Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya Ukrainaning kiberxavfsizligi uchun 1 milliard yevro ajratadi
Berlin Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, uni kiberhujumlardan himoya qilish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun 2023 yil uchun budjetdan qo‘shimcha 1 milliard yevro ajratadi.
Germaniya hukumati Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 2023 yil budjetidan qo‘shimcha 1 milliard yevro ajratadi. Mablag‘lar, xususan, Rossiyaning kiberhujumlaridan himoyalanish va urush jinoyatlari bilan bog‘liq dalillarni to‘plash uchun sarflanadi. Bu haqda 11 noyabr, juma kuni Reuters agentligi iqtibos keltirgan qarorda aytiladi.
Mablag‘larning bir qismi inson huquqlari buzilishi va urush jinoyatlari dalillarini qayd etuvchi mutaxassislar guruhlariga beriladi. Ular Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning ilgari bosib olingan hududlaridan olib chiqib ketilganidan keyin tegishli hujjatlashtirish ishlarini o‘tkazadi.
Qo‘shimcha mablag‘lar mintaqadagi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, Belarus, Rossiya va Ukrainada jurnalistlarni himoya qilishga sarflanadi.
Moliyalashtirish Germaniyaning Ukrainaga harbiy yordamini oshirishi kerakligi haqidagi bahslar fonida amalga oshirilmoqda. Mablag‘larni yo‘naltirish qarori «Soyuz-90/yashillar» bosimi ostida qabul qilindi.
«Ukraina budjeti bizning yordamimiz muhim va zaruriy qurol-yarog‘ yetkazib berishdan ancha uzoq ekanini aniq ko‘rsatib turibdi», - dedi «yashillar» partiyasidan deputat, Ukraina bo‘yicha parlament guruhi rahbari Robin Vagener. «Biz Yevropa va Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun katta sarmoya kiritmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Germaniya Ukrainaning AQSh va Kanadadan keyin uchinchi yirik harbiy donoridir.
Avvalroq, 24 oktyabr kuni Berlinda «Rebuild Ukraine» («Ukrainani tiklang») shiori ostida o‘tkazilgan 5-Germaniya-Ukraina biznes-forumi yakunlariga ko‘ra, Germaniya kansleri Olaf Shols nemis ishbilarmon doiralariga murojaat qilib: «Kim Ukrainani tiklash uchun sarmoya kiritsa, u bizning huquqiy makonimiz va ichki bozorimizning bir qismiga aylanadigan bo‘lajak Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan mamlakatga sarmoya kiritadi», dedi.
Berlinga kelgan Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal o‘z mamlakatining tiklanishi Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotiga turtki, uning rivojlanishi uchun katalizator bo‘lishiga ishonch bildirdi. Uning ishontirishicha, Kiyev hukumati xususiy tashabbusni rag‘batlantirish, biznesni tartibga solishni bekor qilish va davlatning biznes hayotidagi rolini pasaytirish yo‘lidan bordi.
Kelgusi hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari qatorida u mudofaa sanoati, energetika (ayniqsa, gaz sektoriga e’tibor qaratgan holda), IT-sanoati va raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, Green Deal nomini olgan Yevropa «yashil» kursi doirasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni qayd etdi.