O‘zbekiston | 15:39 / 24.11.2022
5256
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

Bugun, 24 noyabr kuni xorijiy davlatlarning mamlakatga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya elchisi Kim Xi Sang, Qirg‘iziston elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir elchisi Bumediyen Gennad, Qozog‘iston elchisi Beybut Atamkulov, Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Jonatan Xenikdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.

– Biz kelgusi 10 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buning uchun bizda xohish-iroda ham, intilish va imkoniyatlar ham yetarli. Bunday ulug‘vor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilganmiz. Mamlakatimiz eshiklari jahon uchun, dunyo bozorlari esa yurtimiz uchun ochiq bo‘lishi kerak.

Davlat rahbari yangi elchilar vakillari bo‘lgan davlatlar bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Koreya O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri. Davlatlararo munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Oxirgi besh yilda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobar ko‘paygan, bu yil esa 30 foizga o‘sib, 2 milliard dollarga yetgan.

2023 yilda Hukumatlararo komissiya navbatdagi yig‘ilishi va O‘zbekiston-Koreya biznes forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlardan hamkorlik yangi yo‘nalishlarini topish va rivojlantirish uchun samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston elchisiga murojaat qilar ekan, davlat rahbari o‘zbek va qardosh qirg‘iz xalqi tarixi va an’analari mushtarak bo‘lgan yaqin qo‘shnilar ekanini qayd etdi. Yil boshidan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 30 foizga oshib, 1 milliard dollarga yetgan.

Mintaqaviy infratuzilma loyihalari, jumladan, Qambar-ota gidroelektr stansiyasi hamda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temiryo‘li qurilishi boshlangani ham do‘st xalqlar umumiy manfaatlariga xizmat qiladi. O‘zbekiston prezidentining kelgusi oyda Qirg‘izistonga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.

Jazoir – arab-musulmon olamida jadal rivojlanib borayotgan mamlakat. Bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam huquqiy asosi yaratilmoqda, parlamentlararo do‘stlik va hamkorlik guruhlari samarali faoliyat olib bormoqda. Mamlakat rahbari mushtarak qadriyatlar va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarga tizimli tus berish vaqti yetganini ta’kidladi. Neft va gaz, tog‘-kon, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, sayyohlik sohalari sheriklik istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi.

Ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida kelgusi yili Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishini hamda “Made in Uzbekistan” sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifi bildirildi.

Qozog‘iston asrlar davomida qalin do‘st va yon qo‘shni, strategik hamkor va yaqin ittifoqchi. Ustuvor sohalarda 3 milliard 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zaro savdo hajmi yil boshidan buyon 20 foizga ortib, 4 milliard dollarga yaqinlashgan. Dekabr oyi boshida Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi davlatlararo munosabatlarda yangi davrni boshlab berishiga ishonch bildirildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning global miqyosdagi eng muhim va ishonchli hamkorlaridan biridir. Bu yil davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgani o‘ttiz yilligi hamda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani yigirma yilligi nishonlandi. Davlat rahbari o‘zaro strategik sheriklik yangi sharoitida O‘zbekiston savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, energetika, ta’lim, innovatsiya, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishida Amerika kompaniyalari vakillari ham qatnashgani yangi loyihalarga yo‘l ochishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, “S5+1” formatidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni hamda Afg‘oniston bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirish mintaqamizning umumiy barqarorligiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Marosim yakunida O‘zbekiston prezidenti elchilar mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi. Mamlakat bilan hamkorlikni mustahkamlash, hali ishga solinmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish borasida faol va tashabbuskor bo‘lishga chaqirdi.

Mavzuga oid