Jahon | 20:43 / 14.11.2022
5103
2 daqiqa o‘qiladi

Sloveniyada birinchi ayol prezident saylandi 

Advokat Natasha Pirs-Musar Sloveniyadagi saylovning ikkinchi bosqichida raqibi Anjye Logarni 8 foizga (54 foizga qarshi 46 foiz) ortda qoldirib, birinchi ayol prezident bo‘ldi. 

Foto: Getty Images

54 yoshli Natasha Pirs-Musar taniqli huquqshunos. Xususan, u nafaqat o‘z ona yurti Sloveniyada, balki AQSh sobiq birinchi xonimi Melaniya Tramp manfaatlarini ham mualliflik huquqi bo‘yicha himoya qilgan. 

Prezident so‘l markaziy qarashlarga ega. Uning g‘alabasi liberallar mavqeyini mustahkamlaydi, chunki avvalroq parlament saylovlarida so‘l koalitsiya g‘alaba qozongan edi. 

Sloveniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri va konservativ blok vakili Anjye Logar allaqachon mag‘lubiyatini tan oldi. Siyosatchi Pirs-Musar saylov kampaniyasi davomida bergan barcha va’dalarini bajarishiga umid bildirdi. 

«Birinchi vazifam barcha sloveniyaliklar o‘rtasida muloqotni boshlash bo‘ladi», dedi yangi prezident o‘z jamoasining g‘alaba bayramida. 

Pirs-Musar 2005 yildan 2014 yilgacha Sloveniyada axborot komissari lavozimida ishlagan. 2011 yil mart oyidan boshlab Yevropol Qo‘shma nazorat organi vitse-prezidenti, 2012 yildan esa ushbu organ prezidenti bo‘lgan. 

Saylovoldi dasturida Pirs-Musar sog‘liqni saqlash va pensiya tizimida islohotlar o‘tkazishga, shuningdek, NATO kollektiv mudofaa dasturida ishtirok etishga va’da berdi. 

Mavzuga oid