Jahon | 08:39 / 15.11.2022
7795
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi minglab ukrainalik askarlarni tayyorlaydi

Yevropa Ittifoqi Ukraina askarlarini tayyorlash dasturini yaratishga qaror qildi. U noyabr oyi oxirigacha ishga tushishi kerak.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Ukraina armiyasi uchun EUMAM Yevropa Ittifoqining maxsus o‘quv missiyasi boshlanganini e’lon qildi. Bu qaror YeIga a’zo davlatlar tomonidan rekord vaqt ichida qabul qilindi, dedi YeI bosh diplomati Jozep Borrel 14 noyabr, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Kamida 15 000 nafar ukrainalik harbiyni asosiy tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan missiya Polshada 2022 yil noyabr oyi oxirigacha o‘z ishini boshlaydi, dedi Borrel. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab Yevropa Ittifoqi davlatlari unda ishtirok etish niyatida. Ular orasida, masalan, Ruminiya, Irlandiya, Slovakiya bor, bu haqda ushbu mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusseldagi uchrashuv arafasida ma’lum qildi.

«Missiyaning maqsadi Ukrainaga xalqaro tan olingan chegaralar doirasida o‘z hududiy yaxlitligini himoya qilish, suverenitetini samarali amalga oshirish va harbiy harakatlarni samarali o‘tkazish uchun Ukraina Qurolli kuchlari jangovar qobiliyatini oshirishga hissa qo‘shishdir», — deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashi bayonotida.

Missiya Ukraina Qurolli kuchlari va hududiy mudofaa kuchlarining «individual, jamoaviy va ixtisoslashtirilgan» tayyorgarligi, shuningdek, missiyani qo‘llab-quvvatlovchi «a’zo davlatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va sinxronlashtirish» bilan shug‘ullanadi, deb xabar berdi Yevropa Ittifoqi kengashi.

Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish missiyasi uchinchi davlat uchun Yevropa Ittifoqining eng yirik o‘quv missiyasi bo‘ladi, deya xabar bermoqda AFP yevropalik diplomatlarga tayanib. Uning ishining dastlabki muddati ikki yilga mo‘ljallangan, bu davr uchun umumiy xarajatlar taxminiy miqdori taxminan 106 million yevroni tashkil qiladi.

EUMAM Yevropa tinchlik fondi (EPF) tomonidan moliyalashtiriladi. Taxminan 5,7 milliard yevrolik bu jamg‘arma to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan shakllantiriladi. Shuningdek, undan Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan birgalikda qurol sotib olishi uchun to‘lanadi.

Missiyaning strategik darajadagi muvofiqlashtirish bo‘yicha operativ shtabi Bryusselda joylashadi. Eng katta shtab-kvartira Polshada, ikkinchi yirik shtab-kvartira Germaniyada tashkil etiladi, deb yozadi AFP.

Ukrainaning o‘zi missiya yaratishni so‘ragan - buni iyul oyida tashqi ishlar va mudofaa vazirlari Jozep Borrelga yo‘llagan maktubida yozgan.

15 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Mudofaa vazirliklari rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda YeI va unga a’zo mamlakatlardan Ukrainaga yangi harbiy yordam ko‘rsatish hajmi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Mavzuga oid