Jahon | 07:14 / 22.11.2022
8349
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada elektr ta’minotidagi uzilishlar martgacha davom etishi mumkin

Energetiklarning Rossiya o‘qqa tutishi natijasida yetkazilgan zararni bartaraf etishga urinishlariga qaramay, ukrainaliklar mart oyining oxirigacha elektr ta’minotida uzilishlar bilan yashashiga to‘g‘ri keladi, deya xabar beradi YASNO Ukraina energetika kompaniyasi.

Foto: AP

Ukrainada doimiy elektr o‘chirishlar katta ehtimol bilan mart oyining oxirigacha davom etadi, dedi 21 noyabr, dushanba kuni Ukrainaning elektr va gaz yetkazib beruvchi YASNO shirkati rahbari Sergey Kovalenko.

U Facebook'dagi sahifasida yozganidek, hozirda Ukraina energetikasi yomon ob-havoga qaramay, Rossiya zarbalaridan jabr ko‘rgan elektr tarmoqlarini tiklashni yanada qattiqroq sovuq havo boshlanishidan oldin yakunlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, 21 noyabr kuni ham barqarorlashtirish, ham favqulodda o‘chirishga yana murojaat qilish kerak bo‘ldi.

«Hozir o‘chirishlar kamaygan bo‘lsa-da, men hamma ukrainaliklar mart oyi oxirigacha uzilishlar rejimida yashashi kerakligini tushunishini istayman», — dedi Kovalenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya o‘qqa tutilishi to‘xtasa, elektr taqchilligi butun mamlakat bo‘ylab taqsimlanishi mumkin bo‘ladi, o‘shanda o‘chirishlar kamroq bo‘ladi yoki hatto butunlay to‘xtaydi.

Ammo agar zarbalar davom etsa va energiya tizimi yana shikastlansa, «nafaqat soatlik barqarorlashtirishni to‘xtatish, balki favqulodda o‘chirishlarni ham qo‘llash kerak bo‘ladi, buning natijasida elektr energiyasi juda uzoq vaqt davomida bo‘lmasligi mumkin», deb ogohlantirdi yetkazib beruvchi kompaniya rahbari.

O‘sha kuni kechqurun Volodimir Zelenskiy an’anaviy kechki videomurojaatida Ukraina xalqini «Rossiya terrorchilarining hujumlari natijasida energetika sohasiga yetkazilgan katta tizimli zarar» tufayli elektr energiyasini tejashga chaqirdi. Rossiya hujumlaridan zarar ko‘rgan Ukraina elektr tarmog‘i beqarorligicha qolmoqda, dedi Zelenskiy. Mamlakatda rejasiz uzilishlar yuz beryapti.

Avvalroq, 19 noyabr kuni Germaniyada mahalliy elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi ehtimoli haqida bayonot berilgandi. «Biz qishda blekautlar bo‘ladi deb taxmin qilishimiz kerak», dedi Welt am Sonntag haftalik gazetasiga bergan intervyusida Jamoatni muhofaza qilish va tabiiy ofatlarga yordam berish federal boshqarmasi (BBK) rahbari Ralf Tisler. Bu faqat mintaqaviy va cheklangan vaqtdagi elektr uzilishlari, dedi Tisler. Ularning xavfi 2023 yil yanvar va fevral oylaridan ortadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid