Sport | 12:26 / 23.11.2022
23540
5 daqiqa o‘qiladi

FIFA prezidenti Qatardagi turnir tashkilotchilarini himoya qildi

U o‘zini qora tanli va ayol deb atadi. Infantinoning g‘alati nutqi tafsilotlari.

Foto: Reuters

Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida kuchli salbiy fon borligini hamma biladi: inson huquqlariga rioya qilmaslik, stadion quruvchilarning o‘limi va boshqa narsalar. Shu bilan birga, rasmiylarning hech biri bularga izoh bermayapti.

FIFA prezidenti Janni Infantino sukunatni buzib, turnir tashkilotchilarini himoya qilib, nutq so‘zladi. U Qatar turnirini tanqid qilganlarni ikkiyuzlamachilikda va hattoki boshqalarni kamsitishda aybladi.

Shveytsariyalik mulozim G‘arb davlatlari o‘tmishdagi va hozirgi xatti-harakatlarini hisobga olgan holda, Qatar bilan axloq haqida gapirishga haqqi yo‘qligini ta’kidladi. «Biz yevropaliklar oxirgi 3 ming yil davomida qilgan ishlarimiz uchun keyingi 3 ming yil davomida kechirim so‘rashimiz kerak», dedi u. «Va shundan keyingina odamlarga axloq odobni o‘rgatish o‘rinli».

Infantinoning nutqi g‘alati so‘zlar bilan boshlandi: «Bugun o‘zimni qatarlikdek his qilyapman. Bugun o‘zimni arab kabi his qilyapman. Bugun o‘zimni afrikalikdek his qilaman. Bugun o‘zimni nogirondek his qilyapman. Bugun o‘zimni mehnat muhojiridek his qilyapman».

Shundan so‘ng prezident qo‘shimcha qildi: «Albatta, men qatarlik emas, arab ham, afrikalik ham, nogiron ham emasman. Lekin o‘zimni xuddi shulardek his qilyapman, chunki o‘zga yurtda begonadek kamsitilish, qo‘rqitish nimaligini bilaman. Bolaligimda meni haqorat qilishgan – sochlarim malla va sepkillarim bor edi, bundan tashqari, kelib chiqishim italiyalik edi, tasavvur qilavering».

Bir soatlik nutq savol-javob bilan davom etdi, unda Infantino ayollarni eslab o‘tmagani uchun tanqid qilindi. Prezident darhol jurnalistning gapini bo‘ldi: «Unutibman! Men o‘zimni ayol kabi his qilyapman! Mening to‘rt nafar qizim bor, siz haqsiz, kechirasiz. Men o‘zimni xuddi ayol kabi his qilaman», – deb qo‘shimcha qildi Infantino.

Foto: Reuters

Xalqaro futbol federatsiyasi rahbari so‘zlari keng rezonansga sabab bo‘ldi, ammo u o‘z hayotida nimalarni boshidan kechirgan?

FIFA prezidenti Shveytsariya to‘rtinchi ligasi havaskor jamoasida o‘ynagan va o‘zining ikki oyog‘i ham «chapaqay» bo‘lgani haqida hazillashgan. Shuning uchun u futbol o‘rniga huquqshunoslikni tanladi: 1995 yildan Infantino Xalqaro sport fanlari markazida advokat bo‘lib ishladi. Bir vaqtning o‘zida Infantino muhim aloqalarni rivojlantira boshladi – 1998 yilda Burkina-Fasoda bo‘lib o‘tgan Afrika Millatlar Kubogiga bordi va keyinchalik o‘z mamlakatlarida futbol hokimiyatiga keladigan ko‘plab odamlar bilan uchrashdi.

2000 yildan boshlab Infantino UYeFA tashkiloti prezidenti Lennart Yuhansson qo‘l ostida ishlay boshladi, ammo 2007 yilda Mishel Platini kelganidan keyin ham tashkilotda qoldi.

Infantinoning vakolatlari asta-sekin o‘sib bordi: u moliyaviy feyr-pley joriy etilishini nazorat qildi va qur’a marosimlarida ishtirok etib, muntazam ravishda televizorda ko‘rinish berib turdi. Infantinoning obro‘si va ta’siri orta boshladi.

2015 yilda yirik korrupsiya mojarosi oqibatida FIFA tashkilotida davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Yuqori lavozimli shaxslar – Platini ham, Zepp Blatter ham tergov ostida tushdi. Infantino esa qatarlik shayx Ol-Xalifa bilan qiyin kurashda g‘alaba qozonib, FIFA prezidenti bo‘ldi.

52 yoshli shveysariyalik qariyb yetti yildan beri prezidentlik qilmoqda va 2023 yilda katta ehtimol bilan qayta saylanadi.

Bu vaqt ichida u juda ko‘p yangiliklarni kiritdi: VAR, erkaklar o‘rtasidagi yirik turnirlarda ayol hakamlarning ishlashi, jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48 tagacha yetkazish va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida keng ko‘lamli islohot.

FIFA Qatar bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga duch keldi. Infantino doimo nozik masalalarga javob berishga majbur bo‘ldi. Oktyabr oyida u 2022 yilgi jahon chempionati «qiyin kunlarda dunyoni birlashtiradi» deb va’da bergandi. Shanba kungi matbuot anjumanida FIFA prezidenti bu fikrni yana bir bor takrorladi.

Jahon chempionati endigina boshlandi va Infantino, ehtimol, yana ko‘plab murakkab savollarga javob berishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Mavzuga oid