsiya qilish jarayoni boshlanganini e’lon qildi.

11 avgustda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Shvetsiya va Finlandiyani o‘z va’dalarini bajarmaganlikda aybladi.

Vazir iyun oyida Helsinki va Stokholm bilan tuzilgan Madrid kelishuvini esladi. Kelishuvga ko‘ra, Skandinaviya davlatlari terrorchi deb hisoblangan Kurdiston ishchi partiyasi a’zolarini Turkiyaga ekstraditsiya qilishi, partiya tuzilmalariga aloqador barcha tashkilotlarni yopishi va Anqaraga bu borada kafolat berishi kerak edi.

Anqara esa buning evaziga Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini olgan.

«Turkiya tomoni Shvetsiya va Finlandiyaning bu yo‘nalishda (shartnomani bajarishda) qandaydir qadam tashlaganini haligacha ko‘rmadi», dedi Turkiya TIV rahbari.

11 sentabrda Shvetsiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi va mamlakat rahbarligiga Turkiya bilan munosabatlarda qattiq pozitsiya egallab kelayotgan Magdalena Andersson boshliq sotsial-demokratlar o‘rniga Ulf Kristersson boshliq mo‘’tadil koalitsiya keldi.

20 oktyabrga kelib NATOga a’zo 30 davlatdan 28 tasi Shvetsiya va Finlandiyaning alyansga qo‘shilishini ratifikatsiya qilgani ma’lum bo‘ldi. Faqat ikki davlat bu hujjatni hali ham tasdiqlamadi — Vengriya va Turkiya.

Vengriya parlamenti yaqin kunlarda bu borada tegishli qaror qabul qilishi kutilayotgan bo‘lsa, Turkiya hali ham o‘z shartlari bajarilmayotganini da’vo qilmoqda.

NATOdagilar Shvetsiya va Finlandiya a’zo bo‘lish uchun barcha talablarni bajarganini aytishgan. Turkiya esa boshqacha fikrda.

Xususan, 3 noyabr kuni Turkiya adliya vaziri Finlandiya va Shvetsiya hali birorta terrorchini Anqaraga topshirmaganini ma’lum qildi.

«Ekstraditsiya mavzusi muhokama qilinmoqda, biroq terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullangan shaxslarni ekstraditsiya qilish masalasida hozircha ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q», degan vazir.

4 noyabr kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Istanbulga keldi va prezident Erdo‘g‘an, mudofaa vaziri Halusi Akar hamda tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li bilan ko‘rishdi.

Ular bir necha masalalar qatori, Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga qo‘shilishini tezlashtirish masalasini ham muhokama qildi.

5 noyabr kuni nihoyat, Shvetsiyaning yangi bosh vaziri Ulf Kristersson NATOga kirish uchun Turkiyaning roziligini olish maqsadida Shvetsiya hukumati kurd tashkilotlaridan uzoqlashmoqchi ekanini ma’lum qildi.

U tashkilotga aloqador «O‘z-o‘zini himoya qiluvchi xalq otryadlari» kurd jangari tashkiloti va uning siyosiy qanoti bo‘lgan «Demokratik ittifoq» partiyasi bilan hamkorlikni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. Bosh vazir so‘zlarini mamlakat Tashqi ishlar vaziri ham ma’qulladi.

«Mamlakatimizning asosiy maqsadi — NATOga a’zo bo‘lish», dedi Shvetsiya TIV rahbari Tobias Billustryom.

8 noyabr kuni Ulf Kristersson Anqaraga tashrif buyurdi va Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida har ikki rahbar keyingi harakatlar borasida kelishib olganini ma’lum qildi.

«Biz ularning xavfsizlik borasidagi xavotirlarini tushunamiz va ulardan ham bizning bu boradagi shartlarga javob berilishini istaymiz», dedi Erdo‘g‘an.

Shuningdek, u Shvetsiya va Finlandiyani kurd terrorchilariga boshpana berishda aybladi. Shu bilan birga, ularning NATOga qo‘shilishini «chin dildan» xohlashini ham aytib o‘tdi.

Shvetsiya bosh vaziri Turkiyaning terrorizmga qarshi kurashishini to‘g‘ri tushunishini va Stokholm Anqaraning qo‘llab-quvvatlovi evaziga olgan majburiyatlarini albatta bajarishga va’da berdi.

Kristersson Erdo‘g‘an bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni «juda samarali» deb atadi.

«Shvetsiya terrorizm tahdidiga qarshi kurash bo‘yicha Turkiya oldidagi barcha majburiyatlarini bajaradi. Mening hukumatim bir necha hafta oldin qonun va tartibni birinchi o‘ringa qo‘yish va’dasi bilan saylovda muvaffaqiyatga erishgan edi. Bu va’da doirasiga Shvetsiyadagi KIP kabi terroristik tashkilotlariga qarshi kurashish ham kiradi», dedi Shvetsiya rahbari.

Shvetsiya parlamenti kelasi hafta, Turkiya talablarini bajarishga imkon beruvchi qonunni qabul qilish uchun mamlakat Konstitutsiyaga tuzatish kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Konstitutsiyaga tuzatish kiritish «terrorizmga aloqador guruhlarning birlashish erkinligini cheklovchi» qonun qabul qilinishiga yo‘l ochadi. Parlament bayonotida aytilishicha, tuzatish uchun ovoz berish 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

9 noyabr kuni Chovusho‘g‘li Turkiyaning asosiy noroziligi Shvetsiyaga tegishli ekanini aytib, yangi bosh vazir va parlamentning bayonotlari vaziyatni yaxshilashiga umid bildirdi.

Aytish mumkinki, Shvetsiyaning yangi hukumati kelgusi yili bo‘lib o‘tadigan saylovlarda millatchilarning katta qo‘lloviga erishishni ko‘zlayotgan Erdo‘g‘an bilan muzokaralarda oldingi hukumatga qaraganda moslashuvchanroq bo‘lmoqda. Stokholm allaqachon 73 kishini ekstraditsiya qilishga tayyorgarlik ko‘ryapti.

Finlandiya, garchi Anqara unga nisbatan noroziligi deyarli yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, hamjihatlik sabab qo‘shnisi Shvetsiyani kutmoqchi. Ular 1 noyabr kuni, NATOga birgalikda kirishlarini yana bir bor tasdiqladi.

Shvetsiya parlamenti dekabr oyigacha mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritib, tegishli qonunni qabul qilsa, yil oxiriga qadar Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga qabul qilinishi masalasiga nihoyat nuqta qo‘yilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top