Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sovuq ob-havo keyingi hafta boshigacha saqlanib turadi
Dekabr oyi boshidan O‘zbekiston bo‘yicha juda sovuq ob-havo kuzatilmoqda, bunday havo hafta davomida saqlanib turadi.
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, harorat anomaliyasi Shimoliy Yevrosiyo deyarli barcha hududlarini egallagan juda kuchli antitsiklon bilan bog‘liq.
Birinchi o‘n kunlik o‘rtasiga kelib, respublika markaziy hududlari bo‘yicha havo harorati kechalari 5-7 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 10 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 3-5 daraja sovuqqacha pasaydi.
Dekabr oyida juda sovuq ob-havo davrlari hududda avval ham kuzatilgan. Bunday qiymatlargacha harorat pasayishi bilan sovuq qisqa muddatli to‘lqinlari deyarli har yili qayd etiladi. 2-3 yil ichida taxminan 1 marta sezilarli darajadagi sovuqlar ham kuzatilgan. So‘nggi 25 yil ichida dekabr oyida harorat 10-15 daraja sovuqqacha pasayishi, ba’zi joylarda undan ham past bo‘lishi O‘zbekiston markaziy hududlarida 2002, 2003, 2006, 2007, 2010, 2012, 2014 yillarda qayd etilgan.
Bundan oldingi yillarda yanada ham kuchli sovuqlar kuzatilgan. Shunday qilib, Toshkentda 1920 yil dekabr oyi boshida termometr ustuni 20 daraja sovuqqacha tushgan. Toshkentda dekabr oyi mutlaq minimal harorati 29 daraja sovuqni tashkil etadi, harorat bunday qiymati 1930 yil 20 dekabr kuni kuzatilgan.
Eng qattiq sovuqlar respublika shimoliy hududlarida kuzatildi. Qoraqalpog‘istonda harorat kechalari 15-20 daraja sovuqqacha, ayrim shimoliy hududlarda esa 22-24 daraja sovuqqacha pasaydi. Bunday harorat dekabr uchun yangi rekordlarni o‘rnatmagani aytiladi. Respublika shimolida eng sovuq yillar dekabr oyida minimal harorat 27-30 daraja sovuqqacha pasaygan. Ayrim kechalarda harorat ba’zi joylarda ushbu sana uchun eng past qiymatlargacha pasaydi, ammo bu harorat rekordi emas.
Sovuq ob-havo keyingi hafta boshigacha saqlanib turadi. 9-12 dekabr kunlari respublika hududi katta qismida havo harorati kechalari 5-10 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuq, shimolda kechalari 17-22 daraja sovuq, 9-10 dekabrda ba’zi joylarda 24 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 4-9 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.
Ushbu kunlarda o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati shu davr iqlim me’yorlaridan 7-12 darajaga past bo‘ladi. Shunday qilib, me’yor 4 daraja iliq bo‘lganda, Toshkentda o‘rtacha kecha-kunduzlik harorat 6-8 daraja sovuqni tashkil etadi.