Daryo o‘zanlari belgilangan chuqurliklardan pastga tushib ketayotganligi oqibatida yerosti chuchuk suvlari ifloslanib, suv sathi pasayib ketmoqda. Yalpi majlisda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilindi.
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyevning aytishicha, suv havzalarida litsenziya asosida qum-shag‘al qazib olayotgan 94 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyati o‘rganilib, ularning 12 tasida noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibi, 25 tasida esa litsenziya shartlari buzilganligi aniqlangan.
Andijon, Namangan, Jizzax, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi muammoli holatlarning salmoqli qismi bartaraf etilib, suv havzalariga chegara hududlarini ko‘rsatuvchi belgilar o‘rnatilgan.
Lekin so‘rovda ko‘tarilgan muammolarning hammasi ham qamrab olinmagani, ayrim muammolar dolzarbligicha qolayotgani aytilmoqda.
“Buning asosiy mummolaridan biri – malakasizlik. Mutaxassis bo‘lmagan odamlar litsenziya olib, daryodan qum-shag‘al qazib yotibdi. Oqibatda daryo o‘zanlari tiklab bo‘lmas holatga kelib qolmoqda, qirg‘oqlar kengligi besh yuz metrdan ortib ketgan va hatto o‘zan yo‘nalishlari o‘zgarib ketayotgan holatlar bor. Daryo o‘zanlari haddan ziyod pastga tushib ketayotgani yerosti chuchuk suvlarini ham ifloslantirmoqda va suv sathi pasayib ketmoqda”, – dedi senator Tojiyev.
Bundan tashqari, normativ-huquqiy jihatdan ayrim kamchiliklar borligi ham ma’lum qilindi.
Xususan:
- Qum-shag‘al qazib olayotgan tadbirkorlar tomonidan litsenziya yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibi joriy etilmagani;
- Buzilgan yer maydonlarini rekultivatsiya qilish va davlat zaxirasiga qaytarish bo‘yicha talabni bajarmagan sub’yektlarga nisbatan qonunchilikda ta’sir choralari yo‘qligi;
- Tadbirkor tomonidan daryo o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalarini tozalash, shuningdek, qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari qonun talablari asosida amalga oshirilayotganligini tekshirish yoki o‘zboshimchalik bilan foydali qazilmalarni qazib olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat tadbirlarini o‘tkazish imkoniyati cheklangani;
- Shuningdek, ularning tabiatga yetkazgan zararini hisoblash metodikasi mavjud emasligi bir qancha muammolarga sabab bo‘lmoqda.















