Jahon | 09:23 / 24.11.2022
9043
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashini energetika terrorini qoralashga chaqirdi

Volodimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashini «BMT Nizomining 7-bo‘limiga muvofiq terrorchi davlat harakatlariga aniq baho berish» uchun energetika terrorining har qanday shaklini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilishga chaqirdi. 

Foto: AFP

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Rossiyaning o‘z mamlakatining muhim infratuzilmasiga hujumlari munosabati bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashi favqulodda yig‘ilishida so‘zga chiqib, jahon hamjamiyatidan Kiyevni havo hujumidan mudofaa va raketaga qarshi mudofaa tizimlarining eng so‘nggi jihozlari bilan ta’minlashni so‘radi

U, shuningdek, Rossiyani «terrorchi davlat» sifatida xalqaro tashkilotlarda ovoz berish huquqidan mahrum qilishga chaqirdi. 

Volodimir Zelenskiy Moskva bilan tinchlik muzokaralariga chaqiruvlarni tanqid qildi. 

«Bizning tinchlik formulamizga javoban Rossiya terror formulasini taklif qilmoqda», deb ta’kidladi Zelenskiy va Rossiya faqat «terror, beqarorlik va dezinformatsiya» tarqatishini qo‘shimcha qildi.

Bundan oldin 23 noyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududlari bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko rossiyalik harbiylar «Ukraina energiya ta’minot obektlarini yo‘q qilishga urinayotgani»ni aytdi. 

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, yangi raketa zarbalari oqibatida uch region to‘lig‘icha elektr ta’minotisiz qolgan: Kiyev, Odessa va Chernihiv oblastlari. «Ukrenergo» xabariga ko‘ra, otishmalar tufayli Ukrainaning barcha hududlarida elektr energiyasi avariyaviy o‘chirilishi mumkin. Butun mamlakat bo‘ylab internet faoliyatida uzilishlar kuzatilmoqda. 

«Energetik terror davom etmoqda», — dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak. Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina bo‘ylab jami 67 raketa uchirilganini xabar qilgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi hujumlar oqibatida jami olti kishi halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlangan.

Mavzuga oid