Senat saytiga buzib kirganlar uch yilgacha qamalishi mumkin
2 noyabr kuni Oliy Majlis Senati saytiga hujum uyushtirgan hakerlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sudda ular aybdor deb topilgan taqdirda hakerlar uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Norin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan shu yil 2 noyabr kuni Oliy Majlis Senati rasmiy saytiga kiberhujum uyushtirgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-2-moddasi 2-qismi «a» bandi (Kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, tergovga qadar tekshiruv vaqtida Norin tumani Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi voyaga yetmagan 16 yoshli M.B. boshqalar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib Senat sayti hamda boshqa saytlarga kiberhujumlar amalga oshirishgani aniqlangan.
Jinoyat kodeksining 278-2-moddasi 2-qismi «a» bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilganlar bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima; bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari; bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2 noyabrdagi kiberhujum natijasida Oliy Majlis Senatining rasmiy saytiga kirish bir muddat imkonsiz bo‘lib qolgandi.
Bu vaqtda saytda “Kiberxavfsizlik markaziga salomlar” hamda “sizning tizimingiz [hakerlar guruhining logotipi] tomonidan buzib kirildi” degan yozuv ko‘rinib turdi.
Senatning Telegram’dagi rasmiy kanalida hakerlar hujumi tufayli Senat.uz saytining ish qobiliyati buzilgani, ayni paytda sayt faoliyatini qayta tiklash choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
Senat.uz saytiga kirmoqchi bo‘lganlar subdomenga yo‘naltirilgandi. Tanzila Norboyevaning matbuot kotibi Hojiakbar To‘laganov ushbu subdomen Senatning yangicha dizayndagi sayti ekani, kiberhujum ortidan test rejimidagi sayt vaqtincha ishga tushirib qo‘yilganini ma’lum qildi.
5 noyabr kuni MY5 telekanali Oliy Majlis Senati saytiga kiberhujum uyushtirganlar 6 kishi bo‘lib, ularning barchasi 14 yoshdagi o‘smirlar ekani haqida xabar tarqatdi. Telekanalga intervyu bergan va o‘zini MarshGolden yetakchisi deb tanishtirgan shaxs bungacha ham bir necha davlat organlari saytlariga, jumladan, Kundalik.com saytiga ham buzib kirishganini aytgandi.
Kiberxavfsizlik markazi MY5 telekanali tomonidan ilgari surilgan versiyani inkor etib chiqqandi. Markaz tomonidan tarqatilgan videoda MY5 kanali yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanadi. Ta’kidlanishicha, Senat rasmiy saytiga kiberhujum uyushtirgan haqiqiy haker Namangan viloyatining Norin tumanida yashaydi va u 3 noyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
MY5 telekanali Kiberxavfsizlik markazi tomonidan e’lon qilingan videodan so‘ng jamoatchilikda tug‘ilayotgan savollar yuzasidan izoh bildirib, yolg‘on axborot tarqatmaganini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024
Mahalliy kengashlar har yarim yilda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak - prezident
12:11 / 19.11.2024