Jahon | 15:16 / 22.11.2022
10400
6 daqiqa o‘qiladi

Sorbonna – Parij timsoli va ilm-fan o‘chog‘i. Sakkiz asrlik tarixga ega universitet

Sorbonna universiteti

Har qanday mamlakat rivojini ilm ta’minlab beradi. Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Fransiya davlati ham bu borada katta salohiyatga ega. Ayniqsa 1215 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan Sorbonna universiteti (dastlab va rasman Parij universiteti) va uning bugungi kundagi merosi butun dunyoga o‘rnak bo‘lishi mumkin.

Université de Paris — Parij universiteti jahonga Sorbonna universiteti nomi bilan mashhur. Bu ilmiy dargohga XII asrda asos solingan va u 1970 yillarga qadar ham yagona muassasa sifatida faoliyat yuritgan.

Asrlar davomida Parij universiteti nafaqat Fransiyaning, balki Ko‘hna Qit’a va dunyoning eng yetakchi olimlariga ta’lim bergan. O‘rta asrlardagi taloto‘plarda ham ma’naviy qiyofasini yo‘qotmagan va rivojlanishda davom etgan. Faqat 1968 yilga kelib, 20 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan talabalar isyonidan keyin Sorbonna universiteti 13 ta mustaqil universitetga bo‘lib tashlangan va shundan buyon ularning har biri o‘zicha fan-ta’lim bilan mashg‘ul bo‘lib kelmoqda.

Dastlab bir necha cherkov maktablaridan tashkil topgan Parij universitetiga Sorbonna nomi berilishi ham o‘ziga xos tarixga ega. Ochilganida ilohiyot va falsafa yo‘nalishlarida ta’lim bergan universitetda keyinchalik san’at, huquq, tibbiyot kabi fakultetlar ish olib boradi va ularda qirollik xizmatchilari, sudyalar, g‘aznachilik xodimlari, ruhoniylar kabi davlatchilik asosi vakillari o‘qitiladi.

Ochilishi bilan xalqaro maqomga ega bo‘lgan universitet qoshida kambag‘allarning bolalari uchun kollej faoliyati yo‘lga qo‘yilishi tarixiy voqea bo‘ladi. Uning asoschisi ruhoniy Rober de Sorbon edi. Bu yangilik jamoatchilikka shunchalik ta’sir ko‘rsatadiki, dastlab kollej nomi asoschisi nomiga o‘zgaradi, keyinchalik, XVII asrga kelib, Parij universiteti nomi butunlay Sorbonna universiteti deb atala boshlaydi. Ruhoniy Sorbon qirol Lyudovik IXning ma’naviy otasi nomi bilan mashhurligi ham bu jarayonda o‘ziga xos rol o‘ynagan. Shundan buyon universitet nafaqat puldorlar, balki turli qatlam vakillariga o‘z bag‘ridan joy bergani bilan mashhur. 1790 yilga kelib Sorbonna kolleji ilohiyot maktabi sifatida o‘z faoliyatini yakunlaydi. 1808 yilda esa Napoleon Bonapartning maxsus dekretiga ko‘ra uning barcha binolari Parij universiteti tasarrufiga o‘tkaziladi.

Hozirgi kunda 13 mustaqil universitetning to‘rttasi Sorbonna nomini turli shaklda saqlab qolgan va ularning bari Parij markazida bir-biriga yaqin joylashgan. Qolgan to‘qqiztasi esa Fransiyaning mashhur insonlari nomi bilan ataladi.

Qanday qilib Sorbonnada o‘qish mumkin?

Yuqorida aytilganidek, hanuz umumiy nom bilan eslansa-da, Parij universiteti 13 ta mustaqil ta’lim maskaniga aylangan va ularning har biri o‘ziga xos talab lar qo‘yadi. Lekin aksariyat universitetlarning aksariyat fakultetlarida kirish imtihonlari yo‘q, faqat til bilish darajasiga oid sertifikatlar, motivatsion xat kabi ma’lumotnomalar talab qilinishi mumkin. Bundan tashqari bo‘lajak talabaning moliyaviy imkoniyatlariga oid ma’lumotlar so‘raladi va ular qattiq tekshiriladi. Parij universiteti kam ta’minlangan talabalar uchun qator grantlar ajratadi va ularni qo‘lga kiritish uchun yaxshi o‘qish va qator hujjatlarni taqdim qilish kerak.

Lekin qabul qilinish oson degani o‘qish ham yengil kechishini anglatmaydi. Shuning uchun ham birinchi kurslarda auditoriyalar rosa to‘la bo‘ladi, 2-3- kurslarga kelib esa joy bemalol, bitiruv kurslarida o‘quv xonalarining deyarli yarmi bo‘shab qoladi. Ya’ni kirganlarning ko‘p qismi bitira olmaydi. Bu ta’lim maskanlarida haqiqiy ilm izlovchilar jamlanishgan va ular har bir daqiqa izlanishda bo‘ladilar.

Yagona ta’lim maskani nomini yarim asr oldin yo‘qotgan bo‘lishiga qaramay Sorbonna o‘z o‘quv xonalarida 51 nafar Nobel mukofoti laureatlariga ta’lim bergan va bu borada dunyo universitetlari orasida o‘ninchi o‘rinni egallaydi. Bu ko‘rsatkich ancha yaxshi bo‘lishi mumkin edi, lekin ko‘p bora ta’kidlanganidek bu nomdagi universitet endi rasman yo‘q va yutuqlar ham alohida ta’lim maskanlari hisobiga yozilmoqda.

Sorbonna bugungi kunda ham Fransiya va umuman ilm-fan manfaatlari uchun qator vazifalarni bajarib kelmoqda. Unda Parij akademiyasi, universitetlar kanselyariyasi, yuqori tadqiqotlar amaliy maktabi va universitetlararo kutubxonalar joylashgan.

Bu mashhur maskanda ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olishgan va olishmoqda. O‘zbekiston prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifidan so‘ng Parij universitetlarida tahsil olishga, umuman ilm-fanga qiziqish yanada kuchayishi aniq.

Abror Zohidov, Parij.

Mavzuga oid