“Quyi Chotqol” GES: xalq farovonligi yo‘lidagi yana bir yirik loyiha
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 2022 yil 25 noyabr kuni Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida Chotqol daryosida qurilayotgan “Quyi Chotqol” GES to‘g‘onini qurish uchun daryo o‘zanini to‘sish bo‘yicha tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik, idoralar rahbarlari, Xitoyning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi vakillari, shuningdek, xorijiy loyiha kompaniyalari, jumladan, Rossiya, Eron, Turkiya, Xitoy xorijiy davlatlarining loyiha boshqaruv tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Toshkent viloyati hokimi Mirzayev Zoyir Toirovich ochib berib, viloyatda qurilishi amalga oshirilayotgan mazkur yirik gidroenergetik inshoot xususida to‘xtalib, Chotqol daryosidagi yirik loyihaning viloyat energetika tizimida muhim ahamiyat kasb etishi, viloyat aholisini ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilishi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Shundan so‘ng “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov so‘zga chiqib, gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar xususida to‘xtalib, xususan, “Quyi Chotqol” GESning texnik xususiyatlari va ahamiyati xususida ma’lumot berdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Quyi Chotqol” GES qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, barpo etilayotgan ushbu GES loyihasida har birining quvvati 22,5 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregatni o‘rnatish mo‘ljallangan. Gidrotexnik inshootning o‘rnatilgan quvvati 90 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 300 mln kVt soatga teng.
Shuningdek, GESning to‘liq ishga tushirilishi 91,28 mln m3gacha tabiiy gaz iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Qurilishi boshlanayotgan Quyi Chotqol suv omborining loyiha bo‘yicha umumiy balandligi 50 metr, suv to‘plash hajmi 6,8 mln m3ga teng. Yangi inshoot 60 oy davomida, ya’ni 2021–2025 yillarda qurilib, ekspluatatsiyaga topshirilishi rejalashtirilgan. Qayd etilgan ko‘rsatkich, kelajakda o‘rtacha 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Mazkur quriladigan inshootlar kelajakda xalqimizga 100 yil davomida xizmat qiladi.
Obektning aynan Quyi Chotqol daryosida qurilishi rejalashtirilganining sababi mamlakatimizdagi eng yirik suv ombori hisoblangan Chorvoq suv omborining o‘rtacha 65 foiz gidroresurslari aynan Chotqol daryosidan oqib kelayotgan suvlar hisobiga shakllanishidir. Yiliga o‘rtacha 4-4,5 mlrd mZ suv oqib o‘tadi. Yangi qurilayotgan GES yil davomida 11 oy ishlash imkoniyatiga ega.
E’tiborli jihati qurilish ishlari doirasida respublikada birinchi marta maxsus beton qorishmalaridan foydalaniladi hamda mamlakatimizdagi ilk beton tipidagi mustahkam to‘g‘on barpo etiladi.
Natijada mazkur to‘g‘onda quriladigan GES kun davomida elektr energiyasiga talab keskin oshgan davrda (pikovoye vremya), ya’ni rostlovchi quvvatlarda elektr energiyani ishlab chiqarish imkonini beradi.
Qurilish ishlari doirasida hamkorlik qilayotgan xorijiy kompaniya vakillari, xususan, Turkiyaning “Dolsar Injirining” kompaniyasi konsultanti Melih O‘zdilim, Eron Islom Respublikasining “U SUV ALAN” Ltd direktori Aziz Nekzadlar so‘zga chiqib, hamkorlik doirasidagi amaliy ishlar xususida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng tadbirning kutilgan asosiy qismiga start berildi. Quyi Chotqol daryosi tabiiy oqimi tonnel orqali o‘tkazila boshlandi. Bu jarayondan ko‘zlangan maqsad, GES to‘g‘oni qurilishini boshlash hamda kelgusida ekspluatatsiya jarayonlarida ham tonnel orqali suv yo‘nalishini boshqa tomonga yo‘naltirish imkoniyatini yaratish hisoblanadi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
11:44 / 28.07.2024
“O‘zbekgidroenergo” AJ kredit reytingini O‘zbekiston ishlab chiqaruvchi tashkilotlari orasida TOP uchlikka kiruvchi kredit reytingida saqlab qoldi
18:27 / 28.05.2024
Rossiya O‘zbekistonda ikkita GAES qurmoqchi
15:30 / 25.12.2023
Xonobod mikro GeS foydalanishga topshirildi
16:00 / 19.10.2023