Jahon | 08:47 / 05.12.2022
7283
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya qo‘shinlarining bahorgacha kuchayish imkoniyatiga shubha qilyapti

Ukrainadagi jangovar harakatlar faolligi pasayib bormoqda va har ikki tomon ham bahorga borib tiklanadi, Ukraina buni muvaffaqiyatliroq amalga oshiradi, deb hisoblaydi AQSh razvedkasi.

Foto: Nanna Heitmann/The New York Times

Rossiya va Ukraina kuchlari sovuq ob-havo boshlanishi bilan janglarni sekinlashtirdi va bahorgacha qayta jihozlash, ta’minlash va qayta tiklash imkoniyatlarini qidirmoqda, deb xabar berdi AQSh Milliy razvedkasi. Shu bilan birga, razvedka Rossiya kuchlari mart oyida to‘qnashuvlarning qayta tiklanishiga yetarli darajada tayyor bo‘lishiga «shubha bilan qaraydi», dedi idora boshlig‘i Evril Xeyns 4 dekabr, yakshanba kuni.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi Rossiya qurolli kuchlarining muvaffaqiyatsizlikka uchragan harakatlaridan «hayron bo‘lgan». «Haqiqatan ham u (Putin) Rossiya harbiylari duch kelayotgan muammolardan tobora ko‘proq xabardor bo‘lib bormoqda, deb o‘ylayman», - dedi Xeyns.

Rossiya armiyasi Ukrainada o‘q-dorilarni Rossiya mudofaa sanoati ishlab chiqara oladiganidan ko‘ra tezroq ishlatmoqda, dedi Xeyns.

«Men sizga aniq raqamlarni ayta olmayman. Lekin Rossiya juda tez o‘q-dorilarni isrof qilmoqda. Ya’ni, bu juda g‘ayrioddiy. Bizning fikrimizcha, ular o‘zlari sarflagan narsalarini mustaqil ishlab chiqarishga qodir emaslar. Demak, bu qiyin vazifa bo‘ladi», dedi Xeyns.

Amerika razvedkasining fikricha, o‘q-dorilarni iste’mol qilishning bunday yuqori darajasi Kremlni Shimoliy Koreya va Erondan harbiy yordam so‘rashga majbur qilmoqda. Xeynsning so‘zlariga ko‘ra, KXDR tomonidan ko‘rsatiladigan yordam miqdori cheklangan, biroq razvedka buni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda. «Biz qandaydir harakatni ko‘rganimizni ko‘rsatdik, ammo bu bosqichda u kichik edi», dedi u. Noyabr oyida Pentagon Ukrainadagi urush paytida Rossiya kuniga 20 mingtagacha artilleriya o‘qlarini otganini da’vo qilgandi.

Mavzuga oid