YeXHT Qozog‘istonda o‘tgan prezidentlik saylovlarini tanqid qildi
YeXHT missiyasi Qozog‘istonda mustaqil nomzodlarning saylovda qatnashishi taqiqlangani, so‘z erkinligi va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish imkoniyati cheklanganiga ishora qilgan.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini kuzatuvchi missiyasi Qozog‘istonda o‘tkazilgan saylovoldi kampaniyasi va ovozlarni sanash jarayonini tanqid qildi. Bu haqda 21 noyabr, dushanba kuni Ostonadagi matbuot anjumanida missiya rahbari Ursula Gatsek ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga qaramay, fuqarolarning mamlakat siyosiy hayotidagi ishtiroki cheklanganicha qolmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘istonda mustaqil nomzodlarning prezidentlikka saylanishini amalda taqiqlagani, bu xalqaro standartlarga zid ekani qayd etildi.
Umuman olganda, YeXHT missiyasida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari raqobatsiz deb ataldi. «Plyuralizmning yo‘qligi bu saylovlarda raqobatga putur yetkazishda muhim rol o‘ynadi, so‘z erkinligi va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish imkoniyatlarini cheklash tanqid uchun maydonni toraytirdi», dedi Gatsek. U, shuningdek, ovozlarni sanab chiqish jarayonining shaffof emasligiga e’tibor qaratdi, bu esa saylovchilar tanlovining halolligiga shubha uyg‘otadi.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi YeXHT DIIHB missiyasi hisobotini «noxolis» deb atadi. «Bayonotdan YeXHT DIIHBga xos bo‘lgan bir qator qoliplashgan va noxolis xulosalar o‘rin olgan bo‘lib, ular mamlakatimizda qonun ustuvorligiga asoslangan rivojlangan jamiyat qurishga to‘liq ishonch yo‘qligini ko‘rsatadi», — deyiladi TIV xabarida.
Vazirlikning ta’kidlashicha, YeXHT DIIHB missiyasining hisoboti o‘z mazmuniga ko‘ra «Qozog‘iston rasmiylari bilan uzoq muddatli va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish istagi yo‘qligidan dalolat beradi, bu shubhasiz e’tiborga olinadi».
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kristof Burger DW muxbirining Germaniya hukumati Qozog‘istonda o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini adolatli, erkin va demokratik standartlarga muvofiq o‘tgan deb hisoblaydimi, degan savoliga shunday javob berdi: «Men bilishimcha, YeXHTning kuzatuvchilar missiyasi faoliyat yuritmoqda. Menimcha, ular bu haqda gapirishganda, biz kutishimiz kerak».
Bir kun avval Qozog‘istonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 81,3 foiz ovoz to‘pladi. Mamlakat MSK rahbari Nurlan Abdirov saylovda ovoz beruvchilarning 70 foizi qatnashganini aytdi.
Mavzuga oid
08:50 / 26.10.2024
Shavkat Mirziyoyev YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
12:10 / 23.10.2024
Tashqi ishlar vaziri YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
13:00 / 20.06.2024