Jahon | 10:48 / 08.12.2022
4622
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya sudi "RJD" sobiq rahbari Yakuninning o‘g‘liga oqlov hukmi chiqardi

Yakunin Norvegiyada noqonuniy ravishda uchuvchisiz uchoqni uchirishda ayblangan, Rossiya fuqarolariga esa sanksiyalar ostida buni amalga oshirish taqiqlangan.

Foto: the insider

Norvegiyaning Tromsyo okrug sudi «Rossiya temir yo‘llari» sobiq rahbari Vladimir Yakuninning o‘g‘li - tadbirkor Andrey Yakuninni Shpitsbergen arxipelagida tasvirga olish uchun drondan foydalangani bo‘yicha ayblov yuzasidan oqladi. Bu haqda Elden advokatlik firmasi 7 dekabr, chorshanba kuni ma’lum qildi.

Norvegiyada oktyabr oyi o‘rtalarida Rossiya temiryo‘llari sobiq rahbari va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ishonchli shaxslaridan biri bo‘lgan Vladimir Yakuninning o‘g‘li Andrey Yakunin Shpitsbergen uzra noqonuniy ravishda uchuvchisiz uchoqni uchirgani uchun hibsga olindi. 

U Ukrainaga bostirib kirganlik uchun sanksiyalar doirasida Rossiya fuqarolariga dronlarni boshqarish bo‘yicha qo‘yilgan taqiqni buzganlikda ayblangan. Rossiya va Britaniya fuqaroligiga ega Yakunin dronni boshqarganini tan oldi.

Sud jarayonida tadbirkorning himoyasi taqiq ko‘ngilochar maqsadlarda foydalaniladigan kichik dronlarga taalluqli emasligini ta’kidladi. Advokatlar, shuningdek, Yakunin nafaqat Rossiya, balki Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lganligi sababli, uning ishiga boshqa ishlardan boshqacharoq munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidladi. Norvegiya ommaviy axborot vositalari Yakuninni oqlagan sud himoyaning qaysi vajlarini inobatga olganiga aniqlik kiritmagan.

Norvegiya prokuraturasi VG'ga sud qarori ustidan shikoyat qilishini aytdi. Yakuninning advokati, o‘z navbatida, hukmni «sog‘lom fikrning g‘alabasi» deb atadi, chunki qonunda, uning so‘zlariga ko‘ra, taqiqlanishi mumkin bo‘lgan uchuvchisiz uchoqlarning qat’iy belgilab qo‘yilgan ro‘yxati yo‘q.

Oktabr oyida 7 nafar rossiyalik Norvegiyada noqonuniy ravishda uchuvchisiz uchoqni uchirgani va noqonuniy suratga olish ishlarini amalga oshirgani uchun hibsga olindi. Bosh vazir Yonas Gar Styore Norvegiya aeroportlari yaqinida uchuvchisiz uchoqlar parvozi munosabati bilan «xorijiy razvedka idoralarining Norvegiya aeroportlari ustidan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishi»ni qabul qilib bo‘lmas deb atadi. «Ruslar Norvegiya uzra uchuvchisiz uchoqlarni uchirishga haqqi yo‘q», dedi u.

Mavzuga oid