Sahroning chinakam mo‘jizasi: Qatar «kislorod park»iga sayohat
Qatarni mo‘jizaviy davlat deb atash mumkin. Sahro o‘rtasidagi kichik davlatda bunday chiroyli binolarni qurish, dunyoning eng zo‘r musobaqasini o‘tkazish katta ish. Ammo Qatarning haqiqiy mo‘jizasi uning binolari deyishga shoshilmang, Dohada shunday joy borki, u har qanday osmono‘par binodan ham mo‘jizaliroq.
Dohadagi «Education City» stadioni mundialni qabul qilayotgan arenalardan biri. Stadion xuddi shu nomli maydonda joylashgan. «Education City» – ta’lim shaharchasi Toshkentdagi talabalar shaharchasiga o‘xshagan joy: atrofda oliygohlar, talabalar dars qilishi uchun ochiq maydonlar va Qatar milliy kutubxonasi bor.
Bu talabalar shaharchasi Dohaning boshqa yerlariga qaraganda ancha bahavo, chunki atrofda juda ko‘p daraxtlar, yashil hududlar bor. Stadionga yetib borish ham oson: u metro bo‘yida joylashgan. Metro yurmaydigan tomondan esa tramvayda yetib olish mumkin. Ha, Qatarda tramvay ham yuradi.
Aynan tramvay orqali bir bekat nariga yursangiz, «Oxygen park» nomli ajoyib joyga ko‘z tushadi. Bekat nomi ham shunday. Xiyobonga kirishingiz bilan yuzingizga salqinlik uriladi va uning nomi bejiz «kislorod park» emasligiga amin bo‘lasiz.
Bog‘ maydoni 13 gektar bo‘lib, Qatar milliy kutubxonasi va «Education City» masjidi o‘rtasida joylashgan. Mashinada borsangiz, katta avtoturargoh bor. Oilaviy borish uchun juda qulay joy, shu sabab Dohaning boshqa yerlarida ko‘p ham uchrayvermaydigan mahalliy arablarni «kislorod park»da piknik qilib o‘tirgan holatda ko‘rish odatiy hol.
Atrofda bolalar o‘ynashi uchun futbol maydoniga o‘xshatib ajoyib chim yotqizilgan, uning sifati uncha-muncha maydonlarnikidan qolishmaydi. Sport bilan shug‘ullanish uchun bog‘da sharoit zo‘r: yugurish yo‘laklari, turli maydonlar, veloyo‘lak bor.
Futbol ko‘rishga mo‘ljallangan katta ekran ham o‘rnatilgan, yaqin o‘rtada bo‘lib, futbolni qayerda ko‘rish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, shu ochiq kinoteatrda mundial bahslarini tomosha qilish mumkin. Boshqa vaqtda bu hudud amfiteatr vazifasini ham bajaradi. Shuningdek, bog‘ hududida turli favvoralar, havo shari ko‘rinishidagi yoritkichlar, noodatiy shakldagi landshaftlarga ko‘z tushadi.
«Oxygen park» 2019 yilda ochilgan. Arab olamining eng boy fondlaridan bo‘lmish «Qatar Foundation» moliyalashtirgan ushbu loyiha ustida landshaft arxitekturasi bo‘yicha mutaxassislar Erik Berens va Jyeyms Heyg ishlagan.
Park qurilishida qoyalar orasidan shamol aylanib yurishi yoqimli shabada keltirib chiqarishi hisobga olingan. Shu sabab uning atrofi toshlar bilan baland qilib o‘ralgan. Shamol kiradigan joylar chiroyli bezalib, bir vaqtning o‘zida odamlar o‘tadigan joylarga aylantirilgan. Shamol aylanishi uchun devor-qoyalar qabariq qilib qurilgan. Arxitektorlarning bu ishlari chindan o‘z samarasini bergan, bog‘ tepasida uncha sezilmaydigan shabadani pastga tushgach yaqqol his qilasiz.
2019 yil dekabr oyidan boshlab dushanba kunlari kechqurun «kislorod park»ga faqat ayollar kiritilishi belgilab qo‘yilgan. Jahon chempionati vaqtida bu tartibga istisno qilib turiladi. Xuddi Qatardagi boshqa tartiblar bilan bo‘lgani kabi. Masalan, Doha metrosi vagonlariga «Standart» deb yozib qo‘yilganini ko‘rib ko‘pchilik hayron qolayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki odatiy vaqtda vagonlar «Oilaviy», «Ayollar uchun» kabi yozuvlar bilan tavsiflanadi. JCh vaqtida esa odam juda ko‘p, bu tartiblarni amalga oshirish imkonsiz.
Xullas, Qatarning eng chiroyli, tinch joylaridan birini o‘zi uchun kashf qilmoqchi bo‘lganlar, albatta «Oxygen park»ga borishi kerak.
O‘tkir Jalolxonov, Qatar.
Mavzuga oid
19:01 / 19.11.2024
Qatar Tashqi ishlar vazirligi HAMAS yetakchilari Dohada emasligini ma’lum qildi
22:56 / 15.11.2024
Hamas korpusi Qatardan ketadimi? Qaysi davlatga?
23:32 / 14.11.2024
JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston 90+12-daqiqada gol o‘tkazib, Qatarda mag‘lubiyatga uchradi
11:16 / 14.11.2024