Jahon | 16:00 / 14.11.2022
13007
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya: Qozog‘iston Xitoy va boshqa mamlakatlarga g‘alla yetkazib berishni to‘sib qo‘ydi

Foto: Picture Alliance

Rossiya temir yo‘llari Qozog‘istondagi hamkasblaridan g‘allani tranzit tashish narxini pasaytirishni so‘rayapti. Hozir Rossiyadan Markaziy Osiyo va Xitoyga yetkazib berish «iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas» bo‘lib qolgani aytiladi.

«Rossiya temiryo‘llari» («RJD») qozog‘istonlik hamkasblaridan mamlakat bo‘ylab tranzit tashish tariflarini pasaytirishni so‘radi. Qozog‘iston orqali Rossiya, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyga g‘alla eksport qiladi. Bu haqda 13 noyabr, yakshanba kuni «Vedomosti» ishbilarmonlik gazetasi «Rossiya temir yo‘llari»dagi manbalarga va Rossiya don ittifoqi (RDI) vitse-prezidenti Aleksandr Korbutga tayanib xabar berdi. 

«Vedomosti» nashrining yozishicha, «RJD» kompaniyasi «Qozog‘iston temir yo‘llari»ga sentabr oyida to‘lovni kamaytirish taklifi bilan xat yo‘llagan, biroq o‘shandan buyon hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. 8 noyabr kuni, nashrning ta’kidlashicha, tariflar «RJD»ning «Yedinaya Rossiya» deputatlari bilan yopiq yig‘ilishida muhokama qilingan. 

Rossiya hududi orqali g‘alla tashish Qozog‘iston hududi orqali tashishga qaraganda bir necha baravar arzon. «Bu tranzit tarifining Shveytsariya frankiga bog‘langani bilan bog‘liq», deb tushuntirdi «Vedomosti»ning «RJD»dagi manbasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Rossiya g‘allasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Xitoyga yetkazib berilmayapti, Afg‘onistonga eksport qilishda ham qiyinchiliklar yuzaga kelgan. 

«Aslida, Markaziy Osiyo mamlakatlariga yirik hajmdagi yetkazib berish Rossiya uchun xuddi Qozog‘iston orqali Xitoyga tranzit kabi to‘sib qo‘yilgan», - deydi Aleksandr Korbut. Yuqori tariflar g‘alla tashishni «iqtisodiy jihatdan foydasiz» qilib qo‘yadi va Qozog‘istonga Rossiya g‘allasini reeksport qilish imkonini beradi, deya qo‘shimcha qildi u. «RJD»dan ta’kidlanishicha, Ukrainada urush boshlanganidan keyin ko‘plab davlatlar tomonidan kiritilgan sanksiyalar doirasida Qozog‘iston orqali tranzit Rossiya uchun zarur yo‘nalishga aylandi.

Mavzuga oid