Jahon | 08:41 / 01.12.2022
7398
2 daqiqa o‘qiladi

Kuleba: Ukraina diplomatik vakolatxonalarida xavfsizlikni kuchaytirish kerak

Ukrainaning Madriddagi elchixonasida ro‘y bergan portlashdan so‘ng Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba mamlakatning xorijdagi barcha vakolatxonalarida zudlik bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirishni buyurdi. 

Foto: AA

Kuleba Ispaniya rasmiylariga voqeani tekshirish iltimosi bilan murojaat qildi, deya bayonot berdi Ukraina TIV. 

Vazirning ta’kidlashicha, hujum ortida kim turgan bo‘lsa ham u ukrainalik diplomatlarni qo‘rqitolmaydi yoki Ukrainani mustahkamlash va Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha kundalik ishlarga aralasha olmaydi.

30 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 13:00 atrofida Ukrainaning Ispaniyadagi diplomatik muassasasi hududida portlash sodir bo‘ldi.

Ukraina elchisi Sergey Pogorelsev so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar unga portlovchi moddalar solingan paketni pochta orqali jo‘natgan. Biroq diplomatik muassasa xodimlari shubhali jo‘natmani ochmasdan, elchixonadan tashqariga olib chiqqan. Shunda paket portlab ketgan, uni olib chiqqan komendant qo‘lidan jarohatlangan.

Ispaniya huquq-tartibot idoralari xodimlari Ukraina elchixonasi hududidagi portlashni terrorchilik harakati sifatida baholamoqda.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba barcha elchixonalarda zudlik bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirishga ko‘rsatma berdi va Ispaniyani hujumni tergov qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

Ukraina diplomatlariga xavfli paketni kim yuborgani hozircha noma’lum.

Ispaniya Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi qurol bilan faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Sentyabr oyida Kiyev artilleriya tizimlari uchun o‘q-dorilar bilan jihozlangan beshta transport samolyoti, shuningdek, harbiylar uchun qishki kiyim-kechak ortilgan 20 ta yuk mashinasini olgan edi.

Mavzuga oid