Jahon | 17:05 / 14.11.2022
5760
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi yangi sanksiyalar kirityapti

Yevropa Ittifoqi davlatlari inson huquqlari buzilgani uchun Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga kelishib oldi. Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga 30 dan ortiq shaxs va tashkilotlar kiritilgan.

Foto: AP

Eronda inson huquqlarining jiddiy buzilishi tufayli Yevropa Ittifoqi Tehronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi. 14 noyabr, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqining 27 davlati tashqi ishlar vazirlari bir ovozdan Erondagi qonunbuzarliklar uchun javobgar shaxslar va tashkilotlarga nisbatan jazo choralarini ko‘rishga qaror qilishdi, bir qancha diplomatlar buni dpa agentligiga tasdiqladi.

Yevropa Ittifoqiga kirishni taqiqlash va aktivlarni muzlatish 31 kishi va tashkilotga, jumladan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi rahbariyatiga ta’sir qiladi. 

Bryussel Eronda 22 yoshli kurd ayol Mahsa Aminiy o‘limi ortidan boshlangan namoyishlar bostirilishi fonida yangi sanksiyalar joriy qilmoqda. U 13 sentabr kuni politsiya tomonidan hibsga olingan va uch kundan keyin vafot etgan. Politsiyaning ta’kidlashicha, Mahsa Aminiy politsiya uchastkasida o‘zini yomon his qilgan, u yerdan kasalxonaga olib ketilgan va tez orada vafot etgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘limga hibsxonadagi kaltaklar sabab bo‘lgan. 

Huquq himoyachilariga ko‘ra, hozirgacha mamlakat bo‘ylab qiz o‘limidan keyin bo‘lib o‘tgan namoyishlarning 15 mingga yaqin ishtirokchisi hibsga olingan. Amerika inson huquqlari tashkiloti - Human Righs Activiss News Agency (HRANA) ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida kamida 330 kishi halok bo‘lgan. Namoyishchilardan biri sud tomonidan o‘lim jazosiga, yana besh nafari qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Yevropa Ittifoqi Erondagi voqealar munosabati bilan birinchi sanksiyalar paketini oktabr oyi o‘rtalarida qabul qilgan edi. U Eron politsiyasiga va o‘ndan ortiq boshqa shaxslar va tashkilotlarga qarshi qaratilgan edi.

Inson huquqlarini buzganlik uchun sanksiyalardan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlagani uchun ham Eronga sanksiyalar kiritdi. Xususan, Shahed Aviation Industries va uchta yuqori martabali harbiy jazoga tortildi. YeI ma’lumotlariga ko‘ra, ular Rossiya armiyasi tomonidan Ukrainaga qarshi urushda foydalaniladigan jangovar dronlarni ishlab chiqish va Rossiyaga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid