O‘zbekiston | 19:30 / 25.11.2022
9478
3 daqiqa o‘qiladi

“Erkaklarning sha’niga tegadigan zo‘ravonlik xaritasi kerak” - Barnogul Sanaqulova

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik eng avj olgan hududlar xaritada qizil rangda yonib turishi, o‘sha hudud amaldorlari xaritadan maksimal chiqib ketishga harakat qilishi lozim. Xaritada qolish ular uchun uyat, or, erkaklik sha’niga tegadigan darajada bo‘lishi kerak, deydi jamoatchilik faoli Barnogul Sanaqulova.

Bugun, 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni. Bu – ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarda jiddiy muammo.

Afsuski, O‘zbekistonda ham ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qanchalik keng tarqalgan bo‘lmasin, bu boradagi aniq tahliliy ma’lumotlar juda kam. Kun.uz'ning shu mavzudagi podkastida qatnashgan professor Barnogul Sanaqulova zo‘ravonlik xaritasini tuzish, uni ochiq e’lon qilish va Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining xonasiga joylashtirish taklifini berdi.

“Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan zo‘ravonlik xaritasi ishlab chiqilishi kerak. Qo‘mita mas’ullari har kuni hududlar kesimida eng ko‘p zo‘ravonliklar sodir bo‘layotgan hududlarni xaritada ko‘rib turishi kerak.

Qaysi hududda zo‘ravonlik eng yuqori ulushga ega va nima sababdan? Mendagi norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Surxondaryo va Qashqadaryoda bu juda yuqori o‘rinda turadi. Qoraqalpog‘istonda esa bu ulush kam. O‘zbekistonda xotin-qizlar himoyasi uchun tashkil etilgan barcha tashkilotlar buning sabablari, omillari yuzasidan o‘rganish olib borishi va shu o‘rganishlar asosida ilmiy xulosalangan asoslarni berishi kerak. Shu xulosalar asosida amaliy ish olib borishimiz kerak. Qoraqalpoq keysini Surxondaryo va Qashqadaryoda ham qo‘llaylik”, – dedi u.

Taklifga ko‘ra, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bu xaritani muntazam kuzatib turishi: qaysi hududlarda zo‘ravonlik ko‘paygani, qaysi hududlarda kamaygani haqida doimiy ma’lumotga ega bo‘lishi va bu ma’lumotlar har kuni jamoatchilikka taqdim etilishi lozim.

“O‘sha Surxondaryoda, Qashqadaryo, vodiyning erkaklari va hokimliklari har safar xaritani ko‘rganda bu xaritadan chiqib ketishga maksimal harakat qilishi kerak. Bu xaritada qolish ularga uyat, or, nomusiga tegadigan, erkaklik sha’nini buzadigan darajaga olib kelishimiz kerak.

Shu xarita budjetga yuk bo‘lib turgan Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning tasarrufidagi bir dunyo tashkilotlarning bahosi bo‘lishi kerak”, – dedi Barnogul Sanaqulova.

Kun.uz'ning xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklar muammosiga bag‘ishlangan podkasti bilan video orqali tanishing.

Mavzuga oid

E`lonlar