Iqtisodiyot | 17:44 / 01.12.2022
26421
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasini qanday kamaytirmoqchi?

Foto: KUN.UZ

Dollarlashuv darajasining yuqoriligi Markaziy bankning narxlarni barqarorlashtirish uchun olib borayotgan pul-kredit siyosatining samaradorligini pasaytiradi. Shu jihatdan, aholining valuta kursi o‘zgarishiga nisbatan sezuvchanligi yuqori ekani inobatga olinib, banklar tomonidan jismoniy shaxslarga xorijiy valutada kreditlar ajratish qonunan taqiqlangan. Shuningdek, majburiy zaxiralash instrumentidan ham dollarlashuv darajasini qisqartirishda faol foydalanilmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki e’lon qilgan “Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024−2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” sharhida mamlakatdagi dollarlashuv darajasini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilishi kutilayotgan choralar haqida ham ma’lumot berilgan.

Qayd etilishicha, dollarlashuv darajasining yuqoriligi narxlarni barqarorlashtirish uchun olib borilayotgan pul-kredit siyosatining samaradorligini pasaytiradi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, banklar tomonidan jismoniy shaxslarga xorijiy valutada kreditlar ajratish qonunan taqiqlangan. Bundan tashqari, aholining valuta kursi o‘zgarishiga nisbatan sezuvchanligi yuqori ekanligi sababli ham ularga xorijiy valutada kreditlar taqdim etilmaydi.

Shuningdek, majburiy zaxiralash instrumentidan ham dollarlashuv darajasini qisqartirishda faol foydalanilmoqda. Bunda, banklar tomonidan xorijiy valutadagi depozitlari bo‘yicha shakllantiriladigan majburiy zaxiralarga 18 foizlik me’yor o‘rnatilgan. Shu bilan birga, majburiy zaxiralash bazasiga xorijiy kredit liniyalari va banklarning boshqa kreditorlik qarzlari kiritilmaganligi sababli ushbu instrumentning kreditlar va bank majburiyatlari dollarlashuvini qisqartirishga ta’siri nisbatan past bo‘lib qolmoqda.

“Inflyatsion targetlash rejimi chora-tadbirlari ta’sirida o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiya darajasi pasayishi bilan Markaziy bankning asosiy stavkasi ham mos ravishda pasaytirib boriladi. Natijada, iqtisodiyotda kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishi va uning ta’sirida kreditlar dollarlashuvining qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, banklarga valutaviy xatarlarni boshqarish orqali xorijiy valutada jalb qilingan resurslar hisobidan milliy valutada kreditlar ajratish imkonini beruvchi banklararo valuta fyucherslari bozori tashkil etilmoqda.

Bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaytirishda pul-kredit va makroprudensial siyosat instrumentlaridan muvofiqlikda foydalanish amaliyoti o‘rta muddatli istiqbolda dollarlashuv darajasining bosqichma-bosqich qisqarib borishiga va uning natijasida pul-kredit siyosati ta’sirchanligining oshishiga sharoit yaratadi”, - deyiladi MB sharhida. 

Avvalroq, Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov  majburiy rezervlarning 18 foizga ko‘tarilishi va milliy valutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkasining xorijiy valutadagiga qaraganda jozibadorligi tabiiy ravishda O‘zbekistonda dollarlashuv darajasini kamaytirib borishini ta’kidlab o‘tgandi.

Mavzuga oid