Jahon | 13:32 / 23.11.2022
6764
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi Trampning soliq deklaratsiyalari bilan tanishib chiqadi

Foto: Reuters

AQSh Oliy sudi Trampning soliq hujjatlari Kongress qo‘mitasiga topshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi iltimosini rad etdi. Tramp qirq yil ichida soliq deklaratsiyasini oshkor etmagan AQShning birinchi prezidenti bo‘ldi.

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp soliq hujjatlarini AQSh Kongressiga topshirish bo‘yicha bahsda mag‘lub bo‘ldi. AQSh Oliy sudi 23 noyabr, seshanba kuni Trampning ushbu hujjatlarni Vakillar palatasining moliya qo‘mitasiga o‘tkazishiga to‘sqinlik qilish haqidagi iltimosini rad etdi.

Respublikachi Tramp ko‘p yillar davomida soliq deklaratsiyasini demokratlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Kongress qo‘mitasiga o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslikka urinib keldi va endi barcha qonuniy imkoniyatlarni tugatdi. Demokratlar AQSh Oliy sudining qaroridan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Tramp demokrat kongressmenlar talablarini siyosiy asosga ega, deb atadi.

Donald Tramp 40 yil ichida an’anaga zid ravishda na prezidentlikka nomzod sifatida, na davlat rahbari sifatida soliq deklaratsiyasini e’lon qilmagan birinchi AQSh prezidenti bo‘ldi. Vakillar palatasining Moliya qo‘mitasi ko‘p yillar davomida ushbu hujjatlarni olishga urinib kelayotgandi.

Tramp ma’muriyati davrida Moliya vazirligi bunga yo‘l qo‘ymadi. Faqat demokrat Jo Baydenning Oq uyga kelishi bilan Moliya vazirligi bu ma’lumotni oshkor qilishni buyurdi, biroq Tramp qarshilik ko‘rsatib, turli holatlarda bu buyruqqa qarshi chiqdi. Endi u ularning eng yuqorisida - Oliy sudda mag‘lub bo‘ldi. 

Yaqinda Donald Tramp 2024 yilgi AQSh prezidentligi uchun yana o‘z nomzodini qo‘yish niyatida ekanligini ma’lum qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid