O‘zbekiston | 22:57 / 07.12.2022
9702
13 daqiqa o‘qiladi

Travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limlariga murojaatlar soni ikki barobargacha ko‘paygan – Doniyor Alimov

Qish faslidagi sovuq ob-havo kommunal masalalar bilan birga aholi salomatligini saqlashda ham qator muammolarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa toyg‘anoqlar tufayli jarohatlar ko‘payadi. Shu bilan birga spirtli ichimliklar iste’moli ham oshadi. 2020 yilda 10318 nafar bemor o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolangan bo‘lsa, 2021 yil bu ko‘rsatkich 11154 nafarni, 2022 yilning 11 oyida esa 10488 nafarni tashkil etgan.

Foto: Depositphotos

Mavsumiy kasalliklar xarakteri va ulardan qanday himoyalanish bo‘yicha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov bilan suhbatlashdik.

–       Doniyor Anvarovich, ma’lumki qish mavsumida shifokorlar, ayniqsa shoshilinch tibbiy yordam xodimlariga ish ko‘payadi. Suhbatimiz boshida shu masalada umumiy tushuntirish bersangiz.

– Qish mavsumi davomida avvalo travmatologik kasalliklar, ya’ni jarohatlar soni sezilarli ko‘payadi. Ob-havoning keskin sovishi, shu jumladan qor yog‘ib yerlarning muzlashi natijasida yo‘l-transport hodisalari ayniqsa, yengil jarohatlar soni yilning qolgan mavsumlariga nisbatan 40 foizgacha ortishi kuzatiladi, bunday bemorlar travmatologik va neyroxirurgik ambulator yordamga muhtoj bo‘ladi. Misol tariqasida kunning issiq kunlariga nisbatan ayni bugungi kunlarda travmatologiya va neyroxirurgiya qabul bo‘limiga bir sutka davomida murojaatlar soni deyarli ikki barobar, ya’ni 70-80 tadan 130-140 taga ko‘paygani kuzatilmoqda. Bunday ko‘rsatkichlarning asosiy sabablari tahlil qilinganda murojaat qilgan bemorlarning jarohat sabablari maishiy va ko‘chada sirpanib yiqilish hisobiga shikastlar soni oshishi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Murojaat qilgan bemorlarning asosiy qismi kunning ikkinchi yarmida, aynan kechki payt kelishadi va ularni asosan yoshi ulug‘ fuqarolar va maktab yoshidagi bolalar tashkil qilmoqda.

Doniyor Alimov

– Shunday paytda aholi qanday ehtiyot choralarini ko‘rishi lozim?

– Yuqoridagilarni inobatga olgan holda aholimizga quyidagilarni tavsiya etamiz:

1.     Maktab yoshidagi bolalarga ota-onalari va o‘qituvchilari qish mavsumida qanday qilib jarohatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishlari shart;

2.     Yoshi ulug‘ bo‘lgan insonlar yer muzlagan paytda o‘ta ehtiyotkorlik bilan yoki kuzatuvchi yordamida harakatlanishlari lozim;

3.     Yo‘l harakatida avto-ulov yordamida harakatlanuvchi yurtdoshlarimiz va piyodalar yo‘l-transport xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, ayniqsa tezlikni oshirmasliklari zarur;

4.     Jarohat olgandan so‘ng yurtdoshlarimiz tez tibbiy yordam brigadasini jarohat olingan joyga chaqirishlari va brigada kuzatuvi ostida eng yaqin travmpunkt, poliklinika yoki maxsus tez yordam markaziga murojaat qilishlari lozim. O‘zboshimchalik bilan harakatlanish, jarohat olgan odamni har xil harakatlantirish mumkin emas.

–       Oldimizda bayramlar kutmoqda. Ayniqsa yangi yil kunlari shifokorlarga ish ko‘payadi. Bu bo‘yicha ham tavsiyalar berib o‘tsangiz.

– Sanoqli kunlardan keyin yurtimizga yangi yil kirib keladi. Bu bayramni oila davrasida, sog‘-salomat kutib olish har bir kishining orzusi. Qish faslining o‘zgacha kelishi, yon-atrofning qor bilan burkanishi o‘zgacha his-tuyg‘ularni baxsh etadi.

Lekin romantika o‘z yo‘li bilan, bunday kayfiyatni o‘z salomatligiga e’tiborsizlik qilib buzish holatlari ham juda ko‘p. Bu bayram kunlari toksikologiya bo‘limida ham ma’lum guruh bemorlar soni keskin ko‘payadi. Qish kelishi va yangi yil yaqinlashishi bilan fuqarolarimizda spirtli ichimliklar g‘amlab olish va ularni ko‘p miqdorda iste’mol qilish holatlari afsuski ko‘p uchraydi. Ayniqsa, bozor rastalarida va xonadonlarda sotilayotgan qo‘lbola ichimliklar, ya’ni qo‘shni davlatlardan olib kelingan texnik spirtlardan tayyorlangan spirtli ichimliklargayam duch kelish mumkin. Avvalo alkogoldan butkul voz kechish tavsiya qilinadi. Bordiyu iste’mol qilingan taqdirda ham bunday ichimliklarni faqat davlat tomonidan litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan maxsus do‘konlardan sotib olishni tavsiya etgan bular edik.

Yana shuni ta’kidlab aytmoqchimizki, yangi yil arafasida kafe, restoranlarda korporativ bazmlar va banketlar o‘tkazish odat tusiga kirib bo‘lgan. Bu kechalarda ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida ko‘chalarda hushdan ketgan bemorlarning tez yordam orqali RShTYoIMga olib kelinishi yildan yilga ko‘payyapti. Oxirgi uch yilda RShTYoIM va uning filiallarida 10 mingdan ortiq bemor alkogol va uning surrogatlaridan zaharlanib davolanishdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2020 yilda 10318 nafar bemor o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolangan bo‘lsa, 2021 yil bu ko‘rsatkich 11154 nafarni, 2022 yilning 11 oyida esa 10488 nafarni tashkil etgan.

Xullas, fuqarolarimizdan yangi yil arafasida va yangi yil kechasi spirtli ichimliklar xarid qilishda e’tiborli bo‘lishini, oshqozon ichak trakti kasalliklari, yurak va ruhiy xastaliklari bor kishilarga umuman spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslikni, sog‘lom kishilardan spirtli ichimliklarni iste’mol qilishda me’yor tushunchasiga amal qilishni tavsiya etamiz. Yana shuni eslatib o‘tmoqchimizki, och qoringa spirtli ichimliklar ichish uning organizmga bo‘lgan ziyonini yanada oshiradi. Ichkilik ichgandan keyin bo‘kib ovqat iste’mol qilish ham yomon oqibatlarga, ya’ni oshqozon osti bezi yallig‘lanishiga, o‘t tosh kasalligi qo‘zishiga olib kelishi mumkin. Ertasi kuni bosh og‘rishi, qaltirash va o‘zini lohas his etishi esa bu alkogol intoksikatsiyasi alomatlaridir. Bu noxushliklarni bartaraf etish uchun ko‘p miqdorda suyuqlik (ma’danli suvlar, ko‘k choy, sharbatlar) ichish tavsiya etiladi. Agar ko‘p qusish, ongning chalkashishi va qorinda yoki yurak sohasida uzluksiz og‘riq his etilsa, tez yordamga murojaat etish zarur.

– Yana bir jiddiy muammo – is gazi. Afsuski shuncha tushuntirishlarga qaramay deyarli har kuni yangiliklarda bu ofat tufayli vafot etganlar haqida o‘qiymiz.

– Bu biz shifokorlarni ham chuqur qayg‘uga soladigan masala. Kuz-qish kelishi, kunlar sovishi bilan is gazidan zaharlangan bemorlar murojaati soni ham ortib ketadi. Har yili shoshilinch yordam tizimiga 500 nafardan ortiq bemor is gazidan zaharlanish tashxisi bilan yotqiziladi, shulardan 1-2 foizida o‘lim holati yuz beradi.

Aholi ogohlantirilishiga qaramasdan is gazidan nafas olish natijasida zaharlanish va o‘limga olib borish holatlari sodir bo‘lmoqda. Uglerod oksididan zaharlanish jarayonini azaldan “nobud bo‘lib ketish” deb atashgan, shuning uchun ham bu gazning maishiy nomi “Is gazi” deb yuritiladi.

Is gazi juda ayyor, u hech qanaqa hidga ega emas. Holsizlanishni sezmaguningizcha gaz borligi to‘g‘risida fikr yuritib bo‘lmaydi, zaharlanish kuzatilishi uchun esa uning eng kam miqdori yetarli hisoblanadi. Shundan kelib chiqib uni “sezdirmasdan o‘ldiruvchi” deb nomlashadi. Is gazi barcha muhitlarda hosil bo‘lishi mumkin, hattoki gaz plita duxovkalarida ham. Is gazi hosil bo‘lishining asosiy sababi – yonish maydonida yetarli kislorod mavjud emasligi. Xullas, chala yonish vaqtida yoqilg‘ining to‘liq yonishi natijasida umuman zararsiz hisoblangan karbonat angidrid hosil bo‘lishi o‘rniga yuqorida eslab o‘tilgan is gazi paydo bo‘ladi.

Dunyo statistik ma’lumotlariga ko‘ra, is gazidan zaharlanish tufayli o‘lim ko‘rsatkichlari alkogoldan zaharlanish sababli o‘lim bilan solishtirilganda ikkinchi o‘rinni egallaydi, masalan AQShda 1 yilda o‘rtacha 400 nafarga yaqin odam is gazidan ehtiyotsizlik sababli nobud bo‘ladi. Respublikamizdagi vaziyat ham yaxshi emas, har yili o‘nlab odamlar vafot etishadi, yuzlab bemorlar toksikologiya yoki reanimatsion bo‘limlarga gospitalizatsiya qilinadi.

Bunday gazdan jabrlanganlarga birinchi yordam quyidagicha: Yordamni zudlik bilan ko‘rsatish zarur, sababi orqaga qaytmas o‘zgarishlar juda tez amalga oshishi mumkin. Birinchidan, jabrlanuvchini imkon qadar tezroq toza havoga olib chiqish kerak. Ikkinchidan, nafas olishni yengillashtirish – nafas yo‘llarini tozalash, ya’ni kiyimlarini yechish, tilning orqaga ketib qolishi oldini olish uchun jabrlanuvchini yonbosh qilib yotqizish zarur. Uchinchidan, nafasni stimullash kerak bo‘ladi. Ko‘krak qafasini artish, oyoq va qo‘llarni isitish ham amalga oshiriladi. Eng asosiysi – albatta tez tibbiy yordam chaqirish. Og‘ir daraja zaharlanish holatlarida jabrlanuvchiga reanimatsion chora-tadbirlar o‘tkaziladi – tibbiyot xodimlari kelguniga qadar og‘izdan og‘izga nafas, yurak yopiq massaji qilib turish mumkin.

Zaharlanishlarning oldini olish juda muhim!

Xavfsizlik qoidalariga rioya qilinganda ayanchli asoratlarni bartaraf etish mumkin: inshootlarda ishlatilayotgan isitish pechlari va toshlarining dudburon qopqoqlari, yorilgan joylari, o‘tkazuvchanligi va shamollatish tizimi sozligi o‘z vaqtida tekshirilishi shart. Eng asosiysi, isitish uchun qo‘lbola, sertifikatsiyadan o‘tmagan moslamalardan foydalanmaslik, gaz plitalari, nosoz gaz kolonkalarini inshootlarni isitish maqsadida ishlatmaslik zarur. Bino ichida biron-bir gaz hidi paydo bo‘lganda darhol gaz xizmatiga murojaat qilish kerak.

Ko‘pincha haydovchilar zaharlanishi mumkin – bu yopiq garajlarda avtomobillarni tuzatayotgan vaqtda, qish mavsumida haydovchilarni motori ishlab turgan avtomashina kabinasida uzoq qolib ketish holatlarida yuz beradi.

– Tajribangizda yana qanday mavsumga xos kasalliklar ko‘p kuzatilgan?

– Qish kunlarida, ayniqsa sovuqda ba’zilar ovqat tayyorlashga erinib konservalangan mahsulotlarni iste’mol qilishni ma’qul ko‘rishadi. Bunda  oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanish holatlaridan ehtiyot bo‘lish kerak.   Zaharlanishning sababi ko‘pincha eskirgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, baliq, uy konservalari va marinadlar bo‘ladi. Oziq-ovqat zaharlanishining belgilarini sanab o‘tamiz: qorin bo‘shlig‘ida spazmli og‘riq, ko‘ngil aynishi va qusish (ko‘pincha takrorlanadi), umumiy holsizlik va zaiflik. Bunday holatlarda shifokorga murojaat qilish lozim.

Oziq-ovqat zaharlanishining oldini olishda esa eng primitiv, ammo majburiy qoidalarga amal qilish yetarli bo‘ladi, ya’ni ovqatlanishdan oldin yoki ovqat tayyorlash paytida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qiling, qaynatilmagan suvni yoki shunga o‘xshash ifloslangan manbalarni ichmang, ovqatning hidi, tuzilishi, rangi va ta’miga e’tibor bering, mog‘orlagan ovqatdan xalos bo‘ling.

Bundan tashqari ob-havoning keskin sovishi tashqi stress omil sifatida qaralsa yurak qon tomir kasalliklari bilan og‘riydigan bemorlarda kasallikning xurujiga sabab bo‘ladi, nostabil stenokardiyaga va hatto miokard infarkti rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Sabab sovuq havo barcha tomirlar torayishiga turtki bo‘ladi. Issiq xonadan birdan sovuqqa chiqish yoki sovuqda uzoq muddat qolish oqibatida ko‘krak qafasida kuchli siquvchi yoki jizillatuvchi og‘riqlar paydo bo‘lishi — stenokardiya, infarktdan xabar beruvchi eng xavfli alomatdir. Shuningdek, oshqozon yoki bo‘yindagi shunga o‘xshash og‘riqlarga e’tibor berish kerak. Agar ushbu alomatni sezsangiz, kechiktirmasdan shifokorga murojaat qiling. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda yurak qon tomir kasalliklari bilan og‘ruvchi aholi vakillariga birdaniga sovuq havoga chiqib ketmaslikni, shifokor tomonidan buyurilgan dorilarini doimiy ravishda qabul qilishlarini tavsiya qilib qolamiz.

–       Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid